Xolis fikr
Bir nuroniy tog‘amiz bor. Qarindoshlar yig‘ilib ziyoratiga bordik. Suhbatlashib o‘tirganimizda davradagilar o‘tganlarimizni surishtira ketdi va: “Falonchi bilan pismadonchi qanday qarindosh, pismadonchi bilan falonchi?..” qabilidagi savollarni yog‘dirdi. Tog‘amiz: “Ular ota bir ona boshqa...” va shunga o‘xshash javoblar beraverdi. Qarasak, butun qishloq bir-biriga qarindosh chiqyapti. “Bovalarimiz rosa ko‘p uylangan ekan-da o‘ziyam”, dedi biri malomat qilgan ohangda. Unga javoban tog‘amiz: “U vaqtlarda beva ayol bo‘lmasdi, qaysiki ayolning eri o‘ldimi, erkaklardan biri uylanardi va bolalarini qaramog‘iga olardi”, dedi.
Bu endi o‘tgan zamonning gapi. Hozirgi vaqtda bevalar va yetim-yesirlar davlatimiz himoyasida, ularga erning nima keragi bor!.. Ammo shunchalik ko‘p taqiqlarga, va’z-nasihatlarga qaramay, kimlarningdir ikkinchi xotinga uylanish niyatida yurgani quloqqa chalinib qoladi. Ana shunday damlarda o‘sha erkakni go‘rdan olib go‘rga solishlar boshlanadi: xotinboz, pulmast, suyuqoyoq va hokazolar...
Ehtimol, bu ayblovlarning hammasi ham noto‘g‘ri emasdir. Ammo masalaning yana bir jihati bor: aksar hollarda erining uylanishiga ayolning o‘zi tashabbuskor bo‘ladi. Masalan, ayol bir, ikki farzandli bo‘lganidan so‘ng eri uchun emas, to‘ylarga, hashamlarga borish uchun bezanadi, kamiga shu ishni erining ko‘z o‘ngida qiladi; eriga esa katta o‘g‘liga o‘dag‘aylayotgandek muomala qiladi.
Eri ish buyursa, bajarmaydi; chorlasa, sarkashlik qiladi. Ana shunday choqda er jahl ustida (niyat qilib emas, albatta): “Ha, bir hurmatimni biladigan xotin olmasam”, deb qo‘yadi. Shunda ayol: “Astag‘firulloh, unday demang-ay, xatolarim bo‘lsa, to‘g‘rilab olaman”, demaydi-da, “Qani, bir uylanib ko‘ring-chi!” deb nafsoniyatiga tegadi. Bu gapni bir marta aytish bilan kifoyalanmaydi. Oqibatda erining po‘pisa uchun aytgan o‘sha gapi niyatga aylanadi. Chunki xotini keyingi mojarolarda: “Sizga kim ham tegardi o‘zi”, “Uylanishni sizga kim qo‘yibdi” qabilidagi gaplarni qaytaraverib, o‘zi bilmagan holda erini uylanishga majburlashda davom etadi. Keyin esa buyog‘i ma’lum: er – bevafo, xotin –jabrlanuvchi!
Professor, doktor Ahmad Lutfiy Qozonchining “Payg‘ambarimiz alayhissalomning zavjalari (zavjati mutahhirot)” asarida ushbu masalada nihoyatda ibratli ta’rif keltirilgan: “Abu Salama roziyallohu anhu ko‘z nuri deb bilgan xotinidan boshqa gul hidini hidlamagan edi. Chunki Ummu Salama roziyallohu anho (onamiz) erkak o‘z xotinidan kutadigan barcha go‘zalliklarni unga nisor etardi, natijada ikkinchi xotinga ehtiyoj qolmagandi va ikkinchi nikohning nomi ham aytilmagandi”.
Mushohada qilib ko‘raylik, azizlar, ayollar Ummu Salama onamizdek bo‘lsa, eri o‘zini qanday holda ko‘rishni istaganda, o‘shandek ko‘rinishga harakat qilsa, kunlarini o‘zining kayfiyatiga qarab emas, eriga parvona bo‘lib o‘tkazsa, erkakka ikkinchi xotin tashvishi nima kerak!
Darhaqiqat, taqiqlar, jarimalar, do‘q-po‘pisalar, ayniqsa, ushbu masalada kutilgandek samara bermaydi. Zotan, taqiqlangan meva shirin tuyiladi, deganlaridek, erkaklarning qiziqishini yanada kuchaytiradi, xolos. Hamma gap ayollarning o‘zida – erlarini tezlayvermasa, shuning o‘zi kifoya.
Damin JUMAQUL
Bir yigit masjidga kelib biroz o‘tirgach, imomga e’tiroz bildirdi:
– Endi masjidga kelib o‘tirmasak ham bo‘larkan...
Imom undan nima uchun bunday deganining sababini so‘radi. Yigit yon-atrofdagi hamma odam telefonga qarab o‘tirgani, ba’zilari o‘zaro gaplashayotgani uchun shu gapni gapirganini aytdi.
Imom biroz o‘ylab turgach, bunday dedi:
– Yaxshi, e’tirozing o‘rinli. Men bu haqda odamlarga eslatib turibman. Lekin sen endi masjidga kelmoqchi bo‘lmasang bir ish qilib ket.
Yigit rozi bo‘ldi. Imom unga bir piyolani to‘ldirib suv berdi va shu suvni bir tmchi ham to‘kmasdan masjidning ichini bir aylanib chiqishini iltimos qildi. Yigit bor diqqat-e’tiborini jamlab, ohista qadamlar bilan, ikki ko‘zini piyoladan uzmagan holda vazifani muvaffaqiyatli ado etdi.
Imom unga dedi:
– Barakalloh! Endi menga ayt-chi, sen shu topshiriqni bajarayotganingda kimlar gapirib o‘tirdi, kimlar telefoniga qaradi?
Yigit javob berdi:
– Men qayerdan bilay, axir butun diqqatim suvni to‘kib qo‘ymaslikda edi.
Imom dedi:
– Ana ko‘rdingmi? Sen topshiriqni bajarayotganingda butun fikru hayolingni bir joyga jamlading. Allohning huzurida turganimizni his qilib, xayolimizni ibodatga, Uning zikriga qaratsak, boshqalarning xatosini ko‘rishga vaqtimiz ham qolmaydi. Albatta, kimdir xato qilsa bu sening hidoyatdan yuz burib ketishingga sabab bo‘lmasligi kerak. Chunki xato dinniki yo masjidniki emas, balki bandaniki...
Yigit o‘ylab ko‘rib, xato qilganini tushundi. Keyingi jamat namozlarida xushu bilan qatnashishda davom etdi.
Akbarshoh RASULOV