Sayt test holatida ishlamoqda!
17 May, 2025   |   19 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:27
Quyosh
05:03
Peshin
12:24
Asr
17:26
Shom
19:40
Xufton
21:10
Bismillah
17 May, 2025, 19 Zulqa`da, 1446

Hadisda qanday erkaklar nazarda tutilgan?

08.04.2025   3999   5 min.
Hadisda qanday erkaklar nazarda tutilgan?

“Qiyomatga yaqin bitta erkakka ellikda ayol to‘g‘ri keladi”, degan gap ko‘p qulog‘imizga chalinadi. Voqelikka qarasak, qiyomatning aksar alomatlari zohir bo‘lsa ham, ayni shu alomati ko‘rinmayotgandek tuyuladi. Masalan, 2022-yilda O‘zbekiston aholisining 49,7 % aholisi ayol bo‘lsa, qolgani erkak bo‘lgan. Xalqaro nisbatni olganda ham 2022-yilda dunyoda erkaklar 50,5 % bo‘lsa, ayollar 49,5 % ga to‘g‘ri kelgan ekan. 2021-yildagi ma’lumotga ko‘ra, dunyoda erkaklar ayollardan 44 millionga ko‘proq bo‘lgan. Bu boradagi hadisni to‘g‘ri tushunib olsak, hech qanday muammo qolmaydi.    

عَنْ أَنَسٍ قَالَ : لَأُحَدِّثَنَّكُمْ حَدِيثًا لَا يُحَدِّثُكُمْ أَحَدٌ بَعْدِي : سَمِعْتُ رَسُولَ اللَّهِ صَلَّى اللَّهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ يَقُولُ : مِنْ أَشْرَاطِ السَّاعَةِ أَنْ يَقِلَّ الْعِلْمُ، وَيَظْهَرَ الْجَهْلُ، وَيَظْهَرَ الزِّنَى، وَتَكْثُرَ النِّسَاءُ، وَيَقِلَّ الرِّجَالُ، حَتَّى يَكُونَ لِخَمْسِينَ امْرَأَةً الْقَيِّمُ الْوَاحِدُ

Anas roziyallohu anhu aytadi: “Sizlarga bir hadis aytaman, mendan keyin hech kim uni sizlarga aytmaydi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday deganlarini eshitganman: “Ilmning ozayib ketishi, johillik ustun kelishi, zino ommalashishi, ayollar ko‘payib, erkaklar ozayishi qiyomatning alomatlaridandir. Hatto ellikta ayolga bitta zabardast (erkak) bo‘ladi” (Imom Buxoriy rivoyati).

Hadisdagi “erkaklar kamayadi”, deganda qanday erkaklar nazarda tutilganini Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning o‘zlari ham hadisning davomida sharhlab: “Hatto ellikta ayolga bitta qoyyim (zabardast erkak) to‘g‘ri keladi” deganlar. Biz “zabardast” deb tarjima qilgan so‘z hadisda “qoyyim” deb kelgan bo‘lib, arab tilida “ishlarni o‘z zimmasiga oluvchi”, “nazorat qilib, tutib turuvchi”, “kuchli va ishonchli” degan ma’nolarda qo‘llaniladi. Hadisning boshidagi “erkaklar kamayadi” deganlarida, farazan, har qanday erkak kishini nazarda tutganlarida “Bitta erkak kishiga ellikta ayol to‘g‘ri keladi”, deyishlari kerak edi. Ammo u zot “Bitta zabardast kishiga” dedilar. Hadisda zabardastlikka shunchalik urg‘u berdilarki, hatto “erkak” so‘zini ham ishlatmay, uning sifatini zikr qilish bilan kifoyalandilar.

Yuqoridagi hadisning sharhida yigirmanchi asr mujtahidi Anvarshoh Kashmiriy bunday degan: “Hadisning boshqa bir tariqida “bitta ishonchli (omonatdor) qoyyim erkak to‘g‘ri keladi” deb aytilgan. Shu rivoyat bilan barcha muammo yechiladi. Chunki bunday erkak hozir ham juda kamdir”.

Hadisi sharifda “erkaklar ozayishi”dan “haqiqiy va mukammal erkaklar” nazarda tutilganiga yana bir dalil. Arab tilida bir jins mutlaq (umumiy) aytilganda va o‘ziga xos ishoralar bo‘lganda o‘sha jinsdagi eng mukammal tabaqa nazarda tutiladi. Shihob Xafojiy (1069-yil vaf.) “Tafsiri Bayzoviy”ga yozgan hoshiyasida: “So‘z mutlaq ishlatilganda o‘z zimnidagi eng mukammal turni anglatadi” deganlar. Masalan, Alloh taolo ba’zi oyatlarda Qur’oni karimni “Kitob” deb nomlagan, bunda “Eng mukammal kitob”ni nazarda tutgan bo‘ladi. Imom Sibavayh nahv bo‘yicha yozgan asarini “Al-kitab” deb ataganining sababi ham shu, ya’ni nahvdani eng mukammal kitob, demoqchi bo‘lgan. Yana bir misol: Imom Muslim rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam:

 “أَلَا إِنَّ الْقُوَّةَ الرَّمْيُ، أَلَا إِنَّ الْقُوَّةَ الرَّمْيُ، أَلَا إِنَّ الْقُوَّةَ الرَّمْيُ

“Ayo, albatta, quvvat otish(da)dir” deb uch marta aytganlar. Aslida quch-qudrat otishdan boshqa urush qurollarida ham mavjud. Balki hadisning ma’nosi: “Haqiqiy, eng shiddatli va eng kuchli quvvat otish qurollaridadir” degani.

