2025 yil – “Atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili”da “Yashil makon” loyihasi doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi tashkilot va diniy soha xodimlari faol ishtirok etmoqda.
Xususan, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutida rektorimiz U.G‘afurov boshchiligida prorektorlar, kafedra mudirlari, bo‘lim boshliqlari, bir guruh o‘qituvchi, xodimlar institut asosiy binosi atrofiga iqlimga tez moslashadigan, kislorod ko‘p ishlab chiqaradigan igna bargli va mevali daraxtlar, gullar ekishdi.
Institut hududida ekilgan ko‘chatlar “Yashil makon”ga aylantirish bilan birga yoshlarni, talabalarni tabiatga mehr qo‘yishga undash, shuningdek, dinimizda aytilganidek xushmanzara bog‘-rog‘lar barpo etib atrof-muhitni obod qilishdir.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun nafaqat O‘zbekiston, balki dunyodagi ko‘plab mamlakatlar iqlim o‘zgarishlarining salbiy oqibatlarini yaqqol his qilayotganini qayd etdi.
Anas ibn Molik roziyaallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi va sallamdan rivoyat qiladi: “Agar bir muslim banda ko‘chat o‘tkazsa yoki ekin eksa, undan qushmi, insonmi yoki hayvonmi yesa, buning uchun unga sadaqa (qilganlik savobi) bo‘ladi” (Imom Muslim rivoyati).
Bu hadis ko‘chat ekishning fazilati va ahamiyati nechog‘lik ulug‘ ekaniga dalolat qiladi va ko‘chat ekuvchilarning Alloh dargohida erishadigan ajr-savoblardan xabar beradi. Ushbu amal insonga nafaqat tirikligida, balki vafotidan so‘ng ham manfaat yetkazib turadi, Qiyomat kunigacha sadaqai joriya sifatida banda foydasiga xizmat qiladi.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari Madinada ajva xurmosini ekkanlari manbalarda keltirilgan.
Abdulloh ibn Zubayr roziyallohu anhu aytdilar: “Nabiy alayhissalom amakilari Abbosga farzandlarini ko‘chat ekishga buyurishlarini, albatta, ko‘chat ekish faqirlikni ketkazishini amr etdilar”.
Ko‘chat ekish, mavjud daraxtlarni asrab avaylash har bir fuqaroning insoniy vazifasi bo‘lib, evaziga ulkan savoblarga erishadi, buning natijasida shahar va qishloqlar obod, aholi esa xushmanzara va toza havodan bahramand bo‘ladilar.
I.Dadabayev,
Yoshlar bilan ishlash,
ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi xodimi
Farzand uchun ota-onaga xizmat qilib, ularning roziligini olishdan ham ulug‘roq saodat yo‘q. Boisi Alloh taolo rizosi ota-ona roziligiga bog‘langan.
Mehribon Robbimiz ota-ona roziligini topish uchun bizlarga uning yo‘llari va vositalarini oson qilib qo‘ygan. Nafaqat hayotliklarida, balki dunyodan ko‘z yumganlaridan keyin ham ularga yaxshilik qilish shulardan biridir.
Shariatimizda ota-ona nafaqat hayotlik chog‘larida, balki ular bu dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin ham haqlarini ado etmoqlik farzand zimmasidagi vazifalardan sanaladi. Ana shulardan biri ota-ona yaqinlari va do‘stlariga yaxshilik qilishdir.
Ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umarning eshagi va sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagini minib ketayotgan edi, oldidan bir a’robiy o‘tib qoldi. Shunda “Sen falonchining o‘g‘li emasmisan?” dedi. U: “Ha, shunday”, dedi. Ibn Umar unga eshakni berib, “Bunga minib ol”, dedi va sallasini berib: “Buni boshingga o‘rab ol”, dedi.
Sheriklaridan biri unga: “Alloh sizni mag‘firat qilsin! Charchaganda minib turadigan eshagingizni, boshingizga o‘raydigan sallangizni mana shu a’robiyga berdingiz-a?” dedi. Ibn Umar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Yaxshiliklarning eng yaxshisi – kishi otasi ketganidan (vafot etganidan) so‘ng uning yaxshi ko‘rganlariga yaxshilik qilishidir”, deganlarini eshitganman. Uning otasi (otam) Umarning do‘sti edi”, dedi” (Imom Muslim rivoyati).
Abu Usayd Molik ibn Rabi’a So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik, Bani Salimalik bir kishi kelib, “Yo Allohning Rasuli, ota-onamning vafotidan keyin ularga qilishim mumkin bo‘lgan yaxshiliklardan biror narsa qoldimi?” dedi. U zot: “Ha. Ularning haqqiga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ulardan keyin ahdlariga vafo qilish, ular orqaligina bog‘lanadigan silai rahmni bog‘lash va ularning do‘stlarini ikrom qilish”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Hadisi sharifda farzand o‘z ota-onasiga qiladigan yaxshilik ularning vafotlaridan keyin ham davom etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, farzand ota-onasi haqqiga ularning vafotidan keyin ham mag‘firat so‘rab duo qilib tursa, ular uchun Alloh taologa istig‘for aytishni kanda qilmasa, inshoAlloh ota-onasining savobiga savob qo‘shilib boraveradi, darajasi esa ko‘tariladi. Yana bir muhim jihat shuki, farzandlar ota-onasining yaqinlariga hamisha sila rahm qilishi, ularning hollaridan xabar olib turishlari lozim.
Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Otangning do‘stligiga rioya qil, shunda Alloh taolo nuringni so‘ndirmaydi”, deganlar.
Demak, ota bilan do‘stlashgan har qanday odamlardan aloqani uzmaslik kerak.
Ilyosxon AHMЕDOV