Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bu fazilatli kunni Alloh taolo musulmonlarga nasib ayladi. Parvardigor har juma kuni olti yuz ming kishini do‘zaxdan ozod qiladi.
Juma kuni vafot etgan bandaga shahidlik ajri berilishi, Alloh taolo uni qabr azobidan saqlashi haqida hadislar keltirilgan.
Juma kuni aytilgan salavotning savobi behaddir.
Juma namozi Isro kechasida farz bo‘lgan, lekin musulmonlarning soni kam bo‘lgani sababli hijratga qadar o‘qilmagan.
Juma namozi Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam Quboda bo‘lgan paytlarida farz bo‘ldi.
U zot alayhissalom Quboda bir hafta turdilar, so‘ng Madina tomon otlandilar.
Ilk juma namozini Madinai Munavvaradan bir mil uzoqlikdagi Naqiy’ul Xazimot degan joyda Banu Solim ibn Avfning mahallasida o‘qidilar. Hozir o‘sha yerda «Juma» masjidi qurilgan.
Islomdan oldin juma kunini «aruba» deb atashgan. Uning yana bir nomi – «yavmul maziyd», ya’ni xayru barakot ziyoda qilib beriladigan kun.
Shuningdek, juma kechasi haftaning boshqa kechalaridan afzal hisoblanadi.
Alloh taolo barchamizga juma ayyomini muborak etsin! Bu muqaddas kunlardagi ibodat va duolarimizni dargohida xolis qabul aylasin!
"Juma haqidagi oyat va hadislar" kitobidan
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati