Jannatmonand yurtimizda ekologik barqarorlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona va samarali foydalanishga katta e’tibor qaratilyapti.
Shu yil 12 aprel kuni poytaxtimizning Bektemir tumanida 4 gektar maydonga 1500 tupga yaqin ko‘chat o‘tqazildi.
Bu jarayonda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov boshchiliklarida davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, xususan, Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov hamda poytaxtimiz imom-xatiblari faol ishtirok etdilar.
Yerga qadalgan kapalta, sofora, zarang, eman va chinor kabi daraxtlar vaqt o‘tib muazzam daraxtlarga aylanadi. Poytaxtizimiz ekologiyasini yanada yaxshilashga xizmat qiladi, inshoalloh.
Ekilgan ko‘chat va daraxtlar xamda o‘simliklar doimo Alloh taologa tasbeh aytib turadi. Inson yerning go‘zalligini nafaqat asrab-avaylashi, balki uning yanada gullab-yashnashi uchun o‘z hissasini qo‘shmog‘i lozim.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Toshkent shahar vakilligi
Matbuot xizmati
Kecha, 6 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Yilning eng yaxshi islom tarixi o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, hay’at a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Muhammadyahyoxon Mahmudov 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.
2-o‘rin: Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Xalilulloh Yusupov, 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.
3-o‘rin: Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi Sanjar Berdiyevga 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi.
Tanlovning qolgan 10 nafar ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Aytish joizki, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati