Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Iyul, 2025   |   13 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:15
Quyosh
04:58
Peshin
12:33
Asr
17:41
Shom
20:02
Xufton
21:37
Bismillah
08 Iyul, 2025, 13 Muharram, 1447
Maqolalar

Qo‘lingdan kelmasa, yaxshisi va’da berma

02.04.2025   3651   3 min.
Qo‘lingdan kelmasa, yaxshisi va’da berma

Bismillahir Rohmanir Rohiym

Yaxshilab e’tibor berilsa, g‘arbliklar va’dasida turish bobida bizdan ancha o‘zib ketishgan. Ular kelishilgan vaqtdan kech qolishmaydi. Bu  islomiy xulq-atvor bo‘lishiga qaramay, ularda bu sifatlarni uchratamiz. Alloh taolo: «(Ey Muhammad!) Kitobda Ismoil (qissasini) yod eting! Darhaqiqat, u va’dasida sodiq turuvchi Nabiy va Rasul edi»[1], deya Ismoil alayhissalomning va’dasiga vafo qiladigan payg‘ambar ekanliklarini maqtaydi.

Mufassirlar Ismoil alayhissalom haqlarida bir voqea­ni keltiradilar: «Ismoil alayhissalom bir kishi bilan ko‘rishadigan joyni belgilab va’dalashadilar. Ismoil alayhissalom kelishilgan joyga o‘z vaqtida yetib boradilar va o‘sha kuni kechasi bilan haligi odamni kutib o‘tiradilar. Ertasi kuni u kishi keladi. Ismoil alayhissalom unga: “Men seni kechadan beri kutib o‘tiribman, sen kelguningga qadar bu yerdan bir qadam ham siljiganim yo‘q!” – deydilar».

Namozning ham o‘qilishi kerak bo‘lgan o‘z vaqti bor, to‘g‘rimi?! Agar chegaralangan vaqtidan bir necha daqiqa ertaroq yoki kechroq o‘qisangiz, bu uchun savob berilmaydi. Nima uchun biz ibodatlarimizda diniy asoslarimizga rioya qilmaymiz, va’dalashilgan ishlarimizga to‘g‘ri yondashmaymiz. Mashhur adib Aliy Tantoviy rahimahulloh aytganlaridek, odamlar aytilgan vaqtdan kech qolganlarni hurmat qilishadi, o‘z vaqtida kelganlarni esa jazolashadi. Kech qolib keladiganlar yetib kelishgandagina dasturxonga taom tortishadi. Tadbirlar ham kechikkanlarning tashrifidan keyingina boshlanadi.

Shunday kech qolish holati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamga nisbatan ham sodir bo‘lgani hadislarda keladi. Jumladan,  Abdulloh ibn Abul Hamsodan rivoyat qilinadi: “Men Rasululloh bilan payg‘ambar bo‘lishlaridan avval savdo qilgan edim, oramizda ozgina oldi-berdi qolib ketgan edi. Men Rasulullohga u narsani kelishilgan joyga olib borib berishga va’da qilgan edim, yodimdan ko‘tarilibdi. Oradan uch kun o‘tgach esimga tushib qoldi, darhol o‘sha joyga bordim, qarasam Rasululloh o‘sha kelishilgan joyda ekanlar. Keyin menga: “Hoy yigit, meni qiynab qo‘yding-ku, men uch (kun)dan beri shu yerda turibman”, dedilar (Abu Dovud rivoyati).

E’tibor beringki, sahobiy kelishilgan vaqtdan bir necha daqiqa ham, qanchadir soat ham emas, naqd uch kun kech qolgan. Bugungi kun musulmonlari ham kelishuvga rioya qilsalar, belgilangan vaqtga yetib kelishga qattiq ahamiyat bersalar edi, o‘zlarining ham, boshqalarning ham oromini buzmagan bo‘lardilar. Har kimning o‘ziga yarasha ishi, vazifasi bo‘ladi. Siz aytilgan vaqtingizdan kech qolishingiz, kelishgan odamingizga nisbatan zulm bo‘ladi. Bunday qilish orqali ularning foydalarini yo‘qqa chiqarasiz,  “ahd”, “vafo” kabi tushunchalarning qadrsizlanishiga sabab bo‘lasiz.