Demak, hadisga ko‘ra, qiyomatga yaqin, alalxusus, bugungi kunimizda ham ayolini maromida ushlab turadigan, taqvodor, omonatdor, rostgo‘y, quvvatli, ham o‘zining, ham boshqaning muammolarini yelkasiga olib, hal qilib beradigan bitta erkakning muqobilida ellikta yo undan ham ko‘proq ayol to‘g‘ri keladi.

Keling, taxminiy hisob qilib ko‘ramiz. Hozir dunyoda 8 milliard aholi bor. Ulardan 2 milliardi geografik musulmonlar. Shulardan taxminan 1 milliardi erkak bo‘lsa, 25 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgani shu adadning yarmiga to‘g‘ri keladi, ya’ni 500 million bo‘ladi, chunki ishlarni idora qila oladigan erkaklar shu yosh orasida bo‘ladi. 500 million musulmon erkaklardan betaqvo, fosiq, o‘g‘ri, zinokor, na namozi, na niyozi bor, umrida boshi sajdaga tegmagan, tegsa ham bir haftada bir marta jumaga borib qo‘yadigan, halol haromni farqlamaydigan, omonatsiz, yolg‘onchi, poraxo‘r, dayus, ro‘za tutmaydigan, zakot bermaydigani nechta deb o‘ylaysiz? Hadisda shunday odamlar kirmasligi uchun ham haqiqiy musulmon erkak sifati keltirilgan. Har yettida erkakdan bittasi haqiqiy taqvodor erkak desak ham, 500 million musulmon erkakdan 70 milliontasi mana shunday sifatga ega bo‘lib chiqadi. Dunyodagi barcha ayollarni 4 milliard deb olsak, har ellik yettida ayolga bitta shunday erkak to‘g‘ri kelar ekan. Demak, hadisning ma’nosi hozirgi kunimizga ham muvofiqdir.

Abdulbosit Abdulvohid,
Hadis ilmi maktabi talabasi.

Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Bitiruvchi talabalar bilan ish beruvchi tashkilotlar uchrashuvi

14.05.2025   5846   2 min.
Bitiruvchi talabalar bilan ish beruvchi tashkilotlar uchrashuvi

Bugun, 14 may kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Yoshlar – yangi O‘zbekiston kelajagi bunyodkori” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi o‘tkazildi. Unda turli ish beruvchi vazirliklar, tashkilot, korxona va muassasalar qatorida O‘zbekiston musulmonlari idorasi va uning tizimidagi Toshkent islom instituti, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi mas’ul vakillari ishtirok etdi.


Tadbirni kirish so‘zi bilan ochib bergan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov diniy-ma’rifiy sohadagi so‘nggi yangiliklar, yoshlar ta’lim-tarbiyasiga berilayotgan e’tibor, oliygoh faoliyati to‘g‘risida so‘zlab berdi.


Uchrashuv davomida 2024-2025-o‘quv yilida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasini bakalavr bosqichini 309 nafar, magistratura bosqichini 95 nafar talaba tamomlayotgani aytib o‘tildi.


Hamkor tashkilotlar ko‘lami yil sayin ko‘payib borayotgani, hozirgi kunga qadar Akademiya va tashkilotlar o‘rtasida 100 dan ortiq hamkorlik bo‘yicha memorandum va shartnomalar imzolangani bayon etildi.


Tadbirning amaliy qismida ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbatlari tashkil etildi. Mazkur jarayonda 70 ga yaqin davlat va nodavlat tashkilotlari vakillari, jumladan, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, "Ko‘kaldosh" o‘rta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti,  O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Milliy arxivi, Alfraganus universiteti va boshqa ko‘plab hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdi. 100 dan ziyod talaba bilan mehnat shartnomalari tuzildi.


Tadbirda faollik ko‘rsatgan ish beruvchi tashkilotlar vakillariga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari, tashakkurnomalar topshirildi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

Bitiruvchi talabalar bilan ish beruvchi tashkilotlar uchrashuvi Bitiruvchi talabalar bilan ish beruvchi tashkilotlar uchrashuvi Bitiruvchi talabalar bilan ish beruvchi tashkilotlar uchrashuvi Bitiruvchi talabalar bilan ish beruvchi tashkilotlar uchrashuvi Bitiruvchi talabalar bilan ish beruvchi tashkilotlar uchrashuvi Bitiruvchi talabalar bilan ish beruvchi tashkilotlar uchrashuvi Bitiruvchi talabalar bilan ish beruvchi tashkilotlar uchrashuvi Bitiruvchi talabalar bilan ish beruvchi tashkilotlar uchrashuvi Bitiruvchi talabalar bilan ish beruvchi tashkilotlar uchrashuvi
O'zbekiston yangiliklari