Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Arab o‘lkalarida jismoniy jihatdan muammoli shaxslarga nisbatan invalid yoki nogiron so‘zlari ishlatilmaydi. Shuningdek, aqliy rivojlanishdan ortda qolgan, autizmdan azob chekayotgan yoxud nutq yoki eshitish muammosiga ega bo‘lgan kishilar, Daun sindromiga chalingan va hokazolarga nisbatan ularni ranjitishi mumkin bo‘lgan so‘zlar qo‘llanmaydi. Balki, ular (jismoniy va aqliy nuqsoni borlar) "أصحاب الهمم" «himmatlilar» ,«irodali shaxslar» deb ataladi.
Ushbu istilohni ilk bora Dubay amiri shayx Muhammad bin Roshid Oli Maktum 2016 yili taklif qilgan va shundan beri barcha arab davlatlarida keng ko‘lamda qo‘llanib kelmoqda.
Unga qadar ham jismoniy, aqliy, hissiy, nutqiy, ijtimoiy, ta’limiy qobiliyatlarida to‘liq yoki juz’iy nuqsonga ega bo‘lgan shaxslarga nisbatan umumiy tarzda "ذوو الاحتياجات الخاصة" «maxsus ehtiyoj sohiblari» degan chiroyli atama qo‘llangan.
2016 dan beri esa bunday shaxslar umumiy tarzda «irodalilar», «himmatlilar» deb atalmoqda.
Ular autizmni ham «tavahhud», ya’ni «yolg‘izlanish» so‘zi bilan ifoda qiladilar, autizmga chalinganlarni esa «mutavahhid» deydilar.
Arablar qadimdan evfemizmga murojaat qilib keladilar, qo‘pol yoxud ruhiy jihatdan «yuki og‘ir» bo‘lgan so‘zlarni go‘zalrog‘iga almashtiradilar. Masalan, tilanchiga rad qilmoqchi bo‘lsalar "الله يفتح عليك" «Alloh sizga baraka eshiklarini ochsin!» degan duodan iborat go‘zal so‘z ishlatadilar, «bor, yo‘qol, ket!» demaydilar.
Qadimda biror kimsaning majnun va devona bo‘lib qolgani haqida gapirmoqchi bo‘lsalar "به لطف الله" ya’ni, «Alloh lutf qilgan odam» deganlar.
Nabiy sollallohu alayhi vasallam ham yaxshi so‘zdan xushlanar, salbiy ma’noga ega bo‘lgan nomlarni ijobiysiga o‘zgartirar edilar. «Yasrib»ni «Toba»ga, o‘zgartirganlari, ba’zi kimsalarning salbiy ma’no tashigan ismini yaxshirog‘iga o‘zgartirishlari va boshqa shu kabi ko‘plab holatlar so‘zimizga dalildir. Siyratda bunga misollar ko‘p.
Qur’oni Karimda ham bunga misollar juda ko‘p. Masalan, jinsiy aloqa, jimo’, qo‘shilish kabi so‘zlarning o‘zi ham aslida evfemizm hisoblanadi. Lekin, Qur’oni Karim bu so‘zlardan ham qochib, mazkur tushunchani "الملامسة", "المباشرة" (tegmoq, teginmoq), "قرب" (yaqinlashmoq), "اتيان" (kelmoq) kabi so‘zlar bilan ifoda qiladi.
Sahobalar ham so‘zni go‘zal qilish va so‘zda odobga rioya qilganlar. Agar kimningdir kasalligi haqida xabar berilsa, xasta yoki kasal emas, solim ya’ni sog‘lom so‘zi ishlatilgan. Masalan, falonchi qanday deb so‘ralganda «solim (sog‘lom)» deb javob berilsa, bu uning xastaligini anglatgan.
Bir kuni hazrat Umar roziyallohu anhu huzurlarida bir inson boshqasiga falon narsa qo‘ltig‘ing tagida turibdi, deganda (ehtimol, chalqancha yotgan yoxud qo‘lini uzatib yotgan bo‘lib, mazkur a’zosi ostida nimadir bo‘lgan bo‘lishi mumkin), hazrati Umar roziyallohu anhu «so‘zlaringizni go‘zallashtiring «qo‘ltig‘ing tagida emas, qo‘ling tagida» deng!», deya so‘zlarni chiroyliroqlariga almashtirib, xunuklaridan kinoya qilishga buyurganlar.
Xulosa shuki, musulmon kishi imkon qadar qo‘pol so‘zlardan qochishi, kalomini go‘zallashtirishi matlub va bu islom odobi hamdir.
Ba’zilar, tilda borku deya o‘ta xunuk va qo‘pol so‘zlarni bemalol ishlatishlariga guvoh bo‘lamiz va buni xato deb bilamiz. Musulmon kishi imkon qadar xunuk va qo‘pol, fohish so‘zlarni ochiq gapirmasdan yengilrog‘i, chiroylirog‘i bilan o‘zgartirib, unga neytral so‘zlar vositasida ishora qilishi maqsadga muvofiq.
Alisher Sultonxodjayev
“Umra Plyus turizmi: O‘zbekiston va Misr o‘rtasida strategik turizm hamkorligi” mavzusidagi tadbir “Umra Plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Turizm qo‘mitasi hamda mamlakatimizning Misrdagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Misr hukumati, turoperatorlar, sayyohlik agentliklari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad O‘zbekistonni misrlik sayyohlar uchun nafaqat ziyorat, balki tabiat, qishki dam olish, agroturizm va milliy taomlar bilan bog‘liq sayohatlar yo‘nalishi sifatida ham tanitishdan iborat. Shuningdek, ikki mamlakat turoperatorlari o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma turistik mahsulotlar yaratish va sayyohlar oqimini oshirish masalalari muhokama qilindi.
Tadbir doirasida “O‘zbekiston: tog‘lar, qor va ta’mlar” nomli taqdimot o‘tkazildi. Unda misrlik sayyohlar uchun o‘ziga xos bo‘lgan qishki dam olish va chang‘i sporti imkoniyatlari, Zomin milliy bog‘i, Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarining boy tabiiy merosi, milliy gastronomiya va hunarmandchilik mahsulotlari namoyish etildi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonning oilaviy sayohatlar uchun qulay turistik maskanlari va tashrif buyurishga arziydigan asosiy sayyohlik obyektlari haqida ma’lumot berildi.
Misrlik turoperatorlar e’tiboriga ikkita namunaviy sayyohlik yo‘nalishi ham havola etildi. Xususan, Toshkent, Chimyon–Chorvoq, Farg‘ona vodiysi va Samarqandni qamrab olgan sakkiz kunlik “Tog‘lar, ta’mlar va meros” hamda Amirsoy, Zomin, Aydarko‘l va Samarqand bo‘ylab tashkil etiladigan yetti kunlik “Tabiat va ta’mlar” turlari taqdim qilindi.
Tadbir yakunida misrlik turoperatorlar va jurnalistlar uchun axborot safarlarini tashkil etish, qo‘shma marketing tadbirlarini o‘tkazish, O‘zbekistonning qabul qiluvchi turoperatorlari bilan biznes uchrashuvlarini yo‘lga qo‘yish hamda hamkorlarni arab tilidagi reklama va axborot materiallari bilan ta’minlash taklif etildi.
Shuningdek, Misrdan O‘zbekistonga sayyohlar oqimini oshirish maqsadida Misr Turizm federatsiyasi, “Dahab Grupp”, “Best Kontrol” tashkilotlari hamda “Umra Plyus” xalqaro turizm assotsiatsiyasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati