Bugun, 15 aprel kuni “Haj-2025” mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, uni namunali va tartibli tashkil etish maqsadida Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan boruvchi haj ziyoratchilariga biriktirilgan guruh rahbarlari uchun o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi.
Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va umra markazi boshlig‘i Maqsud Karimov, Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov boshchiligida olib borildi.
O‘quv seminarda guruh rahbarlariga haj amallarini ado etishning shar’iy qoidalari, uning farz, vojib, sunnatlari, ehromga kirish, tavof va sa’y qilishning tartib-qoidalari, haj mavsumi davomida man etilgan amallardan saqlanish, shuningdek, Madinai munavvara va Makkai mukarrama shaharlaridagi muborak joylarni ziyorat qilish odoblari haqida suhbat olib borildi.
Shuningdek, guruh rahbarlari ziyoratchilarga muborak safar davomida yaratilgan sharoitlar, tibbiyot xizmati, mehmonxona tartib-qoidalari, safarga borib kelishdagi barcha tartib-intizomlar haqida ma’lumotlar aytib o‘tildi va ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga kerakli javoblar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Zinniyra roziyallohu anho Abu Jahlning quli edi. U zot iymon keltirganida, Abu Jahl bundan xabar topib, uni juda qattiq azoblaydi. Zinniyra katta yoshda bo‘lishlariga qaramasdan, ayanchli azoblarga bardosh beradilar. Chunki u zot iymon keltirsalar qanday mashaqqatlar bo‘lishini yaxshi bilganlar. Abu Jahl u zotning tilidan kufr kalimasi chiqmayotganini ko‘rib darg‘azab bo‘ladi va boshlariga qattiq narsa bilan uradi. Buning natijasida Zinniyra roziyallohu anhuning ko‘zlari ko‘r bo‘lib qoladi. Shunda kofirlar “sen bizning butlarimizga sig‘inishni tark etganing uchun ularning g‘azabiga duchor bo‘lding”, deb mazax qilishadi. U zot shuncha qiyinchiliklarga chidaydilar, mashaqqatlarga bardosh beradilar lekin Allohning sha’niga bo‘lgan bu so‘zlariga chidab turolmaydilar.
Darhol sajdaga yiqiladilar va haqiqiy ma’budga o‘z hollarini shikoyat qiladilar: “Yo Allohim! Ular meni juda ko‘p qiynoqlarga solishdi, ta’na-malomatlar qilishdi, ularning barchasiga chidadim. Mening suyaklarimni sindirishdi, jismimni ilma-teshik qilishdi barchasiga bardosh berdim. Lekin, Sening sha’ningga noloyiq so‘zlarni so‘zlashganiga chiday olmadim. Ularning aytishicha, toshdan yasalgan butlari meni ko‘r qilib qo‘ygan emish. Allohim! Mening ko‘z nurimni qaytargin, toki ularga sening ulug‘liging namoyon bo‘lsin”.
Zinniyra roziyallohu anho duoga ko‘targan qo‘llarini yuzlariga tortmasdan turib, Alloh taolo u zotga ko‘z nurlarini qaytarib berdi. Subhanalloh! U davrdagi erkaklar qanchalik mard bo‘lsalar, ayollarining ham qalbida ilohiy ishq jazbalari limmo-lim edi.
Shayx Zulfiqor Ahmad Naqshbandiyning
"Ilohiy ishq" kitobidan Nodir Odinayev tarjimasi