Sayt test holatida ishlamoqda!
27 Avgust, 2026   |   14 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:20
Quyosh
05:44
Peshin
12:25
Asr
17:07
Shom
19:08
Xufton
20:28
Bismillah
27 Avgust, 2026, 14 Rabi`ul avval, 1448
Maqolalar

Abu Mansur Moturidiy yashagan davr ilmiy muhiti

04.04.2025   12757   13 min.
Abu Mansur Moturidiy yashagan davr ilmiy muhiti

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori buyuk vatandoshimiz, aqida ilmining bilimdoni Imom Abu Mansur Moturidiyning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, moturidiylik ta’limotiga xos bo‘lgan bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini xalqimiz hamda jahon jamoatchiligiga yetkazib berishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Abu Mansur Moturidiy kalom ilmiga oid ulkan ilmiy meros qoldirgan. Mutakallim o‘zi yashagan davrdayoq zamondoshlari tomonidan “Imomul huda” – “To‘g‘ri yo‘lga soluvchi imom”, “Qudvatu ahlis sunna” – “Ahlus sunnaning andozasi”, “Qole’u abobilil fitna val bid’a” – “Fitna va bid’at to‘dalarini ag‘daruvchi”, “Imomul mutakallimin” – “Mutakallimlarning peshvosi”, “Rofe’u a’lomish shari’a” – “Shariat bayroqdori”, “Musahhihu aqoidil muslimin” – “Musulmonlarning aqidalarini tuzatuvchi” kabi sharafli nomlarga sazovor bo‘lgan.

Moturidiyning kalom ilmida yuksak martabalarga ko‘tarilishi, olimlar orasida qadr-qimmat topishida u shakllangan ilmiy muhitning o‘rni katta bo‘lgan. Jumladan, IX-X asrlarda Movarounnahr va musulmon dunyosi mamlakatlarida yashagan ustozlar olimning yuksak malakali bo‘lib shakllanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, Abu Nasr Ahmad Iyodiy hamda Abu Bakr Juzjoniyning xizmatlari katta ekani ta’kidlangan.

Olimning ilmiy faoliyatiga ta’sirini o‘tkazgan va shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan ustozlari mavzusi hali ilmiy o‘rganilishi lozim. Chunki o‘rta asr manbalarining kamligi sababli ular haqidagi ma’lumotlarni jamlash qiyin kechmoqda. Masalan, Nusayr Balxiy bilan Muhammad Roziy olimning ustozlari sifatida zikr etilgan ma’lumotlar mavjud. Lekin Abu Muin Nasafiy ularni samarqandlik olimlar qatoriga qo‘shmaydi. Moturidiyshunos olim Ulrix Rudolfning ta’kidlashicha, Moturidiy bilan bog‘liq biror asarda ularning nomi uchramaydi.

Manbalar Abu Bakr Juzjoniyning Abu Mansur Moturidiyning birinchi ustozlaridan ekanini ta’kidlaydi. Olimning hayoti va ijodi haqidagi ma’lumotlarga ega manbalar juda kam saqlanib qolgan.

Abu Bakr Juzjoniy Movarounnahr, xususan, Samarqanddagi hanafiy mazhabi fiqhiy maktabi rivoji hamda taraqqiyotiga muhim hissa qo‘shgan. Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” asarida keltirilishicha, Abu Bakr Juzjoniy mashhur olim Abu Sulaymon Juzjoniydan ta’lim oldi, so‘ng Samarqandga kelib, ilm va g‘oyalarini yoyish bilan mashg‘ul bo‘ldi. Keyinchalik Samarqandda Abu Muqotil Samarqandiy, Abu Bakr Samarqandiy kabi yirik ilohiyotchi olimlar keng qamrovli faoliyat olib bordi. Jumladan, Abu Muqotil Samarqandiy bu yerda mashhur “Kitobul olim val mutaallim” – “Olim va shogird kitobi”ni yaratadi.

