Oylarning sultoni, yaxshilik va saxovat, mehr-muruvvat oyi bo'lgan Ramazon soya solmoqda. Butun islom olami Ramazon oyini har vaqt xursandchilik va shodlik bilan kutib oladilar.Chunki bu oy toat-ibodat,rahmat va baraka mavsumidir.Bundan ham ortiq xursandchilik bormi?
Alloh taolo Qur'oni karimda marhamat qilib:“Ayting, Allohning fazli va rahmati bilan, bas, albatta, shular sababli mo'minlar shodlansinlar. U to'plagan narsa (boyliklari)dan yaxshiroqdir”(Yunus surasi, 58-oyat)degan.
Bu oy sabab jannat eshiklari ochiladi, do'zax eshiklari yopilib, shaytonlar kishanlanadi. Bu haqda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Qachon Ramazon oyining avvalgi kechasi bo'lsa, shaytonlar va o'zboshimcha jinlar kishanlanur. Do'zaxning eshiklari yopilur. Ulardan biror eshik ochilmas. Jannatning eshiklari ochilur. Ulardan biror eshik yopilmas. Bir nido qilguvchi:«Ey, yaxshilik istovchi, kelib qol! Ey, yomonlik istovchi, bas qil!» deb nido qilur. Allohning do'zaxdan ozod qilingan(banda)lari bo'lur. Har kecha shundoq bo'lur”, deya ummatni fursatni g'animat bilishga undaganlar.
Demak, ana shunday ulug' onlarda, jannatlar ochilgan, do'zaxlar yopilgan, shaytonlar kishanlangan, Allohning rahmati yog'ib turgan lahzalarda qilingan ibodatning samarasi ham o'zgacha bo'ladi, ibodatni mukammal bajarish ham bandalarga osonroq kechadi. Qolaversa, banda o'zini tarbiyalashi uchun bu katta imkoniyat va fursatdir.
Ushbu muborak oyda ro'za tutish bilan inson o'z nafsini tarbiyalaydi. Nafsi ustidan g'olib kelib, ruhi engil tortadi. Faqat ro'za tutuvchigina buning ruhiy lazzatini his eta oladi. Ro'zada insonning ruhi nafsini jilovlaydi. Bu ilohiy tarbiya oyida ro'zador kishi yolg'on gapirish, g'iybat, tuhmat, chaqimchilik va urush-janjal kabi illatlardan saqlanib, doimo tilini yomon so'zlardan, behuda gaplardan tiymog'i lozim. Zero, kimki ro'zador bo'laturib, yolg'onchilik, chaqimchilik va g'iybatdan to'xtamasa, uning och-nahor yurib ro'za tutganidan foyda yo'q.
Ramazonning yana bir fazilati shuki, bu – ma'naviy poklanish va axloqni sayqallash oyi. Ro'zador kishi o'zini nafaqat eb-ichishdan, balki noma'qul gap-so'z va ishlardan ham tiymog'i lozim. Afsuski, bu haqiqatni unutib qo'yib, ro'zador bo'lishiga qaramay kun bo'yi behuda, yolg'on va g'iybat gap-so'zlar, noma'qul ishlar bilan mashg'ul bo'ladigan yoki odamlar bilan talashib-tortishadiganlar ham yo'q emas. Vaholanki, bunday ishlar ro'zaning savobini ketkazadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Kim yolg'on gapirishni, unga amal qilishni tark qilmasa, uning ro'za tutib, eyish va ichishdan tiyilishiga Alloh muhtoj emas”, – deganlar. Boshqa bir hadisda esa“Agar birortangiz ro'zador bo'lsa, behayo so'zlarni gapirmasin va johillik ham qilmasin. Agar birov u bilan so'kishmoqchi yoki urishmoqchi bo'lsa, “men ro'zadorman, men ro'zadorman”, desin” deyilgan.
Har bir inson yaxshi amallarni ado etar ekan, uning Alloh huzurida qabul bo'lishini umid qiladi. Buning uchun, avvalo, har bir amalni ixlos bilan bajarishi lozim.
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Eng afzal sadaqa Ramazondagi sadaqadir”, deganlar.Chunki Parvardigorning bunday va'dasi bor: “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o'n barobar (ko'paytirib yozilur). Kimki (bir) yomon (gunoh ish) qilsa, faqat o'sha (gunoh) miqdorida (bir gunohga yarasha) jazolanur. Ularga nohaqlik qilinmagay”(An'om surasi, 160-oyat).
Haqiqatan, biror kishiga bir narsani ehson qilsangiz yoki unga biror yaxshilik ko'rsatsangiz, bundan dilingiz ravshan tortadi, ruhiy xotirjamlik yuzaga keladi, o'zgalarga manfaat etkazganingizdan xursand bo'lasiz. Ehson qilingan kishi ham o'ziga ko'rsatilgan yaxshilikdan sevinadi, dilida sizga muhabbat paydo bo'ladi, agar sizga ichida saqlab yurgan keki bo'lsa, unutadi. Shu tariqa jamiyatda kishilar o'rtasida totuvlik, hurmat-ehtirom paydo bo'ladi, dushmanchiliklar barham topadi, osoyishtalik va farog'at barqaror bo'ladi. Shunday ekan, o'zimiz yashayotgan mahallalarda kam ta'minlangan oilalarni, boquvchisini yo'qotgan fuqarolarni va yolg'iz keksalarni yaxshi bilamiz. Biz ularga qo'limizdan kelganicha moddiy yordamlarimizni ko'rsatib, Alloh taolo tomonidan beriladigan ajru-savoblarga ega bo'laylik.
Fursatdan foydalanib, O'zbekiston musulmonlari idorasi Farg'ona viloyati vakilligi barcha mo'min-musulmon xalqimizni mohi Ramazon bilan chin dildan muborakbod etadi. Alloh bu oyni barchamizga xayrli va barkotli aylasin!
Ubaydulloh ABDULLAYeV,
Farg'ona viloyati bosh imom-xatibi
Bugun, 20 noyabr kuni Termiz shahrida o‘tkazilgan «Hakim Termiziy ilmiy-ma’naviy merosining bugungi kundagi ahamiyati» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilari buyuk mutafakkir majmuasida bo‘ldilar.
Xorijiy davlatlardan tashrif buyurgan muftiylar, taniqli ulamo va islomshunos olimlar hamda mahalliy soha vakillari muqaddas qadamjoda Qur’oni karim tilovat qilib, ulug‘ muhaddis va mutasavvif haqlariga duoi fotiha o‘qidilar. Butun dunyoda tinchlik-osoyishtalik barqaror bo‘lishi, yurtimiz yanada obodlashib, ajdodlarga munosib avlodlar yetishib chiqishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
Mehmonlar mahobatli maqbara, serfayz hovli hamda majmuada amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari bilan yaqindan tanishdilar.
Ular O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar va allomalar merosiga ko‘rsatilayotgan yuksak ehtiromga yuqori baho berdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati