Sayt test holatida ishlamoqda!
09 Avgust, 2025   |   15 Safar, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:56
Quyosh
05:26
Peshin
12:34
Asr
17:26
Shom
19:34
Xufton
20:57
Bismillah
09 Avgust, 2025, 15 Safar, 1447
Maqolalar

Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy va ma’naviy merosi

05.04.2025   13852   5 min.
Imom Abu Mansur Moturidiyning ilmiy va ma’naviy merosi

Abu Mansur Moturidiyning aqidaviy qarashlarini o‘rganib, uni keng jamoatchilikka targ‘ib etish globallashuv sharoitida yuzaga kelgan ko‘plab adashgan oqimlarga qarshi kurashda qo‘l keladi. Zero, Imom Moturidiy boshchiligida uning talabalari moturidiylik ta’limotini rivojlantirish yo‘lida salmoqli xizmat qilganlar.

Bugungi kunda Imom Moturidiy va moturidiylik haqida ko‘plab kitob, maqola, magistrlik, doktorlik ishlari bajarilmoqda. Imom Moturidiy hayotini atroflicha o‘rganish, uning fiqh, aqida va tasavvuf fanlariga aloqador jihatlarini ochib berish bugungi kunning dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.

Imom Moturidiy xalqni jipslashtirishda, uning bilimini mustahkamlashda, bag‘rikenglik tamoyillarini yoyishda muhim ahamiyat kasb etadi. Uning adashgan toifalar bilan keskin tortishuvlari, sog‘lom e’tiqod asoslarini himoya qilishi musulmonlar orasida iliq qabul qilingan. Bugungi kunda ham Moturidiyning ilm-ma’rifatga bo‘lgan munosabati xalqimiz ma’naviy hayotida alohida o‘rin egallaydi.

Moturidiy ta’limotlari nafaqat diniy, balki umuminsoniy qadriyatlarga ham asoslangan. U insonlar o‘rtasidagi hamjihatlik va bag‘rikenglikni alohida ta’kidlab, musulmonlar orasida tinchlik hamda totuvlikka chaqirgan. Bu g‘oyalar bugungi kunda jamiyatimiz uchun ham dolzarb hisoblanadi.

Abu Mansur Moturidiy hayoti va ijodiga oid manbalar Abul Yusur Pazdaviy (493-1100)ning “Usul ad-din”, Abu Muin Nasafiyning (508-1114) “Tabsirat al-adilla”, Ibn Fazlulloh Umariyning (749-1348) “Masolik al-absor fi mamolik al-amsor”, Abdulqodir ibn Abul Vafo Qurashiyning (775-1373) “al-Javharat al-muziya fi tabaqot al-hanafiya”, Ibn Qutlubug‘oning (879-1474) “Toj at-tarojim”, Muhammad Murtazo Zabidiyning (1205-1791) “Ithof as-sodat al-muttaqin bi-sharhi Ihyo ulum ad-din” va Muhammad Abdulhay Laknaviyning (1304-1887) “al-Favoid al-bahiya fi tarojim al-hanafiya” asarlarida uchraydi. Shuningdek, zamonaviy tadqiqotchilardan Abdulmalik Sa’diy, Shovosil Ziyodov, Saidmuxtor Oqilov, So‘nmas Qutlug‘, Hamza Bakriy, Sa’d Ahmad Damanhuriy, Bilqosim G‘oliy kabi mutaxassislar mavzu doirasida risola va ilmiy ishlar e’lon qilgan.

Muhammad ibn Muhammad ibn Mahmud Abu Mansur Moturidiy Samarqandiy (333-944) – islom olamining buyuk olimlaridan biri bo‘lib, uning nomini tilga olgan har bir musulmon ilmu irfon va ma’rifat olamining beqiyos nurini his etadi. Moturidiy o‘z davrida nafaqat aqida va kalom ilmida, balki umumiy islom ilmlarini shakllantirishda ham beqiyos hissa qo‘shgan buyuk zotdir. U tanlagan yo‘l bugungi kunda ham ahamiyatini yo‘qotmagan va musulmon ummatining ma’naviy merosi sifatida o‘rganilib kelmoqda.

U yashagan davrga kelib (IX asrning oxiri – X asrning birinchi yarmi) Movarounnahrda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan turli guruh va firqalar ko‘paydi. Ularning aksari iymon-e’tiqod masalalari bo‘yicha bahsu munozaralar tufayli vujudga kelgan edi. Mana shunday murakkab sharoitda alloma Abu Mansur Moturidiy yetishib chiqdi va ularning noto‘g‘ri fikrlariga asosli raddiyalar berdi. U hanafiy mazhabi asoschisi Abu Hanifaning (699-767 yy.) ta’limotiga suyangan holda o‘ziga xos kalom maktabini yaratdi. U asos solgan moturidiylik ta’limoti keyinchalik Samarqand kalom maktabi doirasidan chiqib, butun islom olamiga tarqaldi va sunniylikdagi ikki yirik kalom maktabining biri sifatida tanildi.

Manbalarda Imom Moturidiyning “Rabboniy olim va zohid” deb vasf etilishi, tasavvufda uni yuqori martabalarga chiqqanini anglatadi. Jumladan, olim o‘zining “Ta’vilot al-Qur’on” tafsirining bir qator o‘rinlaridagi oyatlar sharhida ilohiy muhabbat, zuhd, taqvo, dunyoga berilmaslik kabi tasavvufning nozik qirralari haqida so‘z yuritgan. Mazkur oyatlarning tafsirida kelgan ma’lumotlar Imom Moturidiyning tasavvuf peshvosi sifatida baholash imkonini beradi. 

Xususan, u “Ahzob” surasining 113-oyati sharhida zuhdni ikki qismga taqsimlab, uni batafsil izohlagan. Shuningdek, Imom Moturidiy: “Yer yuzi nabiy yoki valiydan xoli bo‘lmaydi” degan. Abul Yusur Pazdaviy (vaf. 493-1100) o‘zining “Usul ad-din” asarida Imom Moturidiy haqida quyidagilarni qayd qilgan: “U karomat sohibi va ahli sunna val jamoaning raislaridan bo‘lgan. Bobom Zohid Abdulkarim ibn Musodan naql qilishicha, Moturidiyning ko‘plab karomatlari bo‘lgan”.

Alisher Navoiy o‘zining “Nasoyim al-muhabbat” asarida ham Imom Moturidiyning karomatini zikr qilib, u kishi haqida shunday degan: “Shayx Abu Mansur al-Moturidiy o‘z zamonining a’lam ulamosi ermish. Ul vaqt ulamosi alarni “Sulton al-muizzin” der ermishlar. Zohir va botin ulumlari bila orosta ermishlar”.

Bugungi kunda moturidiylik ta’limotini izchil o‘rganish, manbalarini atroflicha tahlil qilish xorijiy va mahalliy mutaxassislar oldida turgan ulkan vazifalardan biridir. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tomonidan olimning “Ta’vilot al-Qur’on” va “Kitob at-tavhid” asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilinishi yurtimizda moturidiylik ta’limoti tadqiq qilinishining yanada rivojlanishi belgisi sifatida baholash mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli qaroriga asosan joriy yilda Imom Moturidiy tavalludining 1155 yilligi keng nishonlanishi va Samarqand shahrida “Moturidiylik – barikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti” nomli xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazilishi buyuk olimning xizmatlarini xalqaro miqyosda e’tirof etilishiga zamin yaratadi.

A.Alloqulov, Imom Moturidiy xalqaro 

ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i.

O‘zA

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

“114 Qur’on” kitob-albomi loyihasi tayyorlash jarayoni yakuniga yetmoqda

08.08.2025   4302   2 min.
“114 Qur’on” kitob-albomi loyihasi tayyorlash jarayoni yakuniga yetmoqda

 Nur tarqatuvchi sahifalar: Islom markazida noyob qo‘lyozmalar jamlanmoqda

 

Turkiy dunyodan Movarounnahrgacha bo‘lgan Qur’onlar 


    O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi ekspozitsiyasining Qur’on zali bo‘limida yuksak ilmiy va ma’naviy ahamiyatga ega “114 Qur’on” loyihasi amalga oshirilmoqda. Loyihaning asosiy maqsadi — dunyo muzeylari va arxivlarida saqlanayotgan, O‘zbekiston tarixiy merosiga aloqador Qur’on qo‘lyozmalarini saralab olib, ularni keng jamoatchilikka taqdim etishdir.


    Yaqinda Markazda bo‘lib o‘tgan ilmiy kengash yig‘ilishida Istanbul universiteti professori Emek Ushenmez ushbu loyiha bo‘yicha keng qamrovli taqdimot o‘tkazdi. U o‘z ma’ruzasida tayyorlanayotgan albom haqida atroflicha ma’lumot berib o‘tdi.



 

    Albom “Kirish” qismi va to‘rt asosiy bo‘limdan tashkil topib, VII asrdan XX asrgacha bo‘lgan davrda yaratilgan Qur’on qo‘lyozmalarini qamrab oladi. Bu asarlar orasida Usmon mus'hafi, Katta Langar Qur’oni, Moviy Qur’on kabi jahon miqyosida tan olingan nusxalar bilan bir qatorda, Somoniylar, G‘aznaviylar, Temuriylar va boshqa sulolalarga tegishli nodir sahifalar ham o‘rin olgan.

 

    Albomda har bir qo‘lyozmaning tilla suvi bilan bezatilgan ikki sahifasi faksimile shaklida taqdim etiladi. Bu sahifalar orqali Qur’oni karimning to‘liq vizual manzarasini yaratish ko‘zda tutilgan. Hozirda 103 ta qo‘lyozma sahifalanib, albomning 90 foizi tayyor holga keltirilgan. Qolgan 11 ta qo‘lyozma yaqin kunlarda to‘liq yakunlanishi kutilmoqda.

 

    Ayni paytda, albomda Amir Temur nabirasi Muhammad Sultonning qizi Shodmulk xotun tomonidan 1467 yilda ko‘chirilgan Qur’on nusxasi hamda Qo‘qon xoni Amir Umarxon tomonidan Usmoniylar sultoni Mahmud II ga tuhfa etilgan nusxa ham o‘rin olishi rejalashtirilgan. Shuningdek, 1318 yilda Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga bag‘ishlab tilla varaqda yozilgan, 700 yillik tarixga ega Qur’on sahifalari ham loyihaning eng muhim qismlaridan biri sifatida taqdim etilishi ta’kidlandi.

 

    Yig‘ilishda ekspozitsiya uchun mo‘ljallangan Qur’on nusxalari davriy asosda joylashtirilishi ma’lum qilindi. 

 

    Albomning umumiy hajmi 500 sahifaga yaqin bo‘lib, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining Qur’on zali bo‘limida ushbu meros dunyo tamadduni tarixi va ma’naviy ulkan boyligini jonli tarzda namoyon etadi.

 

    Shuningdek, yig‘ilishda mazkur loyihaning muqova dizayni ham taqdim etildi. Ushbu muqova o‘zining shakli, bezagi va estetik yechimi bilan Ka’baning tashqi ko‘rinishini eslatishi qayd etildi. Kengash a’zolari bu taklifni ma’qullashdi.

O'zbekiston yangiliklari