Abu Mansur Moturidiy hayoti davomida Samarqanddan chiqmay, shogirdlariga musulmon ilohiyotining sir-asrorlarini, xususan, hanafiy mazhabining asl mazmun-mohiyatini, ya’ni Abu Hanifa as’hobi e’tiqodini puxta mantiqiy asosda o‘rgatdi.
Abu Mansur Moturidiy dastlabki ma’lumotni o‘z otasi Muhammad ibn Mahmuddan, so‘ngra o‘sha davrdagi boshlang‘ich maktabdan oladi. Keyin u Samarqanddagi "Raboti g‘oziyon" masjidi qoshidagi madrasada tahsil olgan. U asosiy ilmini Samarqandda Abu Bakr Ahmad ibn Is'hoq, Abu Nosir Ahmad ibn Abbos ("Faqih Samarqandiy" nomi bilan mashhur), Nusayr ibn Yahyo Balxiy, Muhammad ibn Muqotil Roziy singari o‘z davrining peshqadam ulamolaridan olgan va keyinchalik ular bilan bir qatorda turib fiqh va kalomdan dars bergan.
Moturidiy butun kuch-g‘ayratini hanafiy mazhabining kalomiy ta’limoti taraqqiyoti yo‘lida sarflagan. Uning ta’limotida inson yaratilgan mavjudotlar ichida eng yuqori tabaqada turuvchi, Yaratguvchining mukarram bandasi sifatida talqin etilgan bo‘lib, insonning aql-idroki imkoniyatlariga alohida urg‘u berilgan. Taniqli islomshunos olim Ubaydulla Uvatovning ta’rifiga binoan, kalom ilmi "diniy aqidalar va ularning asoslarini aqliy dalillar va isbotlar asosida talqin qilib, ulardagi har qanday shubhali, bir tomonlama qarashlarga barham beradigan ilm"dir. Shu nuqtayi nazardan, Imom Moturidiy ham naqliy, ham aqliy dalillarga tayanib, xolis va mantiqan to‘g‘ri xulosalar chiqargan. Uning kalomiy yondoshuvi mutakallimlar ichida eng "oqilona-sivilizatsion" yondashuvdir, deb ta’riflangan. Chunki Moturidiy masalaga har taraflama, yetarli asos va dalillar bilan yondashib, e’tiqod qiluvchining qalbi va ishonchiga to‘g‘ri yo‘l topadigan, singadigan fikrlarni ilgari surgan. Ungacha kalomda faqat naqliy dalillarga suyanib xulosa chiqarish rasmi hukm surgan. Bu usul turli ziddiyatlarni bartaraf qilishga to‘liq yetarli bo‘lmagan.
Ayni borada uning inson mohiyati xususidagi qarashlari e’tiborga molik. Moturidiy o‘z ta’limotida insonning aqlli mavjudot ekaniga qat’iy urg‘u bergan holda, Qur’oni karimning inson to‘g‘risidagi oyatlariga muvofiq uning faoliyati ilohiy hikmatga doxilligi, chunki qayerda hikmat namoyon bo‘lar ekan, o‘sha yerda insonning aqli uni anglovchi sifatida zohir bo‘lishini qayd etgan. Bu konsepsiya hozirgi zamon kosmologiyasida ilgari surilgan "antrop tamoyili"ni eslatadi. Unga ko‘ra, insonning koinotdagi bugungi o‘rni, dastlabki singulyar holatdan portlash yo‘li bilan chiqayotgan paytidagi holati bilan chambarchas bog‘langandir. Agar u paytda (ya’ni olamning yaratilish paytida) portlash jarayoni o‘zgacharoq bo‘lganida edi, bugungi kunimiz ro‘yobga chiqmas edi. Hammasi, dastlabki portlash lahzasida hisobga olingan. Koinot shunday vujudga kelganki (yaratilganki), taraqqiyotining muayyan bosqichida (10–15 mlrd. yil o‘tgach) koinotni kuzatuvchi, o‘rganuvchi inson yaratilgan. Ya’ni inson shu yaratilgan go‘zallikdan bahra oluvchi, aql-idrokka, axloqqa ega (yaratilgan) mavjudoddir. Bu mavjudotning missiyasida mazkur olamni asrash vazifasi ham bor, ya’ni inson yaratilgan olam muvozanatini saqlashga mas’uldir.
Imom Moturidiy konsepsiyasida inson imonga ega bo‘lib turib xatoga yo‘l qo‘yishi, osiy bo‘lishi ham mumkin. Lekin bu holatda u dindan chiqmaydi. Uning qilgan gunohini kechirish yoki kechirmaslik esa Allohning ixtiyorida. Shu sababli, Moturidiy insonlarni aql-idrokka ega bo‘lib turib, ya’ni bilib turib, gunohkor bo‘lmaslikka chaqiradi. Har bir xatti-harakatingiz, taqdiringiz ilohiy kitobda belgilangan, ammo aql-idrokka tayanib, to‘g‘ri yo‘lni tanlash sizning ixtiyoringizda, deyilgan bu konsepsiyada.
Xullas, Moturidiy hanafiy mazhabi konsepsiyasiga mos keluvchi faol, aql-idrokli, islom ta’limoti talablariga bo‘ysunuvchi, odob-axloqli, imon-e’tiqodli, xatolarga ham yo‘l qo‘yuvchi, ammo ularni zinhor joiz demaydigan mo‘min inson konsepsiyasini ilgari surgan.
Bu konsepsiyaning asosiy tamoyillarini olimning «Kitob at-Tavhid» va «Ta’vilot al-Qur’on» nomli asarlaridan topishingiz mumkin.
Imom Moturidiy hanafiy mazhabi doirasida islomiy mo‘tadillik yo‘nalishini rivojlantirganligi uchun ham dunyo musulmonlarining ko‘pchiligi kalomning moturidiylik maktabiga ergashishadi. Bu talqin inson erkinligini himoya qiluvchi asosli konsepsiyadir. Moturidiy zamonasida klassik falsafiy mantiqqa oid mulohazalar tanqidiy tahlil qilingan bo‘lib, ilmda mantiqiy amallarga rioya qilishning zarurligi ta’kidlab ketilgan edi. Shu sababli ko‘pchilik olimlar o‘z ilmiy izlanishlarida mantiqiy amallarga jiddiy e’tibor qilishgan.
Jumladan, Imom Moturidiy ham o‘z inson konsepsiyasini asoslashda mantiqning sillogistik qoidalariga amal qiladi. Uning fikricha, olamda faqat qat’iy sabab-oqibat ketma-ketligi ro‘y bermasdan, tasodiflar ham bo‘lishini tan olish kerak. Insonning “tasodiflar tufayli sodir qilgan xatolari taftish qilinadi, ataylab sodir qilingan xato esa jazoga loyiqdir”. Allomaning keyingi davrlarda ijod qilgan shogirdlari uning mantiqiy salohiyatiga yuksak baho berishgan. Mantiqiy xulosa chiqarishda fikrning to‘g‘riligini tasdiqlovchi yetarli darajada asosli dalillar bo‘lsagina xulosaning chinligiga ishonish mumkin, deb hisoblaydi alloma. Bunday mantiqiy xulosa chiqarish qoidasi logika fanida “yetarli asos qonuni”ning G.V.Leybnis (1646-1716) tomonidan asoslab berilishidan qariyb sakkiz asr ilgari Imom Moturidiy tomonidan ham ilgari surilgani hayratlanarli va alohida e’tiborga loyiqdir. Bu mulohazalar Moturidiyning inson mohiyati haqidagi konsepsiyasi hozirgi zamon ilmiy metodologiyasi asosida yanada chuqurroq o‘rganilishi, tahlil etilishi lozimligini ko‘rsatadi. Joriy yilda buyuk alloma Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Imom Moturidiy merosiga yana bir bor teran ilmiy nazar tashlash imkoniyati yuzaga keladi.
B.Turayev, falsafa fanlari doktori, professor,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Bugun, 25 iyun kuni Indoneziya haj va umra asossiatsiyalarining doktor Muslim Iskandar boshchiligidagi vakillari O‘zbekiston musulmonlari idorasida bo‘lishdi. Mehmonlar bilan diniy idora raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov uchrashuv o‘tkazdi.
Sakkiz nafar delegatsiya a’zolari: Doktor Muslim Iskandar, Asip Bisma Supriatna, Zaid Muslim Iskandar, Mustain Xattob, Muhammad Atsir Abdulaziz, Jannatul Ma’vo, Muhammad Iqbol hamda Hilman Parifiy birma-bir o‘zlarini tanishtirib, “Umra +” loyihasini o‘rganish maqsadida 3400 ta turfirma nomidan vakil bo‘lib kelishganini bildirishdi.
Uchrashuv avvalida Homidjon domla mehmonlarni tashrif bilan qutlab, kelganlari uchun minnatdorlik bildirdi. So‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy, turizm va boshqa sohalarda bo‘layotgan yangilanishlar haqida aytib o‘tdi. Xususan, 2017 yilda tamal toshi qo‘yilgan Islom sivilaziyasi markazi, qayta bunyod etilayotgan Imom Buxoriy majmuasi, Hazrati Imom dahasida olib borilayotgan bunyodkorlik ishlariga to‘xtaldi.
O‘z navbatida delegatsiya rahbari Muslim Iskandar ularga bu taklifni bildirgan “Real Dreams” sayyohlik firmasidan minnatdor ekanliklarini aytib, O‘zbekiston haqida juda ham ijobiy taassurotlarda ekanini ta’kidladi. Birgina Toshkent shahridagi o‘rganishlari natijasida O‘zbekistonda ziyorat turizmi sohasi istiqbolli ekani, hali Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadim va navqiron shaharlarni ham borib ko‘rishlarini, lekin hozirdanoq “Umra +” loyihasi juda istiqbolli ekaniga amin bo‘lganini bayon etdi.
Delegatsiya a’zosi, “Kasturi” birlashmasi rahbari Muhammad Atir 2017 yilda ham O‘zbekistonga kelganini, o‘sha payt bilan oradan o‘tgan qisqa vaqtdagi ulkan o‘zgarishlardan hayratda ekanini aytib, bu ishlar yurtning allamolariga, ilmiy-ma’rifiy merosga bo‘lgan e’tiboridan darak ekaniga urg‘u berib o‘tdi.
Shuningdek, delegatsiyaning boshqa a’zolari – Indoneziyaning “Amphuri”, “Hagatama”, “NRA Group Ltd.” “Jannatul Ma’wah”, “Himpuh” kabi minglab turfirmalarni birlashtirgan asossiatsiyalari rahbarlari ham musulmon sayyohlar e’tibori va oqimini O‘zbekistonga bemalol yo‘naltirish mumkinligini, bu xayrli ish ikki davlat uchun ham har tomonlama manfaat keltirishini ta’kidlashdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati