Sayt test holatida ishlamoqda!
23 Iyul, 2025   |   28 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:32
Quyosh
05:10
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:53
Xufton
21:23
Bismillah
23 Iyul, 2025, 28 Muharram, 1447
Maqolalar

«Oldimizda mintaqamizni nafaqat barqaror, balki farovon qilish uchun tarixiy imkoniyat turibdi»

02.04.2025   2998   23 min.
«Oldimizda mintaqamizni nafaqat barqaror, balki farovon qilish uchun tarixiy imkoniyat turibdi»

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning

Samarqanddagi «Markaziy Osiyo - Yevropa Ittifoqi» birinchi sammiti oldidan «Euronews»ga bergan intervyusi

 

– Keyingi yillarda dunyo shiddat bilan o‘zgarmoqda: geosiyosiy beqarorlik, iqtisodiy xatarlarning o‘sishi, iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolar – bularning barchasi xalqaro hamkorlikning yangi formatlarini taqozo etmoqda. 

Shu nuqtayi nazardan qaralganda, Samarqand shahridagi «Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» sammiti mintaqalarimiz o‘rtasidagi munosabatlarda burilish nuqtasi sifatida ko‘rinmoqda. Nima uchun aynan shu payt o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda?
 

– Mintaqalarimizni chuqur tarixiy ildizlar, bir-biriga mos manfaatlar va yaqin sheriklikka obyektiv intilish bog‘lab turadi. Bugungi kunda biz Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlikning qariyb o‘ttiz yillik samarali tajribaga asoslangan aniq kun tartibini shakllantirganmiz.

Bizning Yevropa Ittifoqi bilan sherikligimiz – bu ikki tomonlama harakat, undan ikkala tomon ham manfaat ko‘rishi lozim.

«Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi» formati – noyob hamkorlik platformasi bo‘lib, o‘lcham va institutsional qamrov jihatidan unga o‘xshashi mavjud emas. 27 davlatni, jumladan «Katta yettilik»ka a’zo uchta mamlakatni (Germaniya, Fransiya va Italiya) birlashtirgan Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo bilan mintaqalararo darajada tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan eng yirik integratsion tuzilma hisoblanadi. Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik iqtisodiyot va investitsiyadan tortib barqaror rivojlanish, xavfsizlik va raqamli transformatsiyagacha bo‘lgan sohalarning keng majmuasini qamrab oladi hamda uzoq muddatli strategik ustuvor yo‘nalishlarga asoslanadi.

Biz yevropalik hamkorlarimiz bilan muntazam uchrashib kelmoqdamiz. Mintaqamizga yetakchi davlatlar rahbarlarining tashriflari ancha faollashdi. O‘zbekiston Italiya, Vengriya va Fransiya bilan strategik sheriklik o‘rnatdi. Germaniya va Markaziy Osiyo mamlakatlari esa mintaqaviy strategik sheriklarga aylandi.

Bugun Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo va investitsiya aloqalarini izchil rivojlantirmoqda. Oxirgi yetti yilda Markaziy Osiyo mamlakatlarining YEI bilan savdo aylanmasi to‘rt barobar oshib, 54 milliard yevroni tashkil etdi.

Biz Yevropa biznesining O‘zbekiston va mintaqadagi boshqa mamlakatlar bilan savdo va investitsiyaviy hamkorlik qilish imkoniyatlariga qiziqishi kuchayib borayotganini mamnuniyat bilan kuzatmoqdamiz.

Mintaqamizda kuzatilayotgan ijobiy jarayonlar tufayli Markaziy Osiyo qudratli va yetakchi davlatlarning Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi yo‘llar tutashgan geosiyosiy chorrahadagi ishonchli hamkoriga aylantirmoqda. Bu «Markaziy Osiyo plyus» formatlarida o‘z ifodasini topmoqda. Ular ochiq muloqotni qo‘llab-quvvatlashga xizmat qilib, barcha tomonlarning o‘zaro manfaatli hamkorligi uchun qulay imkoniyat yaratmoqda.

Bunday sharoitda Samarqand sammitida Yevropa Ittifoqi va mintaqamiz davlatlari o‘rtasida strategik sheriklik yo‘lga qo‘yilishi mintaqalararo hamkorlik va o‘zaro bog‘liqlikning rivojlanishida yangi yo‘nalishlar ochadi.

 

– Sammitni o‘tkazish joyi sifatida Samarqand shahri tanlanishining sababi haqida batafsil so‘zlab bersangiz. Samarqand muloqot va imkoniyatlar nuqtayi nazaridan qanday ramziy ahamiyatga ega?

– Samarqand — asrlar davomida savdo, ilm-fan va diplomatiya markazi bo‘lib kelgan shahardir. Uning ulug‘vorligi turli madaniyatlar, xalqlar va g‘oyalarni birlashtira olganida. Bugun u yana Yevropa va Markaziy Osiyo zamonamizning asosiy muammolarini muhokama qilishi mumkin bo‘lgan muloqot maydoniga aylanmoqda.

Samarqand Markaziy, Janubiy Osiyo va Yaqin Sharq hududida istiqomat qilgan xalqlarning ko‘p asrlik xalqaro munosabatlari tarixida alohida o‘ringa ega. Olti asrdan ortiq vaqt ilgari ayni shu yerdan Movarounnahr hukmdori Amir Temur Yevropa monarxlari bilan erkin va xavfsiz savdoni ta’minlash maqsadida faol aloqalar o‘rnatgan edi.

Bugungi kunda Samarqand xalqaro hayotdagi o‘ziga xos o‘rnini tiklamoqda hamda mamlakatimizning tarixiy siyosiy va diplomatik merosini asrab-avaylab, uni yangi, yanada keng mazmun bilan boyitmoqda.

Tarixan shakllangan tushunchaga ko‘ra, Samarqanddan turib qaralganda, dunyo tarqoq emas, balki yaxlit va bo‘linmas bo‘lib ko‘rinadi. “Samarqand ruhi” degan noyob fenomenning mazmuni ham asli shunda mujassam bo‘lib, u xalqaro hamkorlikning prinsipial jihatdan yangi formatini shakllantirish uchun asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

– Keyingi yillarda mintaqada yuz bergan asosiy o‘zgarishlarni qanday tavsiflagan bo‘lardingiz, Markaziy Osiyo beshligida O‘zbekiston raisligi davrida qaysi ustuvor yo‘nalishlarga e’tibor qaratasiz?

– Avvalo, shuni alohida ta’kidlashni istardimki, Markaziy Osiyo O‘zbekiston tashqi siyosatining ustuvor yo‘nalishi hisoblanadi. Bu bir qator omillar bilan bog‘liq. Birinchidan, bugungi dunyo siyosati xaritasiga nazar tashlasak, qurolli nizolar, ziddiyatlar va zo‘ravonlik avj olayotgan holatlarning aksariyati aynan qo‘shni davlatlar o‘rtasida yuz berayotganini ko‘ramiz. Bu holat Yaqin Sharq, postsovet makoni, Janubiy Osiyo, Afrika va boshqa mintaqalar uchun ham xos.

Afsuski, Markaziy Osiyo ham bunday holatlardan mustasno bo‘lmagan. Turli davrlarda bu yerda qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lgan, chegara masalalari, suv-energetika muammolari, transport va aloqa sohasidagi murakkabliklar, xavfsizlikka oid tahdidlar vaziyatni og‘irlashtirgan. Bu esa uzoq davom eta olmasdi. Ixtiloflar kuchaydi, kelishmovchiliklar chuqurlashdi va yuzaga kelayotgan murakkab vaziyat mintaqaning xavfsizligiga jiddiy tahdid sola boshladi.

Biz ana shunday real holatni anglab yetib, strategik qaror qabul qildik: Markaziy Osiyoda konstruktiv, yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan va o‘zaro manfaatli munosabatlarni bosqichma-bosqich barpo etish. Bu yondashuvning zamirida o‘zaro ishonch va hurmat, umumiy manfaatlarni hisobga olish va tan olish yotadi.

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo tubdan o‘zgardi, yangi qiyofa kasb etdi — konstruktiv muloqot, ishonch va har tomonlama hamkorlik maydoniga aylandi. Bu esa mamlakatlarimiz yetakchilarining umumiy siyosiy irodasi tufayli amalga oshdi. Bugun biz bu jarayonning ortga qaytmasligi haqida ishonch bilan ayta olamiz.

2017 yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida O‘zbekiston Maslahat uchrashuvlarini o‘tkazish tashabbusi bilan chiqqanida, biz oddiy, biroq muhim g‘oyadan kelib chiqqan edik: agar biz o‘zaro ishonch va ochiq muloqotni o‘zimiz boshlamasak, hech qanday tashqi hamkorlar mintaqamizda tinchlik, barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlab berolmaydi. Bu jarayon o‘z samarasini ko‘rsatdi. Bugun eng murakkab masalalarni muzokaralar orqali hal etmoqdamiz, qo‘shma tashabbuslarni muvofiqlashtiryapmiz va oldinga dadil qadam tashlayapmiz.

Joriy yilda Toshkentda yettinchi Maslahat uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Bunday yig‘ilishlarda biz nafaqat kun tartibini muhokama qilyapmiz, fikr almashyapmiz, balki mintaqa qiyofasini o‘zgartiruvchi aniq qarorlarni qabul qilmoqdamiz. Yaqin oradagi yorqin misol — Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalasining uzil-kesil hal etilishi bo‘ldi. Bu — tomonlarning yillar davomidagi sa’y-harakatlari tufayli erishilgan muvaffaqiyatdir.

Savdo aloqalarini rag‘batlantirish uchun chegaraoldi savdo hududlari tashkil etilmoqda, qo‘shma investitsiya jamg‘armalari ishga tushirilyapti, yirik infratuzilma va sanoat loyihalari amalga oshirilmoqda.

Markaziy Osiyo global transport zanjirlarining muhim bo‘g‘iniga aylanmoqda. Biz Transkaspiy va Transafg‘on transport yo‘laklarini faol rivojlantiryapmiz — bu mamlakatlarimizning jahon bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Shu tarzda, Markaziy Osiyo endi tarixning chetida emas, balki o‘z strategik kun tartibini shakllantirayotgan, jadal rivojlanayotgan mintaqaga aylanmoqda. Siyosiy iroda, yuqori darajadagi o‘zaro ishonch va qo‘shma iqtisodiy tashabbuslar mintaqada barqaror rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar yaratdi.

Markaziy Osiyo beshligida O‘zbekistonning raisligi davrida biz quyidagi uchta ustuvor yo‘nalishga alohida e’tibor qaratamiz: mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, iqtisodiy integratsiyani chuqurlashtirish va ekologik barqarorlikni ta’minlash.

Oldimizda mintaqamizni nafaqat barqaror, balki farovon qilish uchun tarixiy imkoniyat turibdi. Ishonch bilan ayta olamanki, biz bu salohiyatni birgalikda ro‘yobga chiqarishga qodirmiz.

 

– O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan qanday islohotlar Yevropa Ittifoqi bilan iqtisodiy hamkorlikni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda va Markaziy Osiyo bilan aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish uchun YEI tomonidan qanday choralar ko‘rilishi mumkin?

– O‘zbekistonda izchillik bilan qulay biznes muhitini yaratmoqdamiz, bozor institutlarini rivojlantirmoqdamiz va investitsiyaviy muhitni yaxshilayapmiz. Muhim qadamlardan biri xorijiy investorlar uchun “yagona darcha” tizimi joriy etilgani, valyuta bozori liberallashtirilgani, biznes uchun soliq yuki kamaytirilgani bo‘ldi.

Natijada mamlakatimiz va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikda ijobiy sur’at kuzatilmoqda. 2024 yilda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 6,4 milliard dollarga yetdi, bu o‘tgan yilga nisbatan 5,2 foizga ko‘pdir. Mamlakatimizda Yevropa kapitali ishtirokidagi 1 mingdan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda, investitsiya loyihalari hajmi esa 30 milliard yevroga yetgan. Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning imzolanishi savdo-investitsiya aloqalarini yanada chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar ochishiga ishonamiz.

Biz YEI bozoriga yuqori sifatli, ekologik toza va Yevropa standartlariga javob beradigan mahsulotlarni ko‘proq yetkazib berishga tayyormiz. Bugungi kunda samarali transport-logistika yo‘laklarini rivojlantirish ahamiyati ortib bormoqda va Markaziy Osiyo Yevropa bilan Osiyo o‘rtasidagi shunchaki “ko‘prik” emas, balki global iqtisodiy jarayonlarning faol ishtirokchisiga aylanishi mumkin.

Shu ma’noda, biz Yevropa Ittifoqining “Global darvoza” strategiyasini mintaqadagi asosiy transport loyihalari bilan uyg‘unlashtirishni, Transkaspiy transport yo‘lagini ilgari surish bo‘yicha “Harakatlar rejasi”ni birgalikda ishlab chiqishni taklif etamiz. Bu investitsiyalar ortishi, infratuzilma rivoji va innovatsion texnologiyalarni joriy etishga yangi sur’at bag‘ishlaydi.

Iqtisodiy bog‘liqlikni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish uchun savdo tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, Markaziy Osiyo mahsulotlarining Yevropa bozoriga kirish imkoniyatini yaxshilash, texnik standartlar va sertifikatlarni uyg‘unlashtirish zarur. Shu bilan birga, infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, raqamli iqtisodiyot va innovatsion hamkorlikni rivojlantirish jarayoniga Yevropa biznesini faol jalb qilish muhim ahamiyatga ega.

Biz, shuningdek, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yevropa investitsiya banki va boshqa xalqaro moliya institutlari orqali moliyaviy ko‘mak mexanizmlarini faollashtirishni qo‘llab-quvvatlaymiz. Yevropalik hamkorlar ishtirokida kichik va o‘rta biznes rivoji uchun qulay sharoitlar yaratilishi mintaqa iqtisodiy barqarorligi va aholi farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

 

– Markaziy Osiyo — energiya resurslariga boy va qayta tiklanuvchi energetikani rivojlantirish uchun ulkan salohiyatga ega bo‘lgan kam sonli mintaqalardan biri hisoblanadi. Qayta tiklanuvchi manbalardan foydalanish bo‘yicha keyingi tendensiyalar hisobga olinsa, mintaqangiz Yevropaning energetik barqarorligini ta’minlashda qanday o‘rin tutishi mumkin?

– Markaziy Osiyo nafaqat energiya resurslarini barqaror yetkazib berishni ta’minlay oladigan, balki uglerodni qisqartirish bo‘yicha global jarayonga ham katta hissa qo‘sha oladigan ishonchli hamkorga aylanishi mumkin.

Markaziy Osiyo mamlakatlari ishtirokida amalga oshirilayotgan Kaspiy va Qora dengiz orqali Yevropaga “yashil strategik yo‘lak” barpo etish loyihasida hamkorlik uchun ulkan salohiyat mavjud. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi o‘zaro manfaatli energetik bog‘liqlikning mustahkam asosini yaratadi.

Qayta tiklanuvchi energetika sohasida hamkorlik qilish uchun muhim institutsional platforma sifatida Toza energetika bo‘yicha Markaziy Osiyo – YEI sherikligini tashkil etish mumkin. Bu vodorod va ammiak kabi “yashil” yoqilg‘i, shuningdek, bioyoqilg‘i ishlab chiqarish va qazilma yoqilg‘i o‘rniga ulardan keng foydalanish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkonini beradi.

Ayni paytda O‘zbekiston va mintaqadagi boshqa davlatlar qayta tiklanuvchi energetika salohiyatini faol kengaytirmoqda. “Yashil” energetika va iqlim sohasidagi loyihalarni amalga oshirish Markaziy Osiyoda “uglerod kreditlari” bozorini rivojlantirishga xizmat qiladi. Bu mexanizm korxonalarga ekologik toza texnologiyalarga investitsiyalar jalb qilish imkonini beradi, shuningdek, uglerod kvotalari savdosi sohasida xalqaro hamkorlik platformasiga aylanadi.

Masalan, faoliyat yuritayotgan 14 ta yangi quyosh va shamol elektr stansiyalariga qo‘shimcha ravishda umumiy quvvati 24 ming megavatt bo‘lgan 50 dan ortiq shunday loyihani amalga oshirish niyatimiz bor.

Yaqin besh yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazishni rejalashtirganmiz. Bu issiqxona gazlari chiqishini qariyb 16 million tonnaga qisqartirish imkonini beradi va O‘zbekiston Parij kelishuvi doirasida issiqxona gazlari chiqindisini 35 foizga kamaytirish bo‘yicha o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarning muddatidan oldin bajarilishiga imkon beradi.

Yana bir muhim yo‘nalish energetika tizimlarini modernizatsiya qilish bo‘lib, bu ularning samaradorligini oshiradi va uglerod izini kamaytirishga xizmat qiladi.

 

– Bo‘lajak sammitda xavfsizlik masalalari muhokama qilinishi istiqbollarini qanday baholaysiz? Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikning qaysi sohalari Siz uchun alohida ahamiyatga ega?

– Biz xalqaro munosabatlar tizimining chuqur transformatsiyasiga guvoh bo‘lyapmiz. Dunyoda shunday keng ko‘lamli o‘zgarishlar ro‘y bermoqdaki, ularning oqibatlarini hozircha aniq bashorat qilish mushkul.

Hududiy xavfsizlikni ta’minlash Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun har doim ustuvor yo‘nalish bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Shu sababli, 2023 yilda biz Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlari o‘rtasida bu sohadagi hamkorlikning yangi kun tartibini ekspertlar muhokamasiga olib chiqish vazifasini qo‘ydik.

Biz yaxshi tushunamizki, bizning mintaqamiz ham, Yevropa Ittifoqi ham xavfsizlik sohasida, jumladan, terrorizm, ekstremizm va transmilliy jinoyatchilikka, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurash masalalarida umumiy tahdid va xatarlarga duch kelmoqda.

Shu nuqtayi nazardan, Yevropa Ittifoqi bilan xavfsizlik sohasidagi hamkorlik o‘zaro munosabatlarimizning asosiy yo‘nalishlaridan biridir.

Bugungi voqeliklarni inobatga olgan holda, faqat mavjud dasturlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirish bilan cheklanib qolmay, kiberxavflar va ekstremizmga qarshi kurashishga qaratilgan yangi tashabbuslarni ishlab chiqish ham muhim deb hisoblaymiz.

 

– Afg‘oniston O‘zbekiston tashqi siyosatining muhim yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ko‘plab davlatlar muvaqqat hukumat bilan hamkorlik qilish hamda bu mamlakatni mintaqaviy va xalqaro hamkorlik jarayonlariga jalb etishdan o‘zini tiyib turgan bir paytda O‘zbekiston janubiy qo‘shnisi bilan faol aloqalarni davom ettirmoqda.

O‘zbekistonning Afg‘onistonga bunday yondashuvining sabablari nimada, bu masalada davlatlarimiz o‘rtasida  jadal hamkorlikni davom ettirish istiqbollari qanday? 

– O‘zbekistonning Afg‘onistonga nisbatan yondashuvi har doim pragmatik va uzoq muddatli strategik tamoyillarga asoslanib kelgan. Biz hech qachon qo‘shnimizdan yuz o‘girmaganmiz, u bilan aloqalarni uzmaganmiz. Biz qo‘shni davlatlar, jumladan, uning yaqin va eng muhim hamkori sifatida O‘zbekiston bilan konstruktiv hamkorlik qilmasdan Afg‘onistonni rivojlantirish imkonsiz, degan fikrga doim ishonib kelganmiz.

Shuni alohida ta’kidlash joizki, Afg‘onistonga nisbatan olib borayotgan siyosatimizni qo‘llab-quvvatlamaganlarning ko‘pchiligi bugun uning to‘g‘riligi, muqobili yo‘qligiga tan olishga majbur bo‘lishmoqda. Afg‘onistondagi avvalgi tuzum bir qator sabablarga ko‘ra hokimiyatni saqlab qololmasligiga amin edik. Bu sabablar qatorida avvalgi hokimiyatning mamlakat hududini to‘liq nazorat qilishga qobilsizligi, muxolifat bilan muloqotga tayyor bo‘lmagani, inklyuziv hukumatni shakllantirishga intilmagani va davlat boshqaruvining barcha darajalarida korrupsiya avj olganini keltirish mumkin.

Hozirgi rahbariyat Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga, o‘z resurslarini aeroportlar, ichki temir yo‘l tarmoqlari, suv-energetika infratuzilmasini rivojlantirishga va ko‘knor maydonlarini qisqartirishga yo‘naltirishga muvaffaq bo‘ldi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, “Tolibon” 2023 yilda giyohvand moddalar savdosini taqiqlaganidan so‘ng, Afg‘onistonda ko‘knor yetishtiriladigan yerlar 95 foizga kamaygan. Afg‘onistonda ko‘knordan xoli kelajak barpo etish maqsadida qishloq aholisiga yordam ko‘rsatilmoqda, qishloq xo‘jaligining muqobil yo‘nalishlari rivojlantirilyapti.

