Sayt test holatida ishlamoqda!
09 May, 2025   |   11 Zulqa`da, 1446

Toshkent shahri
Tong
03:38
Quyosh
05:11
Peshin
12:24
Asr
17:21
Shom
19:32
Xufton
20:58
Bismillah
09 May, 2025, 11 Zulqa`da, 1446
Yangiliklar

O‘rtada begona yo‘q

11.04.2025   7339   3 min.
O‘rtada begona yo‘q

Xolis fikr

Bir nuroniy tog‘amiz bor. Qarindoshlar yig‘ilib ziyoratiga bordik. Suhbatlashib o‘tirganimizda davradagilar o‘tganlarimizni surishtira ketdi va: “Falonchi bilan pismadonchi qanday qarindosh, pismadonchi bilan falonchi?..” qabilidagi savollarni yog‘dirdi. Tog‘amiz: “Ular ota bir ona boshqa...” va shunga o‘xshash javoblar beraverdi. Qarasak, butun qishloq bir-biriga qarindosh chiqyapti. “Bovalarimiz rosa ko‘p uylangan ekan-da o‘ziyam”, dedi biri malomat qilgan ohangda. Unga javoban tog‘amiz: “U vaqtlarda beva ayol bo‘lmasdi, qaysiki ayolning eri o‘ldimi, erkaklardan biri uylanardi va bolalarini qaramog‘iga olardi”, dedi. 
 

Bu endi o‘tgan zamonning gapi. Hozirgi vaqtda bevalar va yetim-yesirlar davlatimiz himoyasida, ularga erning nima keragi bor!.. Ammo shunchalik ko‘p taqiqlarga, va’z-nasihatlarga qaramay, kimlarningdir ikkinchi xotinga uylanish niyatida yurgani quloqqa chalinib qoladi. Ana shunday damlarda o‘sha erkakni go‘rdan olib go‘rga solishlar boshlanadi: xotinboz, pulmast, suyuqoyoq va hokazolar...


Ehtimol, bu ayblovlarning hammasi ham noto‘g‘ri emasdir. Ammo masalaning yana bir jihati bor: aksar hollarda erining uylanishiga ayolning o‘zi tashabbuskor bo‘ladi. Masalan, ayol  bir, ikki farzandli bo‘lganidan so‘ng eri uchun emas, to‘ylarga, hashamlarga borish uchun bezanadi, kamiga shu ishni erining ko‘z o‘ngida qiladi; eriga esa katta o‘g‘liga o‘dag‘aylayotgandek muomala qiladi.


Eri ish buyursa, bajarmaydi; chorlasa, sarkashlik qiladi. Ana shunday choqda er jahl ustida (niyat qilib emas, albatta): “Ha, bir hurmatimni biladigan xotin olmasam”, deb qo‘yadi. Shunda ayol: “Astag‘firulloh, unday demang-ay, xatolarim bo‘lsa, to‘g‘rilab olaman”, demaydi-da, “Qani, bir uylanib ko‘ring-chi!” deb nafsoniyatiga tegadi. Bu gapni bir marta aytish bilan kifoyalanmaydi. Oqibatda erining po‘pisa uchun aytgan o‘sha gapi niyatga aylanadi. Chunki xotini keyingi mojarolarda: “Sizga kim ham tegardi o‘zi”, “Uylanishni sizga kim qo‘yibdi” qabilidagi gaplarni qaytaraverib, o‘zi bilmagan holda erini uylanishga majburlashda davom etadi. Keyin esa buyog‘i ma’lum: er – bevafo, xotin –jabrlanuvchi! 


Professor, doktor Ahmad Lutfiy Qozonchining “Payg‘ambarimiz alayhissalomning zavjalari  (zavjati mutahhirot)” asarida ushbu masalada nihoyatda ibratli ta’rif keltirilgan: “Abu Salama roziyallohu anhu ko‘z nuri deb bilgan xotinidan boshqa gul hidini hidlamagan edi. Chunki Ummu Salama roziyallohu anho (onamiz) erkak o‘z xotinidan kutadigan barcha go‘zalliklarni unga nisor etardi, natijada ikkinchi xotinga ehtiyoj qolmagandi va ikkinchi nikohning nomi ham aytilmagandi”.


Mushohada qilib ko‘raylik, azizlar, ayollar Ummu Salama onamizdek bo‘lsa, eri o‘zini qanday holda ko‘rishni istaganda, o‘shandek ko‘rinishga harakat qilsa, kunlarini o‘zining kayfiyatiga qarab emas, eriga parvona bo‘lib o‘tkazsa, erkakka ikkinchi xotin tashvishi nima kerak!


Darhaqiqat, taqiqlar, jarimalar, do‘q-po‘pisalar, ayniqsa, ushbu masalada kutilgandek samara bermaydi. Zotan, taqiqlangan meva shirin tuyiladi, deganlaridek, erkaklarning qiziqishini yanada kuchaytiradi, xolos. Hamma gap ayollarning o‘zida – erlarini tezlayvermasa, shuning o‘zi kifoya. 


Damin JUMAQUL

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Diniy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari muhokamasi

07.05.2025   4456   1 min.
Diniy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari muhokamasi

Joriy yilning 6 may kuni Mir Arab oliy madrasasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi diniy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari D.Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari M.Muhammadsidiqov, diniy ta’lim muassasalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda ta’lim sohasini yanada yaxshilash, kadrlar salohiyatini oshirish, o‘quv-me’yoriy va uslubiy jihatdan takomillashtirish, mavjud fanlarni, xususan ijtimoiy-gumanitar va fanlarni o‘qitish sifatini yuqori bosqichga olib chiqish, o‘qituvchilar metodologiyasini mustahkamlash, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni kuchaytirish kabi masalalar muhokama qilindi.
 
Majlis davomida ta’lim muassasalari misolida amalga oshirilish lozim bo‘lgan masalalar o‘rtaga tashlanib, mavjud muammolarni bartaraf etish choralari bo‘yicha taklif va tavsiyalar berildi.

Diniy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari muhokamasi Diniy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari muhokamasi
MAQOLA