Bog‘ot tumanida joylashgan “Mir Hoshim bobo” jome masjidini qaytadan qurish uchun tamal toshi qo‘yilgan edi.
Shu yil 12 aprel kuni mazkur masjidning yangi binosi qurilishiga ilk g‘isht qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda Xorazm viloyati bosh imom-xatibi Xayrulla domla Abdullayev, tumandagi imom-xatiblar, mutasaddilar, mahalla faollari va nuroniy otaxonlar ishtirok etdi.
Ulamolarimiz: "Biror hududda masjid barpo etilsa, shu masjidning barakasi butun aholiga tatiydi. Shu yerga fayz, unum va baraka inadi", deyishgan.
Alloh taolo yangi jome tez orada mo‘min-musulmonlar ixtiyoriga topshirilishini nasib etsin. Bu xayrli ishga hissa qo‘shayotganlardan Robbimiz rozi bo‘lsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Xorazm viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Shu yil 3 may kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov raisligida qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgan masjidlarning imom-xatib va mutavallilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.
Ko‘rilgan masalalar masjidlardagi qurilish-ta’mirlash ishlari shaharsozlik me’yorlariga to‘liq muvofiq bo‘lishi va qurilishga oid hujjatlarni talabga muvofiq yuritish hamda qurilishlar sodda, oddiy va dabdabadan holi bo‘lishi bo‘yicha mas’ullarga zaruriy tavsiyalar berildi. Qurilish-ta’mirlash ishlarini sifati va belgilangan vaqtda yakunlash zarurligi yana bir bor eslatildi.
Barcha imom-xatib va xodimlarga masjidlar hamda ularga olib boruvchi 100 metr masofadagi yo‘llardagi tozalash va obodonlashtirish ishlari doimiy bo‘lishi, namozxonlar uchun sharoitlarni yanada qulay bo‘lishi alohida ta’kidlandi.
Shuningdek, tahoratxonalardagi sharoitlarni zamonaviy talab darajasiga keltirish kabi vazifalar yuklatildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
atbuot xizmati