Uchrashuvda Arab parlamenti Raisi Muhammad bin Ahmad Al-Yamahiy, Bahrayn parlamenti Vakillar kengashi Spikeri Ahmad bin Salmon Al-Musallam, Misr Vakillar palatasi Spikeri Hanafiy Ali Al-Jabaliy, O‘mon Sho‘ro kengashi Raisi Xolid bin Hilol Al-Ma’avali, Qatar Sho‘ro kengashi Raisi Hasan bin Abdulloh Al-G‘anim va Birlashgan Arab Amirliklari Federal milliy kengashi qo‘mitasi raisi Ali Rashid Al-Nuaymiy ishtirok etdi.
Arab dunyosi davlatlari bilan ko‘p qirrali munosabatlarni, shu jumladan parlamentlararo aloqalar orqali yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv avvalida delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston yetakchisiga o‘z mamlakatlari yetakchilarining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdilar.
Keyingi yillarda O‘zbekiston va arab mamlakatlarining keng qamrovli sherikligi jadal rivojlanib borayotgani katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Oliy darajadagi tarixiy tashriflar amalga oshirildi, o‘zaro muloqot va almashinuvlar faol davom ettirilmoqda.
Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar Davlati bilan munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi, Saudiya Arabistoni va Misr bilan keng qamrovli hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Bahrayn Podshohligi va O‘mon Sultonligi bilan har tomonlama hamkorlik izchil rivojlanmoqda.
Ushbu mamlakatlar bilan investitsiya loyihalari portfeli 50 milliard dollardan oshdi. "Yashil" energetika, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, IT, transport va logistika, infratuzilma va turizm sohalarida loyihalar amalga oshirilmoqda. 500 ga yaqin qo‘shma korxona tashkil etildi, to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar soni haftasiga 150 tadan oshdi.
Mintaqaviy kun tartibidagi, shu jumladan Yaqin Sharqdagi vaziyatni tartibga solishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi, eng avvalo, joriy yil may oyida Samarqand shahrida "Markaziy Osiyo - Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" muloqotining ikkinchi sammitini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uza.uz
Joriy yilning 10 may kuni Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov boshchiligida Qo‘rg‘ontepa tumanidagi “Yunus Ali Oxund” jome masjidida viloyatning shahar va tumanlari bosh imom-xatiblari, otinoyilar va hojilar ishtirokida Qo‘rg‘ontepa tumani xamda Xonobod shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan masjid imom-xatiblarining faodiyat samaradorligini oshirish yuzasidan sayyor seminar yig‘ilishi o‘tkazildi.
Dastavval seminar ishtirokchilari bo‘lgan shahar-tuman bosh imom-xatiblar, otinoyilar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan xonadonlarga kirib, aholi bilan yuzma-yuz ko‘rishib, ularga ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi. So‘ng esa shahar-tuman bosh imom-xatiblari o‘zlariga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado etib, namozga kelgan jamoatga ma’rifiy suhbatlar qilib berdilar.
Seminar yig‘ilishida esa notiqlar tomonidan Qo‘rg‘ontepa tumani xamda Xonobod shahridagi masjidlarning faoliyati haqida keng ma’lumotlar berilib, tumanida faoliyat ko‘rsatayotgan imom-xatiblarning faoliyat samaradorligi oshirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tumandagi Masjid imom-xatiblik faoliyatida namunali va faol mexnat qilayotgan imom-xatib viloyat bosh imom-xatibining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘asi bilan taqdirlandi.
Andijon viloyati vakilligi matbuot xizmati