Mavjud manbalarning ma’lumot berishicha, olim usul hamda furu’ borasida o‘z zamonasining yetuk mutaxassislaridan sanalgan. Klassik manbalarda, jumladan, Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla”, Ibn Abil Vafoning “Javohirul mudi’a fi tabaqotil hanafiya” – “Hanafiy olimlarning tabaqasi haqida nur taratuvchi javohir”, Muhammad Abdulhayning “Favoidul bahiya fi tarojimil hanafiya” – “Hanafiy olimlarning biografiyasi haqida yorqin foydalar” asarlarida Abu Bakr Juzjoniyning ikkita asar yozgani ko‘rsatib o‘tilgan. Birinchisi “Kitobut tavba” – “Tavba kitobi” Movarounnahr va qo‘shni hududlarda keng shuhrat topgan. Ushbu asar mashhur olim Abul Lays Samarqandiyning “Tanbehul g‘ofilin” – “G‘ofillarni uyg‘otish” asariga o‘xshagan nasihatnoma, pandnoma mavzusidagi asar bo‘lib hisoblangan.

Olmon olimi Ulrix Rudolfning “Moturidiy va Samarqanddagi sunniylik ilohiyoti” nomli kitobida ta’kidlanishicha, Abu Bakr Juzjoniy tom ma’noda mutakallim bo‘lmasada, lekin Abu Mansur Moturidiy hanafiy mazhabi ta’limoti hamda mohiyatini aynan undan o‘rgangan. Shu nuqtayi nazardan ham u Moturidiy ilmiy muhitining shakllanishiga sezilarli hissa qo‘shgan deb sanaladi.

Abu Mansur Moturidiy ilmiy muhitining shakllanishida Abu Nasr Iyodiy (vaf. 277/890 y.)ning xizmati ham katta. Movarounnahrning ko‘pgina yirik olimlari Abu Nasr Iyodiy faoliyatini juda yuqori baholashadi, qomusiy ilmiga alohida urg‘u berishadi. Abul Mute’ Nasafiy olimni tavsiflab, Abu Nasr Iyodiy ilm sohasida tubsiz bahri ummonga monand edi, deb yozadi. Shuningdek, u yigirma yoshida tengdoshlaridan bilim borasida anchagina ilgarilab ketgan bo‘lib, aqlu zakovatining o‘tkirligi, sabr-toqati, o‘ta sinchkovligi bilan munozaraga kiruvchi har qanday odamni asosli javobi, Qur’oni karimdan keltirgan dalillari bilan tang qoldirar edi, degan mazmundagi ma’lumot keltiriladi.

Abu Nasr Iyodiy buyuk alloma sifatida nafaqat o‘zining ustida muntazam ishladi, bilimlarini boyitdi, balki ilm tarqatish, shogirdlar tayyorlashga ham katta e’tibor berdi. Abu Mansur Moturidiy bilan bir qatorda Hakim Samarqandiy, Abu Ahmad Nasr Iyodiy, Abu Bakr Muhammad Iyodiy kabi olimlar ham Abu Nasrning shogird, yaqin muxlislaridan bo‘lgan. Abu Nasr Iyodiyning ilohiyot borasidagi faoliyatida bir necha muhim o‘rinlarni ta’kidlab o‘tish joiz. Olim o‘z davrida paydo bo‘lgan turli oqimlarga nisbatan juda ehtiyotkor munosabatda bo‘ldi. Abu Nasr Iyodiy Muhammad alayhissalom va u zotning sahobalariga hurmat bilan qaradi va ularni turli bo‘htonlardan doimo himoya qildi. Hoji Xalifaning yozishicha, uning “Sayful maslul ala man sabba as’hobar rasul” – “Payg‘ambar sahobalarini haqorat qiluvchilarga qarshi yalang‘ochlangan qilich” asari aynan ana shu maqsadni ko‘zlab yozilgan. Shuningdek, Abu Nasr Iyodiy Allohning sifatlariga bag‘ishlangan asar ham yaratdi. Unda turli yo‘nalishlar, jumladan, mo‘taziliylarning fikrini keskin muhokama qildi. Abu Nasr Iyodiy Movarounnahrdagi mavjud hanafiy mazhabiga xos kalom ilmi bo‘yicha asar yaratgan ilk mualliflardan biri sanaladi. Chunki asar ilmiy risola tarzida bo‘lib, unga qadar keng xalq ommasiga mo‘ljallanib yozilgan asarlardan farq qilgan. Va aynan Abu Mansur Moturidiy Abu Nasr Iyodiydan diniy, ilohiy masalalar borasida faqatgina tasavvurlarni berish bilangina kifoyalanmadi, balki bunday munozaralarda aqlu zakovatga ham suyanish lozimligini ta’kidlab, insondagi “af’oli ixtiyoriyga” ishora qildi.

Moturidiy ta’limotining shakllanishi, ilmiy jihatdan boyitilishi, keyingi avlodlar tomonidan eng hayotiy nizom sifatida qabul qilinishida alloma tarbiyalagan olim-shogirdlarining xizmatlari katta. Abu Mansur Moturidiy ilmiy muhitining rivoji va uning boshqa hududlarga tarqalishiga ilmiy asarlari bilan ijobiy ta’sir ko‘rsatishdi.

Abu Mansur Moturidiyning dastlabki shogirdi mutakallim Abu Nasr Iyodiyning farzandi Abu Ahmad Nasr ibn Ahmad Iyodiydir. Abu Ahmad ilohiyot ilmini dastlab otasi, so‘ng Abu Mansur Moturidiydan o‘rgandi. Kalom bo‘yicha yuqori ilmiy salohiyati bilan olimlar orasida shuhratga sazovor bo‘ldi. Abu Hafs Buxoriyning ma’lumotiga ko‘ra, Abu Ahmad haqiqatgo‘yligi sabab hanafiy mazhabiga yod fikr va xulosalarning kiritilishiga yo‘l qo‘ymadi. Shu tariqa mazhab sofligini saqlashga chin dildan xizmat qildi. Hakim Samarqandiy ham olimni ta’riflab, Abu Ahmad Xuroson hamda Movarounnahrdagi eng yetuk olimlardan edi, deb yozadi. Abu Ahmad mu’taziylar bilan keskin bahslar olib bordi va uning bu boradagi fikrlari ustozi Abu Mansur Moturidiy qarashlari bilan hamohang edi. Abu Ahmadning hayoti, ilmiy merosi haqida Abu Muin Nasafiyning “Tabsiratul adilla” kitobida muhim ma’lumotlar keltiradi.

O‘rta asrlarga oid manbalarga ko‘ra, Abu Ahmad Abu Mansur Moturidiy ta’limotining keyingi asrlardagi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan. Ustoz-shogirdlik an’anasining uzviyligi ilohiy ta’limotning rivojlanishi va keng tarqalishiga katta hissa qo‘shdi. Ayniqsa, Abu Ahmadning shogirdi Abu Salom Muhammad ibn Muhammad Samarqandiyning mazkur ta’limot rivojlanishi va tarqalishida katta ulushi bor. Taxminan X asrda yashab ijod etgan bu olimning “Jumal usulid din” – “Din asoslari majmui” nomli asari davrimizga qadar yetib keldi. Mazkur asarning qo‘lyozmasi Istanbuldagi Sulaymoniya qo‘lyozmalar xazinasida saqlanadi. Qo‘lyozmaning matni 1989 yili Istanbulda nashr etilgan. Ulrix Rudolfning yozishicha, asar Moturidiydan so‘ng Samarqandda bitilgan an’anaviy ilohiy asarlar uslubidan farq qilsada, Abu Mansur Moturidiy g‘oyalariga to‘liq mos keladi. Abu Salom zamondoshi Abul Lays Samarqandiyning uslubi kabi hanafiy mazhabining an’anaviy uslubini yangi pog‘onaga olib chiqdi hamda Moturidiy ilgari surgan g‘oyalarni rivojlantirdi. Aqidaviy maktabni ustozi uslubida davom ettirishga xizmat qildi. Shu sababli, uning “Jumal usulid din” asari moturidiylik an’analari davom ettirilgan, davrimizga qadar yetib kelgan eng dastlabki, ilk ilmiy manbalardan biri hisoblanadi.

