Muftiy Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiligida hojilarning “Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” degan tashabbusi sabab ehtiyojmand oilalarga moddiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Ushbu xayrli ishlar ayni kunlarda ham davom etmoqda. Joriy yil, 3 aprel kuni Farg‘ona shahrida amaliy-namunaviy tadbir o‘tkazilib, unda Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi Ubaydulloh domla Abdullayev ishtirok etdi.
Tashkiliy yig‘ilishda tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh tuzilib, vazifalar taqsimlandi. Ubaydulloh domla amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami va Ishchi guruh a’zolari hamkorligining muhim jihatlarini tushuntirib o‘tdi.
Ishchi guruh faoliyati uch yo‘nalishdan iborat bo‘lib, bir qator xayrli ishlarni amalga oshirdilar. Jumladan, ishchi guruh a’zosi hamda imom-xatiblar o‘zlariga biriktirilgan mahalla hududidan “Haj-2024” ziyoratchisini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga jalb etdilar. Birgalikda mahallaning eng kamida 5 tagacha muammoli xonadonlariga kirib, u yerda yashayotganlardan hol-ahvol so‘radilar. Ularning muammolarini o‘rgandilar, fikr-mulohazalarini tingladilar. Imom-xatiblar 7 toifaga mansub 85 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib bordilar.
Qayd etish lozimki, bu kabi xayrli ishlar zamirida Farg‘ona shahar “Xo‘jamberdiboy” masjidi hududida yashovchi boquvchisini yo‘qotgan, o‘z uy joyiga ega bo‘lmagan, ijarada yashagan fuqaroga hojilar ko‘magida yangi xonadon olib berilgani quvonarli holdir.
Peshin namozidan so‘ng jamoatga dolzarb mavzularda ma’ruzalar o‘qilib, xayrli duolar qilindi.
Bu ezgu tashabbuslar yurtimizda moddiy-ma’naviy targ‘ibot ishlari tobora mustahkamlanib borayotganidan dalolatdir.
Farg‘ona viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Uch yashar qizi uyni betartib qilib tashlagani uchun otasi unga qattiqroq tanbeh berdi. Ertasiga qizi otasiga bir quti hadya qildi. Otasi bo‘sh qutini ko‘rib, qizining bu ishini tushunolmadi va: “Bu nimasi, qizim, meni masxara qilyapsanmi?” dedi. Qizi esa: “Kecha meni urishgan paytingiz sizga aytishdan qo‘rqib shu qutini ochdim va ichiga sizni yaxshi ko‘rishimni aytib, og‘zini berkitib qo‘ydim. Bugun jahlingiz chiqmay turgani uchun olib kelib berdim”, dedi. Shunda ota xato yo‘l tutayotganini anglab yetdi. Qizini opichladi. Uning bundan naqadar xursand bo‘lgani ko‘z oldida qoldi.
Oradan yillar o‘tsa-da, ishi yurishmasa yo kayfiyati bo‘lmasa o‘sha kunni eslab, bo‘sh qutini ochib qararkan, tashvishlarini unutdi.
Darhaqiqat, qiz farzand otasiga o‘g‘il farzanddan ham ko‘proq mehrli bo‘lishar ekan. Hadislarda bir qiz farzandni bo‘lsa-da, tarbiyalab o‘stirgan otaga jannat bashorati berilgani bejizmas ekan.
Alloh bergan bu ne’matlarning qadriga yetaylik. Zero, qancha odamlar, o‘g‘il bo‘lsin, qiz bo‘lsin – ko‘p yillar davomida farzand ne’matiga zor.
Akbarshoh RASULOV