Bugungi sharoitda biz Afg‘onistonga strategik imkoniyatlar nuqtayi nazaridan qarash zarur deb bilamiz. Ushbu mamlakatni xalqaro iqtisodiy jarayonlarga jalb etish, xususan, uning hududida infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish juda muhim.

Shu ma’noda, biz Afg‘onistonga nafaqat mavjud inqirozdan chiqish, balki uzoq muddatli rivojlanish imkonini beradigan ijobiy kun tartibi va tashabbuslarni ilgari surish uchun Yevropa Ittifoqi va boshqa xalqaro hamkorlar bilan birgalikda ishlashga tayyormiz. Hozirda birinchi galdagi vazifa — Afg‘onistonga ta’lim sohasida yordam berishni davom ettirish, deb hisoblaymiz.

Ishonchim komil, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish va mamlakatni tiklash Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi davlatlarining umumiy manfaatlariga javob beradi.

 

– Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi qanday qilib iqlim xavflariga birgalikda qarshi turishi mumkin, bu sohadagi hamkorlik uchun qanday imkoniyatlar mavjud?

– Iqlim o‘zgarishi – bu endi inkor etib bo‘lmaydigan xatar. Markaziy Osiyo qurg‘oqchilik, muzliklar erishi va suv tanqisligi bilan yuzma-yuz kelayotgan bo‘lsa, Yevropa anomal issiqlik, yong‘inlar va ekotizimlar o‘zgarishi bilan to‘qnash kelmoqda.

Markaziy Osiyo iqlim o‘zgarishiga nisbatan eng sezgir hududlardan biri sifatida o‘z mas’uliyatini to‘liq anglaydi va Yevropa bilan uzoq muddatli yechimlar ustida hamkorlik qilishga tayyor.

Biz uchun so‘zsiz ustuvor yo‘nalish – bu Markaziy Osiyoda “yashil” kun tartibini ilgari surishdir.

Samarqand sammiti doirasida biz “yashil” rivojlanish bo‘yicha mintaqaviy konsepsiya loyihasini taqdim etishni rejalashtirganmiz. Unda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va “yashil” texnologiyalarni joriy etish sohasida samarali mintaqaviy hamkorlikning mustahkam asosini yaratish ko‘zda tutilgan.

Biz “YEI – Markaziy Osiyo yashil sherikligi” dasturini rivojlantirishni taklif etamiz. Uning doirasida qayta tiklanadigan energiya manbalari, ekotizimlarni tiklash va iqlimni raqamli monitoring qilish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtirishda kuchlarimizni birlashtirishimiz mumkin.

Suv resurslarini tejash sohasidagi sa’y-harakatlarni birlashtirish muhim deb hisoblaymiz.

Bu borada Yevropa Ittifoqi bilan irrigatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilishdan tortib muzliklarni birgalikda kuzatish va ilg‘or suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishgacha bo‘lgan yo‘nalishlarda hamkorlik uchun katta imkoniyatlarni ko‘ryapmiz.

YEI bilan hamkorlikni kengaytirishdan, xususan davlat-xususiy sheriklik sohasida Yevropa tajribasidan foydalanishdan umidimiz katta.

Ustuvor yo‘nalishlardan yana biri – ekotizimlar va bioxilma-xillikni tiklashdir.

Tanazzulga uchragan yerlarni, shu jumladan Orolbo‘yi hududini ko‘kalamzorlashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur – “Markaziy Osiyoning yashil belbog‘i” loyihasini allaqachon boshlaganmiz.

Bu borada Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik qilish uchun ulkan salohiyat mavjud.

Biz ekologik sohada ta’lim tizimini takomillashtirish va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazishga ham ustuvor e’tibor qaratyapmiz. O‘tgan yili mintaqamizda birinchi “Yashil” universitetni ochdik, bu ta’lim maskani qo‘shma tadqiqotlar o‘tkazish va innovatsiyalarni joriy etish uchun samarali maydon bo‘lib xizmat qilishi mumkin.

 

– Bo‘lajak oliy darajadagi uchrashuvdan nimalar kutyapsiz? Sammit yakunida qanday natijalarga erishilishini istardingiz?

– Bo‘lajak sammit haqiqatan ham tarixiy ahamiyat kasb etadi, chunki birinchi marta Markaziy Osiyoning beshta mamlakati va Yevropa Ittifoqi yetakchilari bir joyda to‘planadi.

Biz bu sammit Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirishda yangi sahifa bo‘lishini kutamiz. Keyingi yillarda hamkorligimiz sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Siyosiy muloqot yanada chuqurlashadi, hamkorligimizga yanada tizimli tus beradigan, uni uzoq muddatli maqsadlarga yo‘naltiradigan yangi mexanizmlar ishlab chiqiladi, deb umid qilamiz. Mintaqalararo hamkorlik, ayniqsa, iqtisodiyot, savdo, energetika va transport sohalaridagi hamkorlikni muhokama qilish sammit kun tartibidagi muhim masalalardan biri bo‘ladi.

Samarqand deklaratsiyasining imzolanishi sammitning asosiy natijalaridan biri bo‘lishi kerak. Bu hujjat tomonlarning strategik sheriklik o‘rnatishga bo‘lgan umumiy intilishini aks ettiradi. Deklaratsiya nafaqat erishilgan kelishuvlarni mustahkamlaydi, balki mintaqalarimiz o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish uchun asos yaratadi.

Biz investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma infratuzilma loyihalarini amalga oshirish, innovatsiyalar va raqamli yechimlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishishdan umidvormiz.

Albatta, ko‘plab savollarga sammit yakunida javob topiladi. Biroq hozirdan aytish mumkinki, bu uchrashuv Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo o‘rtasida barqaror, o‘zaro manfaatli sheriklikni barpo etish yo‘lidagi muhim qadamga aylanadi. Bu sheriklik umumiy manfaatlar, ishonch va birgalikdagi taraqqiyotga intilishga asoslangan bo‘ladi.

 

– Sizda Yevropa yetakchilari va fuqarolariga bitta muhim fikrni yetkazish imkoniyati bo‘lganda, nima degan bo‘lar edingiz?

– Bugungi imkoniyatdan foydalanib, yevropalik hamkorlarimizga murojaat qilmoqchiman.

Markaziy Osiyo muloqot va hamkorlikni kengaytirishga ochiq. Biz barqaror rivojlanish va xalqlarimizning farovonligini oshirishga xizmat qiladigan, o‘zaro manfaat va ishonchga asoslangan konstruktiv hamkorlik tarafdorimiz.

Biz Yevropa Ittifoqining mintaqa ochiqligini ta’minlash, uning ravnaqi va subyektligini mustahkamlashga qaratilgan intilishlarimizni qo‘llab-quvvatlayotganini yuksak qadrlaymiz. Ayniqsa, Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyoni barqaror va jadal rivojlanayotgan, barcha manfaatdor tomonlar bilan ochiq va teng huquqli sheriklikka tayyor bo‘lgan mintaqaga aylantirishdek maqsadimizda biz bilan hamfikr ekani juda muhimdir.

Bo‘lajak sammit munosabatlarimizda muhim bosqich bo‘ladi. Samarqanddagi uchrashuv natijalari hamkorligimizni yanada rivojlantirish uchun yangi istiqbollar ochishiga ishonamiz.

President.uz

Maqolalar
Boshqa maqolalar

Kitob ko‘p, nega kitobxon kam?

15.07.2025   7092   10 min.
Kitob ko‘p, nega kitobxon kam?

“Hozir kim ham kitob o‘qirdi?”. Bugungi kunda kitob mutolaasini unutgan odamlar jamiyat nomidan ana shu gapni gapirishga o‘rganib qolgan.

 Rostdan ham kitob o‘qishdan yuz o‘girdikmi yoki o‘qishga to‘siqlar bormi? Balki muammo o‘qimaslikda emas, mutolaa madaniyati va targ‘ibotning pasayganidadir?

 Odamlar kitob mutolaasi haqida qanday fikrda?

Bu haqda maqola yozishdan avval ijtimoiy tarmoqda va aholi o‘rtasida “Nega kitob o‘qishga odatlanmay qo‘ydik?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazdik.

So‘rovnoma natijasiga ko‘ra, ishtirokchilarning eng katta ulushi — 29 foizi “Muntazam kitob o‘qib boraman” javobini tanlagan. Bu yaxshi, ammo 26 foiz ishtirokchi kitob o‘qishga vaqti yo‘qligi, 25 foiz qatnashchi kitobdan ko‘ra telefon qulayligi, 2 foizi kitob o‘qish zerikarli ekanini bildirdi. 13 foiz respondentlar esa kitob o‘qishga sabri yetmasligini ta’kidladi. Shuningdek, ayrim fuqarolar erinchoq bo‘lib ketgani, kitob o‘qimaslikka turli bahonalar topilishi, qiziqarli kitoblar kamligi, audio va elektron kitoblar qulayligini qayd etdi.

Bundan tashqari, kuzatuvchilarning asosiy qismi ilgari metro va avtobuslarda ham kitob o‘qilishi, hozir esa nafaqat uyda, balki ovqatlanganda, yo‘lda yurganda, chorrahada, ishxonada, xullas, aksariyat hollarda eng ko‘p vaqtimiz telefonga tikilish bilan o‘tayotgani, ayniqsa, yoshlar telefondan bo‘shamasligini kam kitob o‘qilishining asosiy sababi sifatida aytishdi.

So‘rovnoma natijasidan ko‘rish mumkinki, jamiyatda kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqish saqlanib qolgan. Biroq ko‘pchilik vaqtini telefon, internet yoki boshqa texnologiya va yumushlarga sarflayotgani yomon. Bu kitob o‘qish madaniyatini shakllantirish zarurligi, qulay muhit yaratish va ommaviy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, shuningdek, mutolaa faqat shaxsiy istak emas, balki muhit va hayot tarziga bog‘liq ekanini anglatadi.

Kitobxonlikni rivojlantirishga berilayotgan e’tibor natija beryapti(mi)?