Moturidiylik ilmiy muhitining rivojiga Abul Hasan Ali ibn Sa’id Rustug‘foniy (vaf. 350/961 y.) ham katta hissa qo‘shdi. Olim Moturidiyning shogirdlaridan biri bo‘lib, u Samarqand yaqinidagi mashhur Rustug‘fon qishlog‘ida dunyoga keldi. U Moturidiyning eng ko‘zga ko‘ringan, ilmiy bahslarda mustaqil, erkin fikrlari bilan faol ishtirok etadigan shogirdlaridan hisoblandi. Olimning nisbasi manbalarda Rustufg‘oniy, Rustug‘foniy, Rustufag‘niy ko‘rinishida uchraydi. U o‘z ustozi Abu Mansur Moturidiy bilan ayniqsa, ijtihod masalasida keskin bahslar olib bordi. Ibn Abul Vafoning “Javohirul mudi’a fi tabaqotil hanafiya” asarida ko‘rsatilishicha, Abul Hasan fiqh bo‘yicha ham bilimdon olimlardan biri edi. Manbalar fiqh, ilohiyot ilmlarini mukammal egallagan Abul Hasan Rustug‘foniyning to‘rt asar yozgani haqida xabar beradi. Birinchisi, olimning fatvolari yig‘indisi “Fatava Rustug‘foniy” – “Rustug‘foniy fatvolari”. Olimning turli ensiklopedik lug‘atlarda nomi keltirilgan ikkinchi asari “Kitobul xilof” – “Munozaralar kitobi” esa hozirga qadar topilmagan. 

    Kalom ilmiga bag‘ishlangan eng asosiy hamda muhim asari “Kitob irshodul muhtadiy” – “To‘g‘ri yo‘ldan yuruvchiga qo‘llanma” deb nomlanadi. Ibn Qutlubug‘aning “Tojut tarojim” – “Biografiyalar toji”, Muhammad Abdul Hayning “Favoyidul bahiya fi tarojimil hanafiya” asarlarida “Irshodul muhtadiy”ga katta e’tibor berildi va yuqori baholandi. Abul Hasan o‘rta asr olimlariga ergashgan holda ularning ijodiga xos qomusiy asar yozish yo‘lidan borib, ilmlar tasnifigabag‘ishlangan “Kitobuz zavoyid val favoyid” – “Qo‘shimchalar va foydalar kitobi” asarini yaratgan. Ushbu silsilaga Abu Zayd Balxiyning “Aqsomul ulum” – “Ilmlarning qismlari”, Ibn Farug‘ning “Javomiul ulum” – “Ilmlarning jamlovchilari”, Xorazmiyning “Mafotihul ulum” – “Ilmlarning kalitlari” asarlarini kiritish mumkin. Bunday asarning hanafiy mazhabidagi olim, Moturidiyning shogirdi tomonidan yaratilishi uning har tomonlama yetukligidan dalolat beradi. Bu esa X asrda Moturidiy ta’limoti va g‘oyalarining yoyilishi, shuningdek, hanafiy mazhabining Movarounnahrdagi rivojiga ulkan hissa qo‘shdi.

Abdul Karim Pazdaviy (vaf. 390/999) ham Abu Mansur Moturidiy ilmiy muhitining shakllanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. Moturidiyning shogirdi sifatida Moturidiylik ta’limoti hamda asarlarining yoyilishida katta ahamiyat kasb etdi. Abdul Karim Pazdaviyning hayoti va asarlari haqida juda kam ma’lumotlar yetib kelgan. Uning nomi “Kitobul olim val mutaallim” asarida uchraydi. Bu asar matnini Pazdaviy Muhammad Nasafiyga yetkazdi. Ibn Abul Vafo hamda Laknaviylarning ta’kidlashicha, Abdul Karim Pazdaviy Abu Mansur Moturidiyning yaqin shogirdlaridan hisoblanadi. Abdul Karim Pazdaviy o‘zidan keyin ilm maydoniga chiqqan ilohiyotchi olimlar sulolasi – Pazdaviylarga tamal toshini qo‘ydi. Abu Mansur Moturidiyning izdoshlari nomini olgan mashhur Abul Yusr Pazdaviy (vaf. 493/1100 y.), Faxrul islom Abul Hasan Pazdaviy (vaf. 482/1089 y.) shular jumlasidan hisoblanadi. Ular moturudiya ta’limotining davomchilari sifatida aqida ilmi rivojida muhim o‘rin egallashgan. Abul Yusr “Usulud din” – “Din asoslari” nomli asarida bobosi Abdul Karim Pazdaviyning nomini faxr bilan tilga oladi va Abu Mansur Moturidiy haqidagi ma’lumotlar o‘z oilasida avloddan avlodga o‘tib kelayotganini ta’kidlaydi. Shubhasiz, Abdul Karim Pazdaviy Movarounnahrdagi kalom sohasida mavjud ustoz va shogirdlik ilmiy muhiti an’anasining rivojiga katta xizmat qildi.

Abu Mansur Moturidiy hayoti, ilmiy merosi, moturidiylik ilmiy muhitining shakllanishiga xizmat qilgan ustoz hamda shogirdlari haqidagi manbalarni izlab topish, ularni tarjima kilib ilmiy muomalaga kiritish bugungi kunning muhim vazifalaridan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida ham ayni shu masalaga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamda Madaniy meros agentligi zimmasiga xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limotiga mansub allomalarning hayoti, ilmiy merosiga oid noyob qo‘lyozma asarlar va boshqa madaniy boyliklarni aniqlash, ularning nusxalarini O‘zbekistonga olib kelish va tadqiq qilishni tizimli ravishda tashkil etish vazifasi yuklangan.

Zohidjon Islomov, 

filologiya fanlari doktori, 

professor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.

O‘zA

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

21.08.2026   42549   5 min.
Imom Buxoriy yurtida buyuk allomalar merosi ilm, ma’rifat va tadqiqotlar bilan yanada boyimoqda

Shu kunlarda joylarda Vatanimiz davlat mustaqilligining 35 yilligini nishonlamoqda. O‘tgan yillarga nazar tashlasak, istiqlol nafaqat siyosiy va iqtisodiy mustaqillik, balki buyuk ajdodlar merosi va ma’naviy ildizlariga qaytish imkonini berganini yanada chuqur his etamiz.
 
Ayniqsa, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan ilm-ma’rifat, diniy ta’lim va buyuk allomalarimiz merosini o‘rganish sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar bu borada mutlaqo yangi bosqichni boshlab berdi.

Prezidentimiz 2017 yildayoq yurtimizda shakllangan buyuk ilmiy maktablarni qayta tiklash, xususan, Samarqandda hadisshunoslik maktabini tashkil etish tashabbusini ilgari surgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay bu ezgu g‘oya amaliy ifodasini topdi. Davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma’rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni asosida Samarqandda Hadis ilmi maktabi tashkil etildi. Shu yilning 1 noyabrida qabul qilingan Hukumat qarori bilan uning faoliyatining tashkiliy-huquqiy asoslari belgilab berildi.

Bu voqea, bizningcha, shunchaki yangi ta’lim muassasasining ochilishi emas edi. Bu – Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk muhaddislarni yetishtirgan zaminda hadis ilmining uzoq asrlik an’analarini zamonaviy asosda davom ettirish yo‘lidagi tarixiy qadam bo‘ldi.

Hadis ilmi maktabi oldiga Qur’oni karim va hadislarning asl mohiyatini teran anglaydigan, hadis ilmining ilmiy-nazariy asoslarini puxta egallagan, buyuk muhaddislarimiz merosini chuqur o‘rganadigan va mustaqil ilmiy tadqiqot olib bora oladigan yetuk mutaxassislarni tayyorlash vazifasi qo‘yildi. Eng muhimi, hadislarda mujassam bo‘lgan ezgulik, halollik, adolat, bag‘rikenglik, vatanparvarlik, ota-onaga ehtirom, inson qadrini ulug‘lash singari umuminsoniy g‘oyalarni xalqimiz, ayniqsa, yosh avlodga to‘g‘ri va ilmiy asosda yetkazish ta’lim dargohining muhim vazifalaridan biriga aylandi. Bugun Hadis ilmi maktabida ta’lim jarayoni nazariy bilim berish bilan cheklanib qolmay, amaliy mashg‘ulotlar bilan ham uzviy bog‘langan. Talabalar hadislarni taxrij qilish, ya’ni ularning asl manbalarini aniqlash, rivoyat yo‘llari va sanadlarini o‘rganish, hadis matnlarini sharhlash va ilmiy tahlil qilish, ularni mavzu va mazmuniga ko‘ra tasniflash, shuningdek, hadis manbalari va ilmiy asarlarni tadqiq qilish bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarni egallamoqdalar.

Ayni paytda, Hadis ilmi maktabining Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan yonma-yon faoliyat yuritayotgani ham o‘ziga xos ilmiy-ma’rifiy muhitni yuzaga keltirmoqda. Buyuk muhaddis Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini o‘rganish, uni jahon ilm ahliga yetkazish, zamonaviy tadqiqotlar bilan boyitish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar yoshlarimiz uchun ulkan ilmiy maktab vazifasini o‘tamoqda.
Bugun Samarqand zaminida Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ulkan bunyodkorlik ishlarining amalga oshirilishi ham xalqimizning o‘z buyuk ajdodiga bo‘lgan yuksak ehtiromining ifodasidir. Imom Buxoriy majmuasining zamon talablari asosida qayta bunyod etilishi, uni ilm-ma’rifat, tarbiya va ziyorat maskaniga aylantirishga qaratilgan ishlar nafaqat yurtimiz, balki butun islom olami uchun katta ahamiyatga ega.
Yangi O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohaga bo‘lgan munosabatning eng muhim jihati shundaki, ajdodlar merosi faqat tarixiy faxr sifatida emas, balki bugungi va kelajak avlod tarbiyasiga xizmat qiladigan ulkan ma’naviy xazina sifatida o‘rganilmoqda. Imom Buxoriyning ilmga sadoqati, haqiqatni izlashdagi matonati, hadislarni qabul qilishdagi yuksak ilmiy mezonlari bugungi yoshlarimiz uchun ham ibrat maktabidir.
So‘nggi yillarda yurtimizda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy, Bahovuddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi kabi qator ilm va ma’rifat maskanlarining tashkil etilgani ham ushbu siyosatning uzviy natijasidir.

Bularning barchasi zamirida bitta buyuk maqsadni ko‘rish mumkin: ma’rifatli, o‘z tarixini biladigan, ajdodlari merosi bilan faxrlanadigan, ayni paytda zamonaviy bilim va tafakkurga ega avlodni voyaga yetkazish. Biz, Hadis ilmi maktabi jamoasi, yaratib berilayotgan bunday imkoniyatlarni katta ishonch va yuksak mas’uliyat sifatida qabul qilamiz. Chunki buyuk muhaddislar yurtida hadis ilmini o‘rganish va o‘rgatish faqat kasbiy vazifa emas, balki ajdodlar oldidagi ma’naviy burch hamdir.

Mustaqilligimizning 35 yilligi arafasida ortga nazar solib, bugungi natijalarni sarhisob qilar ekanmiz, istiqlolning qadrini yana bir bor teran his etamiz. Agar mustaqillik xalqimizga o‘z taqdirini o‘zi belgilash huquqini bergan bo‘lsa, Yangi O‘zbekistondagi islohotlar milliy va diniy-ma’rifiy merosimizni chuqur o‘rganish, uni dunyoga munosib tarzda namoyon etish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. Endilikda bizning vazifamiz – ana shu imkoniyatlardan samarali foydalanib, Imom Buxoriy va boshqa buyuk allomalarimiz qoldirgan ilmiy merosni yanada chuqur tadqiq etish, uning insonparvarlik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini yosh avlod qalbiga yetkazishdir. Zero, o‘z o‘tmishini anglagan, ilmni qadrlagan va ma’rifatga tayangan xalqning kelajagi hamisha porloq bo‘ladi.

Barot Amonov, Hadis ilmi maktabi rektori.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari