Barchaga ayonki, adabiyot din emas, din ham adabiyot emas. Lekin musulmon xalqlari adabiyotini dindan ayri tasavvur qilib bo‘lmaydi.
Islom ta’limoti o‘tmishda so‘z san’ati uchun ma’naviy asos edi. Buni barcha mumtoz shoir-u adiblarimiz, xususan, Alisher Navoiy ijodi ham yaqqol isbotlab turibdi.
Davrning o‘zi Navoiyga islomning targ‘ibotchisi bo‘lish vazifasini yuklagan edi, desak, xato bo‘lmas. Shoir "Siroj ul-muslimin" ("Musulmonlar chirog‘i") asarining yozilishiga turtki bo‘lgan ba’zi bir sabablarni aytib o‘tadi.
Temuriy hukmdor Husayn Mirzoning yaqinlaridan bir nuktadon kishi: "Navoiy she’rlarida oshiqlig-u mayparastlikni bisyor kuylab, islom-u din uyiga ko‘p g‘avg‘o soldi-da", qabilida fikr bildiradi. Albatta, Navoiy asarlarida may ramziy timsol, ishq esa Allohga oshiqlik ekani ayon. Biroq endi shoir din uyini obod aylaydigan, ya’ni islom asoslarini tushuntirib beradigan bir asar yozishni ko‘ngliga tugadi.
Ammo goh u, goh bu tashvish bilan bo‘lib, orzulagani bu asarni bitishga hech fursat topolmaydi. Yillar o‘tib, shoir oltmishga yaqinlashgan bir mahalda Samarqanddan Hirotga bir mo‘tabar zot tashrif buyuradi.
Navoiy ham uning ziyoratiga boradi. Mehmon Navoiyga o‘zining piri bo‘lmish Xoja Ahror Ubaydulloh Valiyning yillar burun u haqda aytgan: "Alisherbek ko‘p yaxshi nazmlar bitdi, lekin bevosita din targ‘ibiga oid bir asar yozish ham undan lozim edi", degan omonat gapini yetkazadi.
Allaqachon bu dunyoni tark etib ketgan ulug‘ pirning bu tilaklari shoirga ruh baxsh etadi. U o‘sha zahotiyoq "Siroj ul-muslimin"ni yozish uchun qalam yo‘nadi…
"Siroj ul-muslimin"da ro‘za haqida maxsus ikki fasl bor. "Islomning to‘rtunchi ruknikim, ro‘zadur, sharh etmak" deb atalgan faslda ro‘zaning tartib-qoidalari bayon qilingan. Masalan, onaga bolasi uchun non chaynash ravo ekani aytiladi.
Yana "Favt bo‘lg‘an (ya’ni buzilgan – S. O.) ro‘za evazi va kafforati" faslida ro‘zani buzib qo‘yish "ayb"i yetmish miskinga taom tortish yo oltmish kun ro‘za tutib berish yoxud Tangri yo‘lida bir bandani ozod qilish bilan yuviladi, deyilgan.
Bu Navoiyning sof diniy ruhdagi asarida keltirilgan ro‘za ta’rifidir. Garchi shoirning badiiy asarlarida, eslatib o‘tilganidek, ishq va uning ramziy timsoli sanalmish may ko‘proq kuylangan bo‘lsa-da, goh to‘g‘ridan to‘g‘ri, gohida esa vosita bilan islom qoidalari, jumladan, ro‘za targ‘ibiga ham duch kelamiz.
Bu xususiyat "Xamsa"da ham uchraydi.
"Hayrat ul-abror"ning ikkinchi maqolati ayni shu islom arkoni, ya’ni besh farz – iymon, namoz, zakot, ro‘za va haj haqida.
Albatta, bir yilda bir oy ro‘za tutish – avvalo, me’dani bo‘sh qo‘yish:
Me’dani xoliliq ila qil to‘lo,
Necha xalo anda safodin malo.
Lekin, shoir nazdida, ro‘za faqat jism masalasigina emas. Uning uch sharti bor.
Birinchisi, sahardan to kun botgunga qadar yeb-ichmoqdan tiyilish.
Ikkinchisi, badandagi har bir a’zoga shariat yo‘li bilan ro‘za buyurish:
Soyiri a’zog‘a xalal yetmamak,
Shar’ xilofig‘a shuru’ etmamak.
Har biri o‘z shug‘lig‘a zohid bo‘lub,
Man’i xilof ichra mujohid bo‘lub.
