Hoji degan sharafli nomga sazovor bo‘lgan, Allohning baytini ziyorat qilib, Islomning beshinchi ruknini ado etgan kishi o‘z manfaatlaridan ko‘ra xalqinikini, Vataninikini ustun qo‘yadi, qo‘ya oladi. Shu bois u har joyda aziz va mukarramdirlar.
Shu yil 3 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov boshchiligida Chirchiq shahridagi «Markaziy» jome masjidida yig‘ilish o‘tkazildi.
Tadbirda Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov, Chirchiq shahar bosh imom-xatibi, imom-domlalar, hoji otalar, hoji onalar ishtirok etdi.
So‘ngra tadbir ishtirokchilari shahardagi mahallalarga tashrif buyurdilar.
Kam ta’minlangan, boquvchsini yo‘qotgan, o‘zgalar ko‘magiga muhtoj oilalar holidan xabar olinib, ularga zarur ko‘maklar berildi.
Shu bilan birga, adashib turli yot oqimlar, aqidasi buzuq kimsalar ta’siriga tushib qolgan fuqarolar, ayniqsa, yoshlarga ham hoji otalar, hoji onalar zarur tavsiyalar, yo‘l-yo‘riqlar berishdi.
Vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi, mahallalarimiz obodligini so‘rab qilingan xayrli duolar tashriflarga ma’naviy zeb bag‘ishladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida an’anaviy tarzda tashkil etiladigan fuqarolar qabuli bu safar ham aholi vakillarining murojaatlarini o‘rganish, muammolarga yechim topishga qaratildi.
Joriy haftadagi qabulda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov poytaxtimizdan hamda yurtimizning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy masalalari, taklif va mulohazalarini tingladi.
Qabul yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, fuqarolar murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish bo‘yicha choralar belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish va islohotlarga jamoatchilikni faol jalb etish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati