Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Liviyalik mashhur zot Umar Muxtor rahimahulloh ayoli vafot topganida yig‘ladi. Uning yonidagilar:
— Sizdek insonning yig‘laganini ko‘rmagan edik, nima sababdan yig‘ladingiz? - deyishdi. Shunda Umar Muxtor javob berdi:
— Italiya bosqinchilari bilan janglardan qaytganimda chodirga kirar ekanman, ayolim har safar chodirning parda-eshigini ko‘tarib turar «Nega bunday qilasan?», desam, «Allohdan boshqaning huzurida boshingizni doimo tik tutishingizni xohlayman», derdi. Shuni eslab ko‘zimga yosh keldi.
#xabar #tashabbus
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus amalga ko‘chib, yurtimiz bo‘ylab qizg‘in pallaga kirmoqda. Jumladan, hojilar kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbir va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish, mehr-oqibat kabi xayrli ishlarini amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatishmoqda.
11 iyul, muborak juma kunida Andijon, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahri hojilari, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib borishdi. Tashabbus doirasida joylardagi yuzga yaqin ijtimoiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj xonadon xolidan xabar olinib, ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Ajrim yoqasida turgan oilalar saqlab qolinib, ularga oila mustahkamligi bo‘yicha tushunchalar berildi, yoshlarga pandu nasihatlar qilindi.
Hojilar ishtirokida o‘tkazilayotgan bunday ezgu tadbirlar tufayli moddiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj oilalar vakillari, bemor fuqarolar o‘zlarining yolg‘iz emasliklarini, davlatimiz, xalqimiz har doim ular bilan yelkadosh ekanini teran his etishmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati