1144 yil (bundan 881 yil oldin) – tilshunos, adib, tafsir va hadis olimi Zamaxshariy Xorazmda 69 yoshida vafot etdi. Shundan deyarli ikki yuz yil keyin, ya’ni 1333 yili Xorazmni ziyorat qilgan mashhur arab sayyohi Ibn Battuta o‘zining “Ar-Rihla” (“Sayohatnoma”) nomli asarida Xorazm (Ko‘hna Urganch)ning tashqarisida Zamaxshariyning ustida qubbasi bo‘lgan maqbarasini ko‘rganligi haqida yozadi.
Zamaxshariy haqida Ibn Qiftiy quyidagicha yozgan: “Zamaxshariy ilm ul-adab, grammatika va lug‘at bobida o‘zgalarga misol bo‘ladigan alloma edi. U o‘z hayoti davomida ko‘plab buyuk olimlar va fozillar bilan uchrashgan bo‘lib, tafsir, hadis, grammatika va boshqa sohalar bo‘yicha bir qancha asarlari bordir. U o‘z asrida arab tilida ijod qilgan ajamlar (g‘ayri arablar) orasida eng buyugidir”. Bundan tashqari arab naqllaridan birida shunday deyiladi: “Agar Zamaxshariy bo‘lmaganida arablar o‘z tillarini bilmas edilar”.
1395 yil (bundan 630 yil oldin) – Amir Temur o‘zining 250 ming atrofidagi qo‘shinini Shimoliy Kavkazdagi Terek daryosining chap sohiliga o‘tkazib, saf torttirdi. 15 aprelga o‘tar kechasi To‘xtamishning bir guruh lashkari tunda hamla qilmoqchi bo‘ldi. Lekin chig‘atoylar Sohibqironning “Kecha bo‘lg‘onda hech kishi o‘z yeridin tebranmagay va undashmasunlar va shabixun [ya’ni kechasi to‘satdan hujum]dan voqif bo‘lsunlar, o‘t yoqmasunlar!” – degan farmoniga amal qilib, shaylanib nog‘ora va karnaylarni chalib turgan edilar, dushman yaqinlasholmay, qaytib ketdi.
1411 yil (bundan 614 yil oldin) – Shayx Nuriddin Samarqand ustiga qo‘shin tortdi. Amir Abdulxolik va Chingiz o‘g‘lon boshchiligidagi Oq O‘rdalik, ilgari Temur xizmatida bo‘lgan ko‘chmanchilar endi u bilan ittifoqda edilar. Ulug‘bek qo‘shin bilan ularga qarshi chiqdi. Samarqandning g‘arbiy tarafidagi Qizilrabot degan yerda ikki o‘rtada urush bo‘ldi. Unda Shayx Nuriddin g‘alaba qozondi. Ulug‘bek Kalif tomon chekindi, uning otalig‘i Shohmalik esa Samarqand bilan Shahrisabz oralig‘ida joylashgan Olaqarog‘ tog‘iga yashirindi. Shunday qilib, Shayx Nuriddin uchun Samarqandga yo‘l ochildi.
1469 yil (bundan 556 yil oldin) – ulug‘ so‘z san’atkori Alisher Navoiy ramazon hayiti kuni ulug‘ hukmdor Sulton Husayn Boyqaroning taxtga chiqishi munosabati bilan o‘tkazilgan tahniyat (hukmdorni muborakbod etish) marosimida ilk bor o‘zining mashhur “Hiloliya” qasidasini tantana ishtirokchilariga taqdim etdi. Mazkur qasida shoirning nihoyatda teran badiiy tafakkuri va taxayyulining mahsulidir. Qasida 91 baytdan tarkib topgan, uning matla’ va maqtasida yangi oy – hilolga ishora qilinadi.
“Hiloliya” qasidasi mazmun-mohiyati va badiiyatining mukammallashuvini uning voqeiy asar ekanligi ham ta’min etgan. Qasidadagi voqealar to‘rt asosiy obraz atrofida aylanadi: shoir, Atorud (Merkuriy sayyorasi, mifologiyaga ko‘ra, ayni shu sayyora shoir va yozuvchilar homiysi sanaladi), ulug‘ shoirning sevgilisi va shahanshoh Husayn Boyqarolar shular jumlasidandir. “Hiloliya”ning yetakchi qahramoni ulug‘ shoirning o‘zidir.
1916 yil (bundan 109 yil oldin) – kompozitor, O‘zbekiston xalq artisti Sulaymon Yudakov tavallud topdi (vafoti 1990 yil). Uning asarlari o‘zbek va tojik xalq kuylari hamda zamonaviy ohang va usullar uyg‘unligi, janr jihatidan xilma-xilligi, yorqin va hayotbaxsh kuylari bilan ajralib turadi.
1917 yil (bundan 108 yil oldin) – Buxoro amiri Sayyid Olimxonning islohotlar to‘g‘risidagi farmoni bekor qilindi. Yosh buxoroliklar amirlikda ta’qib ostiga olindi. Buxoro amiri 7 aprelda Buxoroda turli islohotlar o‘tkazish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan edi. Biroq, farmonni quvvatlash maqsadida Yosh buxoroliklar tomonidan poytaxt Buxoro shahrida 8 aprelda bo‘lgan namoyish amir tomonidan bostirildi.
1919 yil (bundan 106 yil oldin) – Turkiston Respublikasi hukumati “Turkiston respublikasidagi kutubxonalarni milliylashtirish to‘g‘risida”gi buyruqni e’lon qildi. Ushbu buyruqqa muvofiq barcha xalq kutubxonalari, shahar, jamoat kutubxonalari va xususiy kutubxonalar Turkiston respublikasining mulki deb e’lon qilingan va Xalq Komissarlari Kengashining ixtiyoriga berilgan edi.
1923 yil (bundan 102 yil oldin) – Turkiston Oliy inqilobiy tribunali tugatilib, uning o‘rniga Oliy sudning Turkiston bo‘limi tashkil topdi. Oliy sudning Turkiston bo‘limi raisi etib A.Sharafuddinov saylandi. U bunga qadar Turkiston Oliy inqilobiy tribunali raisi lavozimida ishlagan edi. Oliy sudning Turkiston bo‘limi tarkibi Prezidium, jinoiy sudlov va jinoiy kassatsiya hay’atlaridan iborat edi.
1997 yil (bundan 28 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Avtomobillarni tadqiq etish va sinash markazini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
1999 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “Lizing to‘g‘risida”, “Xotin-qizlarga qo‘shimcha imtiyozlar to‘g‘risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari to‘g‘risida” Qonunlari qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xorazm Ma’mun akademiyasining faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2021 yil (bundan 4 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “«Collegium Numanum» Varshava menejment universitetining Andijon filialini tashkil etish to‘g‘risida”, “Qo‘qon davlat pedagogika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”, “Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qarorlari qabul qilindi.
Alisher EGAMBЕRDIYEV tayyorladi,
O‘zA
Ayni kunlarda haj safariga kirishgan ilk ziyoratchilarimiz Madina shahridagi besh yulduzli “Zamzam Pullman” zamonaviy mehmonxonasida istiqomat qilishmoqda.
Mazkur mehmonxona Masjidi Nabaviyning yonida joylashgan bo‘lib, ziyoratchilarimiz besh mahal namozni ado etish, Ravzai sharifga kirish va bir necha bor Rasul alayhissalomga salom yo‘llash saodatiga ega bo‘lmoqda.
Mehmonxonada hozirlangan sharoitlar barcha hojilarimizni mamnun etmoqda. Har bir xonada kiyim javoni, yozuv stoli, sovutgich va muzlatgich, qibla ko‘rsatkichi, joynamoz, Qur’oni karim, televizor bor. Foye, lift va xonalar keng va yorug‘.
Hojilarga xizmat ko‘rsatadigan oshxona-restoranda ham zarur o‘rinlar va barcha qulayliklar yaratilgan. Bir necha ming kishilik oshxonada ibodatga quvvat bo‘ladigan laziz taomlar, salatlar, sarxil mevalar, shirinliklaru sharbatlar tortiq qilinmoqda.
Mazkur mehmonxonada joylashgan O‘zbekiston ishchi guruhi shtabi barcha tashkiliy ishlarni risoladagidek bo‘lishi uchun 24 soat davomida uzluksiz ziyoratchilar xizmatida bo‘lmoqda.
Mavsum davomida hojilarimiz tetik, sog‘lom bo‘lishlari uchun avvalo, o‘zlari, so‘ngra tibbiyot xodimlari ham mas’ul. Bu yil ham hojilarimizning sog‘liklarini doimiy kuzatib borish uchun oliy toifali shifokorlar jalb etilgan. Ular hamyurtlarimiz salomatliklari uchun tunu kun xizmatda bo‘lib turishibdi.
Tibbiyot xodimlari hojilarning sihatlarini ko‘zdan kechirib, kerakli yordam, maslahat va dori-darmonlar bermoqda. Tibbiy xizmat markazlarida muolaja uchun kerakli jihozlar, shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish uchun sharoitlar mavjud. Barcha turdagi kasalliklarga birinchi yordam ko‘rsatish maqsadida yurtimizdan yetarli darajada dori-darmonlar olib borilgan.
Joriy mavsumda hojilarimizga yana bir qulaylik va tuhfa ulashildi. O‘zbekiston aloqa operatori tarafidan bu yilgi har bir ziyoratchiga internet trafigi va bonusli daqiqalari mavjud bo‘lgan bepul telefon sim kartasi, maxsus sumka, termos, soyabon va bosh kiyim kabilar taqdim etildi.
Joriy mavsumda bo‘lg‘usi hojilarga xizmat ko‘rsatish sifati yangi bosqichga olib chiqilgani va sharoitlar sezilarli darajada yaxshilangani barchani cheksiz mamnun etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati