Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Bir boy odam ko‘ngli tusagan, xayoliga kelgan har qanday narsani sotib olaverardi. Bir faqir kishi esa o‘zi xohlagan narsani sotib ololmas, farzandlariga taom, libos olib berolmasdi. Faqir farzandlariga ovqat olib berish uchun ish izlar edi. Shu asnoda boyagi boyning uyiga borib, unga qo‘riqchi sifatida ishga kirmoqchi bo‘ldi. Boy undan «nima ish qilishni istaysan» deb so‘radi. Bechora faqir «bolalarim uchun nima ish bo‘lsa qilaveraman» dedi.
Boy: «Sen uyimni qo‘riqlaysan, narsalarni yig‘ishtirasan va uyni chiqindilardan tozalaysan», dedi.
Faqir: «Ishni qachondan boshlayman» deb so‘radi.
Boy: «Hozirdan boshlaysan» dedi.
Bechora faqir ishni boshlash uchun kiyimlarini almashtira boshladi. Kunlarning birida kambag‘al ishchi ishdan xorib, charchab uyiga yo‘l oldi. Farzandlariga biroz taom, shirinliklar ko‘tarib olgan edi. Ertasi kuni ishga borsa, boy kech kelgani uchun uni haqorat qila boshladi. Oradan kunlar o‘tdi. Bechora faqir boy buyurgan barcha ishlarni qilib yurardi.
Bir kuni boy hamma narsasidan ayrilib, hech vaqosiz qoldi. Kambag‘al, faqir ishchisiga beradigan puli ham qolmadi. Bechora ishchi esa pul olmay boyning uyida tekinga xizmat qilib yurdi.
Kunlar o‘tib boyning moddiy holati yaxshilana boshladi. Ana shunda boy tekinga xizmat qilgan faqirning qadriga yetib, maoshini oshirib, mashaqqatli ishini biroz kamaytirdi. Unga o‘zining yer maydonidan bir qismini ajratib berib, u yerga faqir ishchisi va uning oilasi istiqomat qilishi uchun uy qurish harakatlarini boshlab yubordi.
Azizlar, ishingiz orqaga ketganda ham sizni tashlab ketmagan insonni qadrlang. Ishingiz o‘nglanganda uning sizga ko‘rsatgan muruvvatini munosib taqdirlang.
Unutmang, boylik, molu dunyo birovni kamsitish, tahqirlash uchun emas, balki sinov uchun beriladi.
Alloh taolo barchamizni O‘zining hidoyatidan ayirmasin va xotimamizni chiroyli qilsin!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam ta’lim berayotgan barcha duolarning tub maqsadi shuki, qay holatda, qanday ishda mashg‘ul bo‘lsangiz ham, qalbingiz faqat Alloh tomonga qarasin. Bu qalbni Alloh taolo O‘zi uchun yaratgan. Ko‘z, quloq, til va boshqa a’zolar dunyoviy ishlar uchun, ular orqali dunyoviy maqsadlarga erishiladi. Lekin qalbni Alloh taolo xolis O‘zi uchun yaratgan. Toki, unda Allohning tajalliysi (nuri) bo‘lsin, Allohning muhabbati ila yashnasin, Allohning zikri ila obod bo‘lsin.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Eng afzal amal bandaning tili Allohning zikri ila nam bo‘lishidir», dedilar.
Tilni Alloh taolo qalbga tushadigan zina qilgan. Til bilan zikr qilaversang, inshaAlloh, u zikr qalbga naqshlanib boraveradi. Alloh taoloning yodi va muhabbati shu darajada jo bo‘lsinki, qalb Alloh taoloning tajalliygohi (nuri tushadigan joy) bo‘lsin. Tariqat, tasavvuf va sulukning asl maqsadi ham shudir.
«Nasihatlar guldastasi» kitobidan