– Toshkentdagi Islom Sivilizatsiyasi markazi O‘zbekistonning madaniy muloqotni rivojlantirishga sodiqligini tasdiqlagan holda, islom merosini asrab-avaylab, bu boradagi mavjud an’analarni targ‘ib etadigan global markazga aylanishni maqsad qilgan, – deb yozadi muallif. – 2018 yil Ramazon hayiti kuni inshoot poydevoriga tamal toshi qo‘yilgan. Hazrati Imom tarixiy majmuasi hududida joylashgan markazning mahobati har qanday kishini o‘ziga rom qiladi...
An’anaviy o‘zbek me’morchiligi va zamonaviy texnologiyani mujassam etgan markaz uch qavatli keng binodan iborat, baland gumbazli islom dizayni ulug‘vorligini aks ettiradi.
Markazning maqsadi musulmon olimlari mehnatini hujjatlashtirish, UNESCO va ISESCO kabi xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda bag‘rikenglikka asoslangan qadriyatlarni targ‘ib qilishdir.
Markaz asrlar davomida islom sivilizatsiyasi rivojini o‘rganuvchi bir necha asosiy bo‘limni o‘z ichiga olgan. Ikkinchi qavatda noyob eksponatlarga boy keng muzey, kattagina majlislar zali, uchinchi qavatda minglab qo‘lyozmalar, ulkan kutubxona bor.
Ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda, butun dunyo tadqiqotchilari ishtirokida ko‘plab loyihalar amalga oshiriladigan ushbu markaz ilmiy va madaniy almashinuv maydoniga aylanishi kutilmoqda.
M.Pirmatova, O‘zA
Kecha, 13 may kuni Madina shahriga eson-omon yetib kelgan ziyoratchilarimizning ilk guruhlarini Muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, “Haj – 2025” ishchi guruhi vakillari, mamlakatimizning Saudiya Arabistonidagi “Haj” va “Umra” ishlari bo‘yicha attashesi Shuhrat Amoniy va boshqa mutasaddilar tomonidan tantanali ravishda katta ehtirom bilan kutib olindi.
Shuningdek, hamyurtlarimiz muhtasham “Zam-zam Pullman” mehmonxonasiga kirishlari bilanoq iliq qarshi olinib, zam-zam suvlari, xurmo, shirinliklar va hadyalar ulashilib, gullar ila ikrom qilindi.
Ayni damda ziyoratchilarimiz mehmonxonalarga joylashib bo‘lganidan so‘ng ixlosu imon bilan ibodatlarni ado etish, xususan, Masjidu Nabaviy va Ravzai muborakni ziyorat qilishga, yaqinlari tomonidan iltimos qilingan salomlarni Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yetkazishga oshiqmoqdalar.
Alloh taolo yurtdoshlarimizning safarlarini muborak qilib, ibodatu duolarini ijobat aylasin, Ravzai sharif ziyoratini barchamizga nasib etsin!
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati