Jumladan, turoperatorlar tomonidan “Umra” tadbirini tashkil etish va o‘tkazishga oid reklamalarning qonuniyligi o‘rganildi.
O‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida Namangan, Navoiy, Farg‘ona, Xorazm, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari tomonidan, litsenziya hujjatlari mavjud bo‘lmagan holda reklamalar joylashtirgan jami 7 ta (“EMIR VOYAGE”, “MAKAN UNITED TRAVEL GROUP”, “EZOFAYZ”, “MURABBIY TRAVEL”, “ZAYTUN TOURISM”, “SMART SYSTEMS COMPANY”, “NAZIR TRAVEL N1” MCHJlar) turoperatorga nisbatan “Reklama to‘g‘risida”gi qonun talablari buzilishi alomatlari bilan ishlar qo‘zg‘atilib, ishni ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan moliyaviy jarimalar qo‘llanildi.
Shuningdek, Qo‘mitaning Namangan va Farg‘ona viloyatlari hududiy boshqarmalari tomonidan jami 5 ta (“Bog‘dodliklar telegram kanali adminlari N.Shukurullayev va R.Usmonov”, “Zaytun_Travel_official” , “Musaffo turizm”, “Dastorqozi_202 MILLIY TAOMLARI”) turoperator mansabdor shaxslari hamda telegram adminlari yuqoridagi kabi qonunchilik talablari buzilishi yuzasidan ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Shu bilan birgalikda, 12 dan ortiq litsenziyaga ega bo‘lmasdan reklama materiallari tarqatayotgan axborot resurslarini yurituvchi shaxslarga aniqlik kiritish maqsadida Ichki ishlar vazirligi, Kiberxavfsizlik markaziga murojaat qilindi. Ushbu o‘rganish yakunlari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.
Qo‘mita fuqarolar, “Umra” tadbirlarni amalga oshirishda firibgarlarga aldanib qolishdan ogoh bo‘lish va keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmaslik maqsadida xavfsiz, ishonchli va kafolatlangan xizmatlardan hamda tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan turoperatorlar xizmatidan foydalanishni tavsiya etadi.
N.Rahmonova, O‘zA
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV