Uchrashuvda markaz binosidagi 14 ta ravoqdan oxirgi ikkitasi uchun mo‘ljallangan asarlarning tayyorlanish jarayoni muhokama qilindi.
— Bu ikki ravoq juda ajoyib va muhtasham yaratilishi kerak. Biz bugun muhokama qilgan Birinchi va Ikkinchi Renessans davri ravoqlari go‘zal ishlangan, ming yillik tarix va madaniyatimiz, allomalarimiz qiyofasi gavdalangan. Bugun shu ravoqlarning ikkitasi haqida gaplashdik. Demoqchi bo‘lganim, 14 ta ravoqning barchasi bir-birini to‘ldirib borishi va bir butun kompozitsiya yaralishi kerak — dedi, tarix fanlari doktori, professor Jannat Ismoilova.
Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan Qur’oni Karim zalidan o‘rin oladigan sakkizta gilam masalasi ham ko‘rib chiqildi. Qur’on zaliga qo‘yiladigan gilamlarni Qur’on oyatlarining ketma-ketligi bo‘yicha joylashtirish uchun o‘z maslahatlarini berishdi va ularning mazmun-mohiyatiga alohida to‘xtalishdi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 29 yanvar kuni ushbu markazga qilgan tashrifi jarayonida bildirilgan fikrlar, mulohazalar va tavsiyalari asosida oxirgi uchta ravoq uchun mo‘ljallangan rang-tasvir asarlarning mavzulari qayta ko‘rib chiqilgan edi.
Mazkur asarlarni yaratish uchun maxsus rassomlar guruhi tashkil etilgan bo‘lib, unga O‘zbekiston xalq rassomi, davlat mukofoti sovrindori, akademik Alisher Aliqulov rahbarlik qiladi.
Ishning mashaqqatli tomonlaridan biri shundaki, tarixiy shaxslarning qiyofasini yaratishda ilmiy va ijodiy yondashuv talab qilinadi. Nafaqat tashqi qiyofani shakllantirish balki o‘sha davr nafasini berib turadigan san’at asari yaratish lozimligi ta’kidlandi.
Cisc.uz
Har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida an’anaviy tarzda tashkil etiladigan fuqarolar qabuli bu safar ham aholi vakillarining murojaatlarini o‘rganish, muammolarga yechim topishga qaratildi.
Joriy haftadagi qabulda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov poytaxtimizdan hamda yurtimizning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy masalalari, taklif va mulohazalarini tingladi.
Qabul yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, fuqarolar murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish bo‘yicha choralar belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish va islohotlarga jamoatchilikni faol jalb etish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati