Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Misvok qilish og‘izni poklovchi sifatida har bir ibodatimizda zarur va muhim vositadir. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ummatlariga mashaqqat bo‘lishini mulohaza qilganlari sababidangina ularga har tahoratda misvok qilishni buyurmaganlarining o‘ziyoq bu ishga qanchalar ahamiyat berganlarini ko‘rsatib turibdi. Siyrat kitoblaridan ma’lumki, janob Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vafotlariga qadar muntazam misvok qilganlar.
Ammo hozirgi paytda musulmonlarimiz bu muhim ishga e’tiborsiz bo‘lib qolishgan. Ayrimlari misvokni yonda olib yurishsa ham, tahoratda uni tishga tekkizib qo‘yish bilan kifoyalanishadi, tishlari sarg‘ayganicha qolaveradi. Ba’zilari esa tishlarini zamonaviy vositalar bilan yaltiratib yuvishadi, misvok qilish ham bir ibodat, ibodat bo‘lganda ham Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ta’kidlagan ibodat ekanini unutib qo‘yishadi, Robbini rozi qilishni o‘ylashmaydi. Ko‘plar misvok tutish tartiblarini bilishmaydi. Unga chang-g‘ubor tegmasligi uchun maxsus g‘ilofda olib yurish, har gal misvok qilishdan oldin va keyin uni yaxshilab yuvish, toza holda saqlash lozim bo‘ladi.
Misvok borasida yuzdan ortiq hadislar vorid bo‘lgan. Bundan tashqari sahobiylarning ham misvokning fazilatlari, foydalari haqidagi so‘zlari ko‘p. Aliy ibn Abu Tolib roziyallohu anhu: «Og‘izlaringiz Qur’on yo‘lidir. Uni misvok bilan tozalang», «Qur’on o‘qish, ro‘za tutish va misvok ishlatish xotirani kuchaytiradi», deganlar. Abbos ibn Abdulmuttalib roziyallohu anhu: «Nega sarg‘aygan tishlaringiz bilan huzurimga kirasiz? Misvok ishlating», deb aytganlar. Imom Avzoiy: «Misvok qo‘llamoq tahoratning yarmidir», deganlar.
Arok daraxti shoxchalaridan tayyorlanadigan misvokning foydalari, shifobaxsh xossalarini qadimda yaxshi bilishgan. Hofiz Ibn Hojar roziyallohu anhu hamda Ibn Qoyyum misvokning o‘ttizdan ortiq foyda va xususiyatlarini sanab o‘tishgan. Quyida shulardan ayrimlarini keltiramiz:
1. Misvok Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning aslo tark etmagan sunnatlari.
2. Allohning roziligiga erishtiradi.
3. Og‘izdagi badbo‘ylarni xushbo‘ylashtiradi.
4. Tishlarning chirishi va darz ketishining oldini oladi.
5. Milklarni mustahkamlab, qonashi va yiringlashini yo‘qotadi.
6. Og‘iz suvini yumshatadi, balg‘amni ko‘chiradi, ovozni tiniqlashtiradi, nutq talaffuzini yengillashtiradi.
7. Oshqozon faoliyatini yaxshilab, ovqat hazmiga yordam beradi.
8. Yurak, me’da, ko‘z asablarini mustahkamlaydi.
9. Ko‘zni ravshan, nazarni o‘tkir qiladi, ko‘z og‘rishini to‘xtatadi.
10. Uyquni qochirib, yuzni go‘zallashtiradi, keksayishni kechiktiradi.
11. O‘limdan boshqa ko‘plab xastaliklarga davo bo‘ladi.
12. Farishtalarni mamnun-xursand, shaytonni xafa qiladi.
13. Hasanotlarni ko‘paytiradi.
14. Xotirani kuchaytiradi, zakovatni orttiradi, zehnni ochadi.
15. Shahodat kalimasini eslattiradi, yodga tushiradi.
16. Jon berishni osonlashtiradi.
17. Iymon bilan ketishga sabab bo‘ladi.
Olimlar misvok uchun ishlatiladigan daraxt shoxlarini kimyoviy tahlildan o‘tkazib, aql bovar qilmaydigan xossalari va afzalliklarini aniqladilar hamda hadisi sharifning ilmiy mo‘jizalariga yana bir karra tan berishga majbur bo‘ldilar. Kuzatish va tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, misvok inson organizmida qon quyulishining oldini oluvchi va turli bakteriyalarni yo‘qotuvchi toza va xushbo‘y moddalarga boy ekan. Ilmiy izlanishlarning xulosasi shu bo‘ldiki, arok daraxtida mavjud moddalar hozirgi tish tozalash ma’jun (pasta)larining hammasidan ko‘ra tish va sog‘liq uchun foydaliroq ekan. Aniqrog‘i, uning tarkibidagi foydali moddalar hech qaysi tish pastasida uchramaydi. Zamonaviy tibbiyot ilmi xulosasiga ko‘ra, misvokning quyidagi foydalari bugunga kelib aniqlandi:
1. Tarkibida ftor moddasi bo‘lgan misvok tishlarning yemirilishi (kariyes) oldini oladi.
2. Misvok xlor moddasiga ega bo‘lgani uchun tishlardagi turli rang, kir, dog‘larni ketkazadi.
3. Uning tarkibidagi silikat moddasi tishlarni yaxshigina oqartiradi.
4. Misvokdagi fosfor moddasi tishni chirituvchi bakteriyalardan himoyalaydi.
5. Trimetilamin va darmondorilar milklarni yorilishdan asraydi, jarohatlarni tuzatadi va tishlarning sog‘lomligini ta’minlaydi.
6. Eng asosiysi sigareta va nos chekishni tashlovchilarga yaxshi yordam beradi.
Misvok ishlatishning afzal vaqtlari:
– Tahorat vaqtida.
– Namozdan oldin.
– Qur’on qiroatidan avval.
– Ovqatdan keyin yoki taom qoldig‘i sababli og‘iz hidi o‘zgarganda.
– Uzoq sukut yoki ko‘p gapirgandan so‘ng.
– Uyquga yotishdan oldin.
– Uyqudan uyg‘ongan mahal.
– Biror manzilga kirish yoki ahliga yo‘liqishdan avval.
– O‘lim talvasasi va Parvardigor huzuriga rihlat qilayotgan mahalda.
Ko‘pchiligimizga jo‘n tuyulgan va ko‘pda ahamiyat berilmaydigan pokizalik vositasi, tish tozalash vositasi bo‘lmish misvokning foydalari, shifobaxshligi, xususiyatlari haqida hadis kitoblarida, ilmiy adabiyotlarda bundan ham ko‘p va keng ma’lumotlar berilgan.
«Mo‘minning me’roji» kitobidan
Ulamolar Qur’on tilovatining savobi dunyodan o‘tganlarga yetadi deganlar. Hanafiy mazhabining imomlaridan Abu Ja’far Tahoviy “Aqidatu Tahoviya” kitobida: “Tiriklarning duo va sadaqalaridan o‘lganlarga manfaat bordir”, deb keltiradi.
“Ro‘za, namoz, Qur’on qiroati va zikr kabi badaniy ibodatlarni qilib o‘tganlarga bag‘ishlasa savobi yetadimi, yo‘qmi” degan masalada biroz ixtilof bor. Imom Abu Hanifa, Imom Ahmad ibn Hanbal va jumhur ulamolar “Badaniy ibodatning savobi o‘lganlarga yetadi”, deganlar.
Ibn Hoj “Madhal” kitobida: “Kim qiroati hech xilofsiz mayitga yetishini xohlasa, shu ishini “Ey Alloh! Qiroatimning savobini falonchiga bergin”, deb duoga aylantirsin”, deydi.
Ibn Hoj agar Qur’on tilovatidan keyin duo qilib, uning savobi marhumga bag‘ishlansa, bu yerda ixtilof qolmaydi, demoqdalar. Yurtimizda urf bo‘lgan marosimlarda ham xuddi mana shunday yo‘l tutiladi va bu amal shar’an joiz hisoblanadi.
Dinimizda inson o‘lishi bilan unut bo‘lmaydi, ularning tiriklar zimmasida haqlari bo‘ladi. Shuning uchun ham Islomda o‘tganlarning haqlariga duo qilishga targ‘ib etilgan. Qur’oni karimda o‘tganlarning haqiga mag‘firat so‘rab duo qilgan mo‘minlar zikr qilinadi.
Alloh taolo Hashr surasi 10‑oyatda shunday marhamat qiladi: “Ulardan keyin kelgan zotlar ayturlar: «Ey Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari imon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda imon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey Rabbimiz! Albatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!”.
Ushbu ilohiy ta’lim asrlar osha musulmon olamida amalda joriy bo‘lib kelgan. Shu bilan birga, o‘tganlarning nomidan yaxshi amallar qilib, savobini ularga bag‘ishlash ham bevosita Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning tavsiyalari bilan joriy qilingan amaldir. Bu mavzuga oid ta’limotlarni chuqur o‘rgangan ulamolar Qur’on tilovat qilib, savobini o‘tganlarning haqiga bag‘ishlash ham mazkur shar’iy ko‘rsatma ostiga doxil ekanini ta’kidlaydilar.
Xulosa shuki, bir qancha manbalarda Qur’on qiroatining savobi vafot etganlarga yetib borishi aytilgan. «Hidoya», «Badoi’», «Bahr» va boshqa kitoblarda bu haqda yetarlicha ma’lumotlar topiladi. Shunday ekan, bu boradagi har xil noto‘g‘ri fatvolarga e’tibor bermaslik kerak.
To‘raqo‘rg‘on tumani "Yandama" jome masjidi imom xatibi Abduraxim Surobbayev
Manba: http://t.me/Softalimotlar