Bugun, 2 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida diniy sohada faoliyat yuritayotgan matbuot va axborot xizmati xodimlari uchun o‘quv seminari o‘tkazildi. Unda O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Qoraqalpog‘iston qoziyoti, viloyatlar va Toshkent shahar vakilliklari matbuot kotiblari va axborot xizmati xodimlari ishtirok etdi.
An’anaga muvofiq, tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Dastlab O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov seminar ishtirokchilariga xayrli tilaklar bildirdi. Shuningdek, bugungi axborot va texnologiyalar zamonida diniy soha faoliyatiga oid materiallarni ommaga taqdim etish, noxolis axborotlardan ogohlantirish nihoyatda muhim ekani, bu esa sohada ishlayotgan matbuot kotiblari va mutaxassislar zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi, shu bois ular o‘zining doimiy malakasini oshirib borishi zarurligi, bunda o‘quv seminarlarning alohida o‘rni borligini ta’kidladi.
Shundan so‘ng to‘g‘ridan to‘g‘ri va masofaviy shaklda o‘tgan o‘quv seminar tinglovchilari Filologiya fanlari doktori Beruniy Alimov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bosh mutaxassisi Yahyobek Hayitaliyev, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tayanch doktoranti Orif Tolib kabi soha mutaxassislarining darslarini tingladi.
O‘quv-seminar davomida “Internet tarmog‘ida tarqalayotgan yot g‘oyalarning tahlili: muammo va yechimlar”, “Diniy soha xodimlarining OAV va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlari tartibi bo‘yicha tavsiyalar”, “Zamonaviy axborot texnologiyalarda matnli materiallarni tarqatish usullari” kabi mavzularda bir-biridan qiziqarli mashg‘ulotlar olib borildi.
Har bir dars yakunida tinglovchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob olishdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.