 Hakimlardan biri aytadi: “Birovga va’da berib, ishontirib qo‘yma. Beradigan va’dangni bajarish qo‘lingdan kelmasa, yaxshisi va’da berma”.

 Biz zamonaviy aloqa vositalari asrida yashayapmiz. Kelishgan kishisini yoki do‘stini ko‘chada tik oyoqda kuttirib qo‘yishga biror uzr yo‘q. Agar o‘sha vaqtda boshqa muhim ishingiz chiqib qolsa, va’dalashgan kishingizga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni tushuntirishingiz mumkin, shundagina sizni uzrli hisoblasa bo‘ladi.

 Musanno ibn Horisa Shayboniy aytadilar: “Va’damga xilof qilganimdan ko‘ra, qaqrab o‘lganim yaxshi”.

 Shoir aytadi:                        

 Amalsiz, quruq so‘z erur befoyda,
 Yolg‘on bergan va’dangda yaxshilik qayda...

Hasson Shamsiy Poshoning “Jannat bo‘stonidagi oilaviy oqshomlar” nomli kitobidan
G‘iyosiddin Habibulloh, Ilhom Ohund, Abdulbosit Abdulvohid tarjimasi.


[1]  Maryam surasi, 55-oyat.

 

 

Maqolalar
Boshqa maqolalar

“Safarga ketdilar...”

04.07.2025   22286   2 min.
“Safarga ketdilar...”

Ayoli vafot etganidan keyin eri juda mayus bo‘lib qoldi. Bir kuni uning yaqin do‘sti uni koyidi:

– Haliyam uylanmadingmi?

– Yo‘q, – dedi u.

– Nega, nahotki boshqa ayollar ichida senga yoqadigani bo‘lmasa?

– Rahmatli ayolimga o‘xshagani topilmasa kerak...

– Qo‘ysang-chi, ayollarning bari bir-biriga o‘xshaydi-ku!..

– Men zohirini aytmayapman. Ichki olamini, botinini aytyapman.

Yigit hayron bo‘lib qarab turgan do‘stiga hayotida bo‘lgan birgina voqeani gapirib berdi:

“Bir kuni ayolim jahlimni chiqardi. Qattiq urishdim va uni ota uyiga haydadim. Jimgina ketdi. Oradan bir necha kun o‘tgach, qilgan ishimdan pushaymon bo‘ldim. Aslida ayb o‘zimdan o‘tganini angladim. Ming andisha bilan qaynotamnikiga bordim. Eshik oldida biroz turib qoldim. So‘ng eshikni taqillatdim. Ayolim ochdi va meni hayratda qoldirib, xuddi oramizda hech gap o‘tmaganday, baland ovozda:

– Assalomu alaykum dadajonisi, safaringiz yaxshi o‘tdimi? – deya tabassum bilan ko‘zini qisib qo‘ydi. Unga bir nimalar demoqchi bo‘lgan edim, u meni qattiq bag‘riga bosib, bunday dedi:

– Gapirmang, ota-onamga sizni “safarga ketdilar”, dedim...

Ana shunday fahmli, oqila edi ayolim. Shuning uchun ham unga hech birini o‘xshatolmay, uylanolmay yuribman, do‘stim”.

Ha, azizlar! Alloh taolo erkakni ayol uchun, ayolni erkak uchun ne’mat qilib bergan. To‘g‘ri, ba’zilar bir-birlarining kamchiliklaridan shikoyat qilib qolishadi. Ammo hech kim benuqson emas. Mukammal ayolni ham, erkakni ham axtarmang bu dunyoda. Hikoyada kelganidek, ba’zida er uchun bir jufti halol butun dunyodagi ayollardan afzal bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, ahli ayolimizni qadrlaylik. Zero, u ham kimningdir farzandi, bolalarimizning onasi. Eng muhimi, Allohning bizga bergan omonatidir.

Akbarshoh RASULOV