Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Liviyalik mashhur zot Umar Muxtor rahimahulloh ayoli vafot topganida yig‘ladi. Uning yonidagilar:
— Sizdek insonning yig‘laganini ko‘rmagan edik, nima sababdan yig‘ladingiz? - deyishdi. Shunda Umar Muxtor javob berdi:
— Italiya bosqinchilari bilan janglardan qaytganimda chodirga kirar ekanman, ayolim har safar chodirning parda-eshigini ko‘tarib turar «Nega bunday qilasan?», desam, «Allohdan boshqaning huzurida boshingizni doimo tik tutishingizni xohlayman», derdi. Shuni eslab ko‘zimga yosh keldi.
Hayotning bo‘ronli kunlariyu o‘tkir tig‘li hanjarlari unga ozor berishiga qaramay Allohning qadari va irodasiga rozi bo‘lib uyquga ketgan, mahzunlik uning qalbiga kirishga yo‘l topa olmayotgan, ko‘z yoshlar esa ko‘ziga hech o‘rnasha olmayotgan va farzandi, suyukli insonlari, ota-onasi yoki do‘stlarini yo‘qotgan barcha insonlarga aytar gapimiz: Alloh ajringizni ulkan qilib bersin! Darajangizni oliy qilsin! Siniqligingiz o‘rnini O‘zi to‘ldirib bersin! U zot bunday marhamat qiladi:
﴿وَاسْتَعِينُوا بِالصَّبْرِ وَالصَّلَاةِ وَإِنَّهَا لَكَبِيرَةٌ إِلَّا عَلَى الْخَاشِعِينَ﴾
“Sabr va namoz ila yordam so‘rang. Va, albatta, u nafsi siniqlardan boshqalarga juda katta ishdir” (Baqara surasi, 45-oyat).
Hazrati Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Sabrning iymondagi o‘rni boshning jismdagi o‘rni kabidir”. Shuning uchun siz sabringiz evaziga beriladigan mukofot – Firdavs jannatini qo‘lga kiritishingiz sizga xushxabar bo‘lsin! Tez orada siz har qanday holatda ham muvaffaqiyat qozongan inson ekaningizni bilasiz. Chunki Alloh taolo O‘zining Payg‘ambariga bunday deydi:
﴿وَبَشِّرِ الصَّابِرِينَ﴾
“Va sabrlilarga bashorat ber” (Baqara surasi, 155-oyat).
Shu’la: O‘zingizga bo‘lgan ishonch umringiz qanday bo‘lishidan qat’iy nazar sizga yangi g‘oyalar ijod etishingiz va o‘z kasbingizda yangi marralarni zabt etishingizga yordam beradi.
Doktor Oiz al-Qarniyning
"Dunyodagi eng baxtli ayol" kitobidan