Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Liviyalik mashhur zot Umar Muxtor rahimahulloh ayoli vafot topganida yig‘ladi. Uning yonidagilar:
— Sizdek insonning yig‘laganini ko‘rmagan edik, nima sababdan yig‘ladingiz? - deyishdi. Shunda Umar Muxtor javob berdi:
— Italiya bosqinchilari bilan janglardan qaytganimda chodirga kirar ekanman, ayolim har safar chodirning parda-eshigini ko‘tarib turar «Nega bunday qilasan?», desam, «Allohdan boshqaning huzurida boshingizni doimo tik tutishingizni xohlayman», derdi. Shuni eslab ko‘zimga yosh keldi.
Ali roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: «Men kasalimdan shikoyat qilib: «Allohim, agar ajalim yaqinlashgan bo‘lsa, meni rohatlantir, agar ajalimni kechiktirgan bo‘lsang, mendan kasallikni ko‘tar. Agar balo keltirgan bo‘lsang, menga sabr ber», deb aytayotganimda, nogahon oldimdan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam o‘tib qoldilar. Va: «Nima deding?» deb so‘radilar. Men aytganlarimni takrorladim. U zot oyoqlari bilan meni turtib: «(Yo‘q,)
اللهُمَّ عَافِهِ أَوْ اشْفِهِ
«Allohumma ’afihi» yoki «Allohumma ishfihi» (Allohim, ofiyatda qil yoki shifo ber), deb ayt», dedilar. Men ana shu kundan keyin kasallikdan shikoyat qilmadim» (Imom Termiziy rivoyati).