Bormag‘ay-u ko‘rmagay-u tutmag‘ay,
Aytmagay, eshitmagay-u yutmag‘ay.
Uchinchisi, ko‘ngilni pok tutish:
Lekin uchunchisi budurkim, ko‘ngul,
Chunki erur mahbiti anvori kull.
Pok-u ravonbaxsh havosi aning,
Jilvagahi fayz fazosi aning.
Chunki ko‘ngil – ilohiy sirlar xazinasi, shohiy chehra, ya’ni Alloh jamolini aks ettiruvchi oyina hisoblanadi:
Maxzani asrori ilohiy ham – ul,
Oyinayi chehrayi shohiy ham – ul.
Shuning uchun bu ko‘zguni turli xayollar zangidan tozalash, shunday asrash kerakki, unda faqat do‘st, ya’ni Allohgina aks etsin, undan boshqa narsaning naqshi ko‘rinmasin:
Daf’ qilib zangi xayolotni,
Asramoq ul nav’ bu mir’otni,
Kim anga juz do‘st zuhur etmagay,
Balki aning g‘ayri xutur etmagay.
"Farhod va Shirin"ning Sulton Husayn Mirzoning o‘g‘li Abulfavoris Shohg‘arib Bahodirga pand-u nasihat tarzida bitilgan 53-bobida shoh bo‘lish uchun ilm egallash ta’kidlanadi. Navoiy nazdida, shoh har qanday ilmni o‘rganishi kerak. Biroq din ilmiga kelganda, uni asosiy manzil aylasin. Chunki bu – asl ilm:
Guzar qil har necha ilm o‘lsa hosil,
Chu din ilmig‘a yetsang, ayla manzil.
Shah uldurkim, shiori ilmi dindur,
Nedinkim ilmi din ilm ul-yaqindur.
Din ilmini egallaganingdan keyin, boshqa fanlarni xoh o‘rgan, xoh o‘rganma, deydi Navoiy. Lekin, deb davom etadi shoir, tib ilmining ham kishiga kerak joyi ko‘p:
Va lekin tibbu hikmat ham erur xo‘b
Ki sihhatdur kishi jismida matlub.
Axir tani sog‘ bo‘lmasa, to‘shakdan bosh ko‘tarmasa, bu odam Tangri amrlarini qanday qilib ado etsin, nechuk ro‘za tutsin, ne yanglig‘ sajdaga bosh egsin? Yoxud og‘ziga paxta bilan suv tomizib turilgan bo‘lsa, u odam qanday qilib ro‘za tutsin:
Qay-u jismeki oning sihhati yo‘q,
Qilurg‘a Tengri amrin quvvati yo‘q.
Birovkim paxta birla su(v)ni yutqay,
O‘zung dekim, ne yanglig‘ ro‘za tutqay?!
Netib qilg‘ay safodin sajdaye fosh,
To‘shakdin ulki olmas lahzaye bosh.
Bobokalonimiz chahoryorlardan biri – Muhammad alayhissalomning kuyovlari bo‘lmish hazrati Alining hikmatli so‘zlari jamlangan nasriy "Nasr ul-laoliy" kitobidan she’rga solib tarjima qilgan "Nazm ul-javohir" to‘plamidagi ruboiylarida ro‘za bilan bevosita yo bilvosita bog‘liq ko‘p va xo‘b nasihatlar bayon etadi.
Hazrati Ali va Navoiylar nazdida, qorin – hamisha kishiga dushman, u bilan do‘st bo‘lmaslik kerak:
Har kimgaki ko‘p taom yemak fandur,
Bilgilki, najosatqa tani maskandur.
Qorning bila do‘st bo‘lmasang ahsandur,
Nevchunki, er o‘g‘lig‘a qorin dushmandur.
Gap shundaki, to‘qlikning ma’naviy ziyoni bor. U kishi ko‘nglini qattiq qiladi:
Ko‘p to‘ma yer el arosidin ixroj o‘l,
Savm ahli aro bosh qo‘y-u sohibtoj o‘l.
Kim qalbi raqiq erur, anga muhtoj o‘l,
To‘qluq chu ko‘ngulni qatiq aylar, och o‘l.
Ko‘p ovqat yegandan keyin kishining lohas, demakki, beparvo bo‘lishini zamonaviy tibbiyot ilmi ham tasdiqlaydi. Chunki bunda tananing butun kuchi ovqatni hazm qilishga ketadi. Qorin to‘q mahali kuchli jismoniy mehnat qilish ham, jiddiy aqliy faoliyat ham qiyin kechadi. Butun diqqati me’daning ishlashiga qaratilgan tana miyaga yetarli miqdorda ozuqa, ya’ni qon yetkazib berolmaydi. Lohaslik – ana shundan.
Beparvolig-u befarqlik esa ko‘ngli qattiqlikning o‘zginasi. Shuning uchun ham Alloh yiliga bir oy ro‘za buyurgan. Ota-bobolarimiz buning qadrini baland tutgan. Ro‘zadan ruhga soflik, badanga esa salomatlik kelishi aniq:
Doim tut o‘zungga ro‘zaning mehnatini,
Kim ruhqa yetkurur safo davlatini,
Sihhat tilasang, qilg‘il aning niyatini,
Kim ro‘zada qo‘ydilar badan sihhatini.
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari doktori
Bugungi jamiyatimizda odob-axloq jihatidan oqsoqliklar ko‘zga tashlanmoqda. Salom berish, yordamga muhtojlarni ko‘rganda ko‘maklashish, o‘zidan kattalarga hurmat ko‘rsatish kabi qadriyatlar kamayib borayotganini hech kim inkor qilmasa kerak. Holbuki, har bir ota-ona farzandining ilmli, solih va yetuk inson bo‘lib kamol topganini ko‘rishni orzu qiladi. Biroq “holva” degan bilan og‘iz shirin bo‘lmaydi. Ya’ni quruq orzu-havasning o‘zi kifoya qilmaydi. Balki doimiy va tartibli ta’lim-tarbiya ishiga kirishish lozim bo‘ladi. Bu borada jamiyatdagi insonlarni uch toifaga bo‘lish mumkin:
1. O‘zi ham amal qilib, farzandini ham ezgulikka yetaklaydiganlar. Bu tutum dunyo va oxirat saodatini ko‘zlagan mo‘minning yo‘li. Tarbiyada eng samarali omil ota-onaning shaxsiy namunasidir. Bolaga, avvalo, Allohni tanitish va solih amallar bilan o‘rnak bo‘lish lozim. Qur’oni karimda ta’kidlanganidek, iymon keltirib, ezgu amal qilganlarga dunyoda pokiza hayot, oxiratda esa abadiy jannat bashorati berilgan (Nahl surasi, 97-oyat).
2. O‘zi amal qilmay, farzandi tarbiyasiga mol-dunyo sarflaydiganlar. Unutmang, pul hamma narsani hal qilmaydi. Ota-onaning o‘zi diniy va axloqiy majburiyatlarni bajarmasa, pand-nasihatlari farzandga ta’sir qilmaydi. Oilaviy muhitda ota ta’minotga, ona tarbiyaga mas’ul bo‘lib, o‘zaro hurmat va hamjihatlik bo‘lishi shart.
Shuningdek, ota-onalarning behuda ishlar, masalan, telefonga ko‘p bog‘lanib qolishi tarbiyadagi eng katta bo‘shliqni yuzaga keltiradi. Farzand kamoloti uchun uning vaqtini to‘g‘ri taqsimlash, uyqu va dars tartibini doimiy nazoratda tutish, tartibni ushlash lozim. Eng muhimi, xulq ilmdan ustun turadi: xulqsiz berilgan ilm insonni zalolatga yetaklaydi, shu bois farzandga go‘zal axloqiy tarbiya berib, so‘ng ilm bilan ziynatlash kerak.
3. O‘zi ham amal qilmay, farzandini ham bunga chaqirmaydiganlar. Bu toifaning oqibati xatarlidir. Alloh taolo Toha surasida bunday marhamat qiladi: “Kim Mening zikrimdan yuz o‘girsa, albatta, uning uchun tang hayot bo‘lur...” (124-oyat). Mana shu oyatning o‘ziyoq kishini sergak torttirib, bu toifadan bo‘lib qolmaslikka undashi lozim.
Xulosa shuki, farzand qalbi va ruhiyati ildiz otishi kerak bo‘lgan daraxt ko‘chati kabidir. Uning ildizini iymon va taqvo mustahkamlaydi. Shunday ekan, kim farzandlari kamolini ko‘rishni istasa, amali va e’tiborini bilan shunga harakat qilsin. Alloh taolo barchamizni to‘g‘ri yo‘lda bardavom qilib, zurriyotlarimiz kamolini ko‘rsatsin.
Aziza RAHMATOVA,
Samarqand tumani bosh otinoyisi