Sayt test holatida ishlamoqda!
03 Iyul, 2025   |   8 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:10
Quyosh
04:55
Peshin
12:32
Asr
17:42
Shom
20:04
Xufton
21:40
Bismillah
03 Iyul, 2025, 8 Muharram, 1447
Yangiliklar

Xoinlikning bahosi

11.04.2025   6474   2 min.
Xoinlikning bahosi

Bo‘rilar ovga chiqishganida itga duch kelib qolishdi. Uni yemoqchi bo‘lishdi. Shunda it: “Meni yemanglar! Sizlarni qo‘ylarga boshlab boraman”, dedi. Shunday qilib bo‘rilar itning sotqinligi tufayli ikki yilcha podaga qiron keltirishdi. Oxiri cho‘ponlar qo‘ylarni boshqa joyga ko‘chirib, sotqin itni bog‘lab tashlab ketishdi. 
 

Ovga kelgan bo‘rilar hech narsa topolmay, bog‘liq turgan itni yeyishdi. Qorinlari to‘ygach: “Harholda bu bizga ishlagan edi, suyaklarini ko‘maylik”, deya itning suyaklarini ko‘mishdi. Qabrga bir belgi qoldirmoqchi bo‘lishdi. Lekin na do‘stlik, na dushmanlikni ifodalovchi bir belgi qoldira olishmadi. Biri:


– U do‘stlarimizdan edi, – dedi. Boshqasi:


– U sohibiga sotqinlik qilgan, bizga do‘st bo‘lolmasdi. Axir shuning uchun ham uni yeb qo‘ydik-ku, – dedi.


– Unda dushmanimiz, deylik.


– U bizga loyiq dushman ham emasdi. Chunki o‘ta qo‘rqoq edi. Hatto itlik mavqeini ham saqlay olmagandi.


Bo‘rilar shunday deya itning qabridan ham nafratlanishdi va ustiga hojat chiqarib ketishdi.


Xulosa shuki, xoindan hatto hayvonlar ham nafratlanadi. Endi insonning xoinligi qanday baholanishini tasavvur qilavering. Xoinlik – inson hayotida eng og‘ir gunohlardan biridir. Xoinlik faqatgina molu dunyoda emas, balki so‘zda, va’dada, ishonchda ham bo‘ladi. Xiyonat insonning qalbidagi tozalikni yo‘qotadi, jamiyatdagi ishonchni izdan chiqaradi.


Nabiy sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: «Qiyomat kuni Alloh taolo huzurida eng yomon inson – ishonch qilib biror ish topshirilgan, ammo u xiyonat qilgan kishidir» (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyati).


Har bir musulmon kishi bilishi kerakki, xoinlik nafaqat dunyoda, balki oxiratda ham og‘ir oqibatlarga olib keladi. Shu bois, inson oilasi, jamiyati va e’tiqodi oldida doim halol, sadoqatli, ishonchli bo‘lishi lozim. 
 

Akbarshoh Rasulov

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar

Vafot etgan ota-onamga qanday yaxshilik qilishim mumkin?

30.06.2025   3952   3 min.
Vafot etgan ota-onamga qanday yaxshilik qilishim mumkin?

Farzand uchun ota-onaga xizmat qilib, ularning roziligini olishdan ham ulug‘roq saodat yo‘q. Boisi Alloh taolo rizosi ota-ona roziligiga bog‘langan.

Mehribon Robbimiz ota-ona roziligini topish uchun bizlarga uning yo‘llari va vositalarini oson qilib qo‘ygan. Nafaqat hayotliklarida, balki dunyodan ko‘z yumganlaridan keyin ham ularga yaxshilik qilish shulardan biridir.

Shariatimizda ota-ona nafaqat hayotlik chog‘larida, balki ular bu dunyodan o‘tib ketganlaridan keyin ham haqlarini ado etmoqlik farzand zimmasidagi vazifalardan sanaladi. Ana shulardan biri ota-ona yaqinlari va do‘stlariga yaxshilik qilishdir.

Ibn Dinordan rivoyat qilinadi: “Abdulloh ibn Umarning eshagi va sallasi bo‘lar edi. Bir kuni o‘sha eshagini minib ketayotgan edi, oldidan bir a’robiy o‘tib qoldi. Shunda  “Sen falonchining o‘g‘li emasmisan?” dedi. U: “Ha, shunday”, dedi. Ibn Umar unga eshakni berib, “Bunga minib ol”, dedi va sallasini berib: “Buni boshingga o‘rab ol”, dedi.

Sheriklaridan biri unga: “Alloh sizni mag‘firat qilsin! Charchaganda minib turadigan eshagingizni, boshingizga o‘raydigan sallangizni mana shu a’robiyga berdingiz-a?” dedi. Ibn Umar: “Men Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning “Yaxshiliklarning eng yaxshisi – kishi otasi ketganidan (vafot etganidan) so‘ng uning yaxshi ko‘rganlariga yaxshilik qilishidir”, deganlarini eshitganman. Uning otasi (otam) Umarning do‘sti edi”, dedi” (Imom Muslim rivoyati).

Abu Usayd Molik ibn Rabi’a So’idiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va sallamning huzurlarida edik, Bani Salimalik bir kishi kelib, “Yo Allohning Rasuli, ota-onamning vafotidan keyin ularga qilishim mumkin bo‘lgan yaxshiliklardan biror narsa qoldimi?” dedi. U zot: “Ha. Ularning haqqiga duo qilish, ular uchun istig‘for aytish, ulardan keyin ahdlariga vafo qilish, ular orqaligina bog‘lanadigan silai rahmni bog‘lash va ularning do‘stlarini ikrom qilish”, dedilar (Imom Abu Dovud rivoyati).

Hadisi sharifda farzand o‘z ota-onasiga qiladigan yaxshilik ularning vafotlaridan keyin ham davom etishi lozimligi bayon qilinmoqda. Ya’ni, farzand ota-onasi haqqiga ularning vafotidan keyin ham mag‘firat so‘rab duo qilib tursa, ular uchun Alloh taologa istig‘for aytishni kanda qilmasa, inshoAlloh ota-onasining savobiga savob qo‘shilib boraveradi, darajasi esa ko‘tariladi. Yana bir muhim jihat shuki, farzandlar ota-onasining yaqinlariga hamisha sila rahm qilishi, ularning hollaridan xabar olib turishlari lozim.

Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Otangning do‘stligiga rioya qil, shunda Alloh taolo nuringni so‘ndirmaydi”, deganlar.

Demak, ota bilan do‘stlashgan har qanday odamlardan aloqani uzmaslik kerak.

 

Ilyosxon AHMЕDOV