Ma’lumotlarga ko‘ra, eng taraqqiy etgan mamlakatlar emas, so‘nggi yillarda tez rivojlanayotgan davlatlar aholisi ko‘proq kitob o‘qir ekan. Xususan, hindistonliklar faqat qo‘shiq kuylaydi yoki kino ko‘radi, desak adashamiz. Ular dunyoda eng ko‘p kitob o‘qiydigan xalq. Hindlar haftasiga 10,7 soat vaqtini kitob o‘qishga sarflaydi. Umuman, eng ko‘p kitob o‘qiydigan davlatlar o‘ntaligiga e’tibor beradigan bo‘lsak, keyingi o‘rinlarda Tailand - haftasiga 9,4 soat, Xitoy - haftasiga 8 soat, Filippin - haftasiga 7,6 soat, Misr - 7,5 soat, Chexiya - 7,4 soat, Rossiya - 7,1 soat, Shvetsiya – haftasiga 6,9 soat, Fransiya - 6,9 soat, Vengriya aholisi esa haftasiga 6,8 soat kitob o‘qir ekan.

Xo‘sh, yurtmizda kitobxonlik madaniyatni shakllantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qanday samara beryapti?

Axborot oqimining tezlashishi va raqamlashuvning kengayishi natijasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish nafaqat ijtimoiy, balki ma’naviy taraqqiyot uchun ham muhim vazifaga aylanmoqda. Yurtimizda ham ushbu yo‘nalishda bir qancha qarorlar, farmonlar va dasturlar qabul qilinib, samarali ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, davlatimiz  rahbari tashabbusi bilan yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish maqsadida tashkil etilgan  “Yosh kitobxon” tanlovi orqali kitob o‘qiyotgan yoshlar sezilarli oshdi. Yoshlar ishlari agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi orqali qariyb 5 millionga yaqin yoshlar qamrab olingan. Kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan kitoblar ham “Yosh kitobxon” tanlovida e’lon qilingan 140 nomdagi adabiyotlar ekan. Bu o‘z o‘rnida kitob bozorida talab va taklifning ortishiga ham xizmat qilmoqda.

2017-2024 yillarda 280 nafar yoshlar “Yosh kitobxon” tanlovining respublika bosqichida ishtirok etgan bo‘lsa, shundan 20 nafari g‘oliblikni qo‘lga kiritib, Prezident sovg‘asi sovrindori bo‘lgan. E’tiborlisi, tanlovda g‘olib bo‘lgan 17 nafar qizning 7 nafari keyinchalik O‘zbekis­ton Prezidenti tomonidan davlat mukofotlari bilan taqdirlangan. Demak, kitob yoshlarning keyingi taqdiriga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, kitob o‘qib, ota-onasiga avtomobil sovg‘a qilayotgan yoshlar safi kengaymoqda. Misol uchun, o‘tgan yil ushbu tanlovning respublika bosqichida 10-14 yosh toifasida qirqdan ortiq badiiy-ommabop kitoblarni o‘qigan Jomboy tumanidagi 12-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Nargiza Muhammadiyeva birinchi o‘rinni egalladi. Unga Prezident sovg‘asi – “Cobalt” avtomashinasi sovg‘a qilindi.
 

Albatta, kitobxonlikni targ‘ib qilish ishlari shu bilan to‘xtab qolgani yo‘q.  Davlat dasturlari, mahalliy va xalqaro loyihalar orqali kitobga bo‘lgan qiziqishni oshirish, yosh avlodni ma’naviy jihatdan boyitish uchun keng ko‘lamli ishlar davom etmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasining “2020 — 2025 yillarda kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash milliy dasturini tasdiqlash to‘g‘risidagi qarori hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiya­sining asosiy maqsadlaridan biri yoshlar orasida kitobxonlikni rivojlantirish va targ‘ib qilish vazifasi sifatida belgilangani ham ushbu masalaga jiddiy e’tibor qaratilayotganini ko‘rsatadi.

Yoshlar kitob o‘qiyapti, siz ham o‘qing

Bugun yoshlarning kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishi kamaygandek tuyulsa-da, aslida ular turli xil formatlarda va platformalarda kitob o‘qiyapti. Yoshlarning kitob o‘qishga qiziqishi kamayganini ta’kidlashdan oldin, ularning kitob o‘qish uchun imkoniyatlarini va kitob o‘qishga odatlanmaslikka nima sabab bo‘layotganini e’tiborga olish lozim. Bu haqda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, filologiya fanlari doktori, professor Suyun Karimovning mulohazalarini keltiramiz.

- “Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”. Keyingi paytda bu gapni muntazam kitob mutolaa qiladiganlar ham, o‘qimaydiganlar ham aytadigan bo‘ldi, - deydi S.Karimov. - To‘g‘ri, xalqimiz ma’naviyati uchun kuyinib gapiradiganlar bor. Ammo men bu gapga qo‘shilmayman. Albatta, yoshlar doim kitob o‘qiyapti, deyishdan yiroqman, lekin ular kitob o‘qimay qo‘ygani yo‘q, o‘qiyapti. Elektron kitoblar, audiokitoblar va onlayn platformalar yoshlar uchun kitob o‘qishni osonlashtiryapti. Yoshlarni ko‘ryapmiz, xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lyapti, xorijdagi nufuzli universitetlarda tahsil olyapti, ixtirolar qilyapti, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘taryapti, davlat mukofotlariga sazovor bo‘lyapti. Agar yoshlar kitob o‘qimayotgan bo‘lsa, bunday natijalarga qanday erishyapti? Balki kimningdir farzandi kitob o‘qimayotgandir yoki tarbiyasi “buzilib” to‘g‘ri yo‘ldan adashgandir, lekin hammaning ham emas. Buning sababi bitta - oiladagi muhit va ota-onaning farzand tarbiyasidagi e’tiborsizligi.

Deylik, bir oilada 4 farzand tug‘ilib, voyaga yetdi. Ularning hammasini ham kitobga, ilmga qiziqtirish mushkul. Bittasi sportchi bo‘lishni xohlasa, boshqasi usta, shifokorlikni tanlaydi. Albatta, bu jarayonda bola, avvalo, ota-onasidan keyin yon-atrofidagilardan o‘rnak olib, o‘rganganlarini amaliyotda qo‘llaydi. O‘shanda biz, ota-onalar har bir ishning samarali va natijador bo‘lishi uchun farzandlarimizga o‘rnak bo‘lishimiz, ularda ijobiy taassurot qoldirib, ma’rifatga undashimiz kerak bo‘ladi.

Masalaning ikkinchi tomonini ham bor. Ba’zilar «Yoshlar kitob o‘qimay qo‘ydi”, deb ko‘pincha badiiy adabiyotni nazarda tutadi. Badiiy adabiyot ham axborot manbai. Ayni paytda, insonga badiiy-estetik zavq bag‘ishlovchi, ruhiyatiga ijobiy ta’sir o‘tkazuvchi noyob manba. Internet tarmoqlarida media olamning axborot ta’minoti g‘oyatda kuchayib ketgan, butun insoniyat undan foydalanishni afzal deb bilayotgan bir paytda yoshlarni kitob o‘qishga qiziqtirish oson ish emas. Faqat targ‘ibot-tashviqot bilan bu muddaoga erishib ham bo‘lmaydi. Badiiy kitob o‘qish ko‘ngil ishi, yosh qalbni tarbiyalash esa avvalo ota-onaning, keyin esa ustozlar va jamiyatning zimmasida bo‘ladi. Shunday ekan, o‘zgarishni har birimiz o‘zimizdan boshlaylik.

“Tirik kitob” nega tanqidga uchradi? Yoxud ma’naviyatli insonlarga ergashish kerak

Axborot texnologiyalari rivojlanib, elektron qurilmalar hayotimizning asosiy ajralmas qismiga aylanib qoldi va kitob mutolaasiga juda kam vaqt ajratadigan bo‘ldik. Ammo shunday insonlar borki, ular kitobning qadrini eslatib, jamiyatni ma’rifatga chorlamoqda. Ulardan biri ijtimoiy tarmoqlarda “Tirik kitob” nomi bilan mashhur bo‘lgan kitob sotuvchisi Xayrulla Asadov. U kitobga da’vat etuvchi chiqishlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi va ma’naviyat haqidagi nutqlari orqali minglab insonlarni, ayniqsa, yoshlarni ko‘proq kitob o‘qishga undamoqda.

Biroq u ham har bir ommaviy shaxs singari tanqidlarga duch keldi. Albatta, tanqidlar tabiiy hol, ayniqsa, jamoatchilik diqqat markazida bo‘lgan inson uchun. Xayrulla Asadov kitobga bo‘lgan muhabbatni keng ommaga yetkazishda zamonaviy, xalqona va ta’sirli usullarni qo‘llamoqda. U olim emas, ma’rifat yo‘lida fidoyilik qiluvchi shaxs. Ko‘pchilik uning qarashlarida ilmiy yondashuv va isbotlar yo‘qligini ta’kidlamoqda. Bu bir tomondan to‘g‘ri. Lekin u o‘z hayot tajribasi va o‘qigan kitoblari orqali xulosa chiqaryapti, misollar keltiryapti. Bu amaliyotga asoslangan, xalqqa yaqin uslub.

 

Ijtimoiy tarmoqlarda kitob sotuvchisi mashhur bo‘lish bilan birga, kitobni emas, o‘zini va faoliyatini targ‘ib qilayotgani haqida ham tanqidiy fikrlar bildirildi. Bugungi axborot texnologiyalari asrida raqamli to‘lqinda ajralib turish uchun har qanday shaxsning auditoriyaga mos vizual va muhokamabop formatda chiqishi talab etiladi. Chunki bu zamon talabi. Shuningdek, Xayrulla Asadovning shaxsi kitobga bo‘lgan sadoqat bilan tanilgan. Agar shaxs orqali kitobga muhabbat uyg‘onsa, bu  ma’rifat ulashishda eng samarali usul.”Tirik kitob” o‘zini emas, shaxsiy namunasi orqali kitobni hayot tarzi sifatida hamda kitoblarni shunchaki o‘qish emas, balki o‘qilgan g‘oyalarni hayotda tatbiq qilishni targ‘ib qilmoqda.

Albatta, tanqidlar rivojlanish va xolislik uchun kerak. Biroq kitob o‘qish, uni targ‘ib qilish, jamiyatni ma’rifatga yetaklovchi, ilmli insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularga ergashish va to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Zero, kitob inson ongini uyg‘otadi, ma’naviy dunyosiga nur olib kiradi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.