Bismillahir Rohmanir Rohiym
Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu aytadilar: “Qachonki, Allohning yordami va g‘alabasi kelsa” oyati nozil bo‘lganidan keyin Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam betob bo‘ldilar.
Payshanba kuni u zot alayhissalom boshlarini bog‘ich bilan bog‘lab, odamlarning oldiga chiqdilar. So‘ngra minbarga chiqib, o‘tirdilar. Ranglari sarg‘aygan, ko‘zlari yoshlanib turgan edi. Keyin Bilolni chaqirib, Madinada: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning vasiyatlariga to‘planinglar. Zero, bu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning sizlarga oxirgi vasiyatlari» deb nido qilishga buyurdilar.
Bilol roziyallohu anhu odamlarni chaqirdi, kattayu kichik – hamma to‘plandi. Uylarning eshiklari ochiqligicha qoldi, bozorlar ham o‘z holiga tashlab kelindi. Hatto bokira qizlar ham parda ortidan Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning vasiyatlarini eshitish uchun chiqib keldilar. Masjid yig‘ilganlar uchun torlik qilib qoldi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: “Orqadagilarni ham sig‘diringlar”, dedilar. So‘ng u zot sollallohu alayhi vasallam yig‘lab: “Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’un”, dedilar. Allohga hamdu sano aytdilar, payg‘ambarlarga, jumladan o‘zlariga ham salovot yo‘lladilar. Keyin uzun xutba o‘qidilar, jumladan bunday dedilar:
«Ey odamlar! Alloh taolo sizlarni qiyomatda katta bir tepalikka to‘playdi. U kun og‘ir kundir. “U kunda molu-davlat va bola-chaqa foyda bermas”. Yetkazdimmi? Ey odamlar! Tillaringizni saqlanglar, ko‘zlaringizni yig‘latinglar, qalblaringizni bo‘ysundiringlar, badanlaringizni charchatinglar, dushmanlaringizga qarshi kurashinglar, masjidlaringizni obod qilinglar, iymoningizda ixlosli bo‘linglar. Birodarlaringizga xayrixoh bo‘linglar, o‘zingiz uchun oxiratga yaxshi amal qilib jo‘natinglar, farjlaringizni saqlanglar, mollaringizdan sadaqa beringlar. Bir-biringizga hasad qilmanglar, yaxshiliklaringiz ketib qoladi. Bir-biringizni g‘iybat qilmanglar, halok bo‘lasizlar. Yetkazdimmi?»
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kimki bir mo‘minning aybini yashirsa, qiyomat kuni Alloh taolo uning aybini yashiradi”.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: “Kim odamlarning (bir rivoyatda: musulmonlarning) obro‘sidan tilini tiysa, qiyomat kuni Alloh uning toyilishini (xatosini) kechiradi”.
Bir musulmonning obro‘sini to‘kmay, yaxshilik qilgani sababidan Alloh taolo ham uni kechirim deb atalmish ulkan yaxshilik bilan mukofotlaydi.
Yorqinjon qori FOZILOV
Din va jamiyat
Islom dini kishini haddan oshish, zo‘ravonlik va adovatdan qaytaradi. Har bir ishda o‘rta yo‘lni tutish, aql bilan ish ko‘rish, adolat va insofni saqlash asosiy mezonlardan ekani ta’kidlanadi.
Afsuski, bugungi kunda ayrim kimsalar dinimizga xos muqaddas tushunchalarni noto‘g‘ri talqin qilib, o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanmoqda. Ular dinning asl mohiyati bo‘lgan tinchlik, o‘zaro mehr-muruvvat va ezgulik g‘oyalarini buzib, odamlar qalbiga mutaassiblik urug‘ini sochishga harakat qilmoqda. Bunday kimsalar xorijda turib ijtimoiy tarmoqlar orqali aqidaviy, fiqhiy, mahzab masalalarida xalqimizni chalg‘itishga urinib, mutaassiblik va boshqa yot g‘oyalarni targ‘ib qilib, ommani shubhalar girdobiga tortishga urinmoqda.
Haqiqiy dindorlik odamlardan uzilish, hayotdan chetlashish yoki boshqalarga nisbatan qattiqqo‘llik qilish emas. Balki halol mehnat qilish, ota-onaga hurmat ko‘rsatish, oilaga mas’uliyat bilan qarash, jamiyatga foyda keltirish va ibodatni ixlos bilan ado etishda namoyon bo‘ladi. Mutaassiblik esa shu muvozanatni buzadi. Bunday kishi o‘z fikrini yagona haqiqat deb biladi, boshqa qarashlarni eshitishni istamaydi. Faqat o‘z fikrini o‘tkazishga urinadi. U ko‘p hollarda dinning asl mohiyatini emas, balki o‘zining tor va biryoqlama tushunchasini himoya qiladi. Shu sababli mutaassiblik jamiyatda murosasizlik, adovat va bo‘linishlarga sabab bo‘ladi.
Aslida, chin musulmon o‘z e’tiqodida mustahkam bo‘lishi bilan birga, boshqalarga nisbatan ham odob, hurmat va insof bilan munosabatda bo‘lishi kerak. Din nomidan qo‘pollik qilish, odamlarni kamsitish, jamiyat tinchligiga raxna solish yoki zo‘ravonlikni oqlash qoralangan.
Payg‘ambarimiz alayhissalom har bir ishda – xoh u dunyoviy bo‘lsin, xoh oxirat amali bo‘lsin – o‘rtacha bo‘lishga chaqirib: “Ishlarning eng yaxshisi o‘rtachasidir”, deganlar (Imom Bayhaqiy rivoyati). Bu esa Islomda inson hayoti bir tomonga og‘ishgan emas, balki muvozanatli bo‘lishi kerakligini ko‘rsatadi.
Bu haqda Qur’oni karimda: “...Rohiblikni esa ular o‘zlari chiqarib oldilar. Biz ularga uni (rohiblikni) yozganimiz yo‘q, lekin ular o‘zlari Allohning rizoligini istab (rohiblik) qildilar-u, so‘ngra unga to‘la rioya qila olmadilar. Bas, ulardan iymon keltirganlariga mukofotlarni ato etdik. (Ammo) ularning orasida aksariyati fosiq (kofir)dirlar” (Hadid surasi, 27-oyat), deyilgan. Demak, kishi o‘z tabiatiga og‘irlik qiladigan darajada hayotdan uzilib, toat-ibodatga berilib ketmasligi kerak.
Yana bir oyatda: “Alloh senga ato etgan narsa bilan oxiratni istagin va dunyodan bo‘lgan nasibangni ham unutmagin” (Qasas surasi, 77-oyat). Musulmon kishi dunyoni deb oxiratni unutishi, oxiratni bahona qilib, zimmasidagi bu dunyo ishlarini tashlab qo‘yishi joiz emas.
Mutaassiblik ilmsizlik sababli kelib chiqadi. Ilmli kishi hech qachon o‘zgalar bilan tortishmaydi va har ishda o‘zinikini ma’qullayvermaydi. Aksincha, haq gap aytilganida tan oladi. Shuning uchun farzandlarimizga yoshligidanoq diniy bilimlarni chuqur o‘rgatib, turli fitnalardan ogoh etib borishimiz zarur. Zero, haqiqiy ilm egalarini hech qanday buzg‘unchi g‘oyalar chalg‘ita olmaydi.
G‘afurjon ESHONQULOV,
Urgut tumanidagi “Chubin” masjidi imom noibi
H. Sadriddinov uyushtirdi.
"Hidoyat" jurnalini 7-sonidan