Joriy yil 2-4 aprel kunlari O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida sportning Bahodirlar o‘yini va tosh ko‘tarish turlari bo‘yicha barcha yosh toifalari o‘rtasida bellashuv o‘tkazildi.
400 dan ortiq polvonlar o‘rtasida Toshkent islom instituti 2-kurs talabasi Bobonazarov Muhammad Sodiq tosh ko‘tarish turi bo‘yicha 18-23 yoshlilar orasida 95 kg+ vazn toifasida faxrli 2-o‘rinni oldi.
Shuningdek, Muhammad Sodiq 2025 yil 26 aprel sanasida o‘tkaziladigan Jahon kubogida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Musobaqani Bahodirlar o‘yini va tosh ko‘tarish federatsiyasi prezidenti Voxiddin Najmiddinov, ginnes rekordchi va professional sportchilar kuzatib bordilar. Musobaqa yakunida g‘oliblarga Sport vazirligi tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV