Mazkur qaror buyuk mutafakkir ajdodimizning ilmiy-ma’rifiy merosini chuqur tadqiq etish, uning ta’limotidagi insonparvarlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini keng yoyish uchun dasturilamal vazifasini o‘tashi shubhasiz. Qaror Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi uchun ham o‘ziga xos quvonch va g‘urur nishonasiga aylandi.
Zero, ushbu huquqiy hujjatda belgilangan asosiy maqsadlardan biri Imom Moturidiy va uning davomchilari ilmiy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib etish bo‘lib, bu Markaz faoliyatini yangi bosqichga olib chiqishga asos bo‘ladi.
Ta’kidlash lozimki, moturidiylik yuzlab olimlar va ularning bebaho asarlarini o‘zida jamlagan aqida maktabi sanaladi. X asrda Samarqandda shakllangan ushbu maktab Imom Moturidiyning izidan borgan Abu Muin Nasafiy, Abu Hafs Nasafiy, Nuriddin Sobuniy, Kamol ibn Humom va Kamoliddin Bayoziy singari olimlar faoliyati tufayli yanada rivojlanib, ommalashgan. Ular o‘z asarlari orqali “moturidiylik kutubxonasi”ni yanada boyitganlar. Bugun ushbu kutubxonaning nodir manbalarini aniqlash, ularni ilmiy jamoatchilik va xalqimizga yetkazish dolzarb vazifalardan biriga aylangan.
Bugungi kungacha yurtimiz va xorijda moturidiylik ta’limotiga oid ko‘plab fundamental manbalar o‘rganilib, bir qator kitob, risola, monografiya va maqolalar nashr yuzini ko‘rdi. Manba va adabiyotlar ko‘paygani sari, ularning umumiy ro‘yxatini shakllantirish – bibliografiya yaratish vazifasi ham kun tartibiga chiqdi.
Avvalroq bu borada yurtimiz va xorijlik olimlar tomonidan ba’zi urinishlar amalga oshirilgan bo‘lsa-da, ularda ma’lum asarlar yetishmasligi va so‘nggi yillarda yana yangi kitoblar chop etilgani tufayli keng qamrovli, nisbatan to‘liq ro‘yxatni o‘z ichiga oluvchi bibliografiyaga ehtiyoj sezildi. Shu maqsaddan kelib chiqqan holda, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan “Moturidiylik ta’limoti bibliografiyasi” kitobi nashr etildi. Bu moturidiylik bo‘yicha alohida kitob shaklida nashr qilingan ilk bibliografiya hisoblanadi.
Ushbu yangi nashr “Klassik manbalar”, “Zamonaviy adabiyotlar” va “Dissertatsiyalar” nomli uch bo‘limdan iborat. Birinchi bo‘limda Imom Moturidiydan XX asrgacha bo‘lgan olimlarning aqidaga oid asarlari, ularning qo‘lyozma va zamonaviy nashrlari qamrab olingan. Ikkinchi bo‘limda moturidiylik bo‘yicha yozilgan turli kitob, risola va monografiyalar, uchinchi bo‘limda esa O‘zbekiston va xorijda himoya qilingan magistrlik hamda doktorlik dissertatsiyalari ro‘yxati keltirilgan.
Bibliografiyada jami 1 ming 293 ta asar qamrab olingan bo‘lib, shundan 474 tasi klassik manbalar, 486 tasi zamonaviy adabiyotlar, 333 tasi dissertatsiyalardir. Kitobda moturidiylik aqidasiga oid eng keng tarqalgan asarlarning sharhlari ham alohida bobga jamlangan. Jumladan, butun musulmon olamida mashhur “Aqoidi Nasafiy” risolasining 100 ga yaqin sharh va hoshiyalari ro‘yxati o‘rin olgan.
Ingliz tiliga ham tarjima qilingan ushbu bibliografiya moturidiyshunos olimlar va aqida yo‘nalishidagi tadqiqotchilar uchun muhim qo‘llanma vazifasini o‘taydi, deb ayta olamiz. Bundan tashqari, bibliografiyalar tabiatan davriy yangilanishga muhtoj, shu sababli kelgusida ushbu bibliografiya ham yangi manba va adabiyotlar bilan to‘ldirib boriladi.
Umuman olganda, yurtimizda yaratilayotgan imkoniyatlar, ayniqsa, Imom Moturidiy va uning davomchilari merosini o‘rganishga davlat darajasida e’tibor qaratilishi sohaga doir yangi tadqiqot va nashrlar uchun ilhom va tayanch o‘laroq xizmat qilmoqda.
Oybek Sotvoldiyev,
Imom Moturidiy xalqaro
ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i.
Nur tarqatuvchi sahifalar: Islom markazida noyob qo‘lyozmalar jamlanmoqda
Turkiy dunyodan Movarounnahrgacha bo‘lgan Qur’onlar
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining Qur’on zali bo‘limida yuksak ilmiy va ma’naviy ahamiyatga ega “114 Qur’on” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — dunyo muzeylari va arxivlarida saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixiy merosiga aloqador Qur’on qo‘lyozmalarini saralab olib, ularni keng jamoatchilikka taqdim etishdir.
Yaqinda Markazda bo‘lib o‘tgan ilmiy kengash yig‘ilishida Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez ushbu loyiha bo‘yicha keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida tayyorlanayotgan albom haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.
Albom “Kirish” qismi va to‘rt asosiy bo‘limdan tashkil topib, VII asrdan XX asrgacha bo‘lgan davrda yaratilgan Qur’on qo‘lyozmalarini qamrab oladi. Bu asarlar orasida Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on kabi jahon miqyosida tan olingan nusxalar bilan bir qatorda, Somoniylar, G‘aznaviylar, Temuriylar va boshqa sulolalarga tegishli nodir sahifalar ham o‘rin olgan.
Albomda har bir qo‘lyozmaning tilla suvi bilan bezatilgan ikki sahifasi faksimile shaklida taqdim etiladi. Bu sahifalar orqali Qur’oni karimning to‘liq vizual manzarasini yaratish ko‘zda tutilgan. Hozirda 103 ta qo‘lyozma sahifalanib, albomning 90 foizi tayyor holga keltirilgan. Qolgan 11 ta qo‘lyozma yaqin kunlarda to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.
Ayni paytda, albomda Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmulk xotun tomonidan 1467 yilda ko‘chirilgan Qur’on nusxasi hamda Qo‘qon xoni Amir Umarxon tomonidan Usmoniylar sultoni Mahmud II ga tuhfa etilgan nusxa ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga bag‘ishlab tilla varaqda yozilgan, 700 yillik tarixga ega Qur’on sahifalari ham loyihaning eng muhim qismlaridan biri sifatida taqdim etilishi ta’kidlandi.
Yig‘ilishda ekspozitsiya uchun mo‘ljallangan Qur’on nusxalari davriy asosda joylashtirilishi ma’lum qilindi.
Albomning umumiy hajmi 500 sahifaga yaqin bo‘lib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’on zali bo‘limida ushbu meros dunyo tamadduni tarixi va ma’naviy ulkan boyligini jonli tarzda namoyon etadi.
Shuningdek, yig‘ilishda mazkur loyihaning muqova dizayni ham taqdim etildi. Ushbu muqova o‘zining shakli, bezagi va estetik yechimi bilan Ka’baning tashqi ko‘rinishini eslatishi qayd etildi. Kengash a’zolari bu taklifni ma’qullashdi.