Bugun, 15 aprel kuni “Haj-2025” mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, uni namunali va tartibli tashkil etish maqsadida Andijon, Farg‘ona va Namangan viloyatlaridan boruvchi haj ziyoratchilariga biriktirilgan guruh rahbarlari uchun o‘quv seminar bo‘lib o‘tdi.
Mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi bo‘lim boshlig‘i Bobomurod Rustamov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi Haj va umra markazi boshlig‘i Maqsud Karimov, Namangan viloyati bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov boshchiligida olib borildi.
O‘quv seminarda guruh rahbarlariga haj amallarini ado etishning shar’iy qoidalari, uning farz, vojib, sunnatlari, ehromga kirish, tavof va sa’y qilishning tartib-qoidalari, haj mavsumi davomida man etilgan amallardan saqlanish, shuningdek, Madinai munavvara va Makkai mukarrama shaharlaridagi muborak joylarni ziyorat qilish odoblari haqida suhbat olib borildi.
Shuningdek, guruh rahbarlari ziyoratchilarga muborak safar davomida yaratilgan sharoitlar, tibbiyot xizmati, mehmonxona tartib-qoidalari, safarga borib kelishdagi barcha tartib-intizomlar haqida ma’lumotlar aytib o‘tildi va ishtirokchilarni qiziqtirgan savollariga kerakli javoblar berildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Muborak Qurbon hayiti ayyomi arafasida Namangan shahridagi “Mangulik” qabristonida keng ko‘lamli obodonlashtirish hashari tashkil etildi.
Savobli tadbirda Namangan shahar hokimi Ayubxon Kamalov, “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Ikromxon Najmiddinov, Mahallalar uyushmasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Ahadxon Mirzayev, viloyat imom-xatiblari, nuroniylar va mahalla faollari faol ishtirok etdilar.
Hashar davomida qabriston hududi chiqindilardan tozalanib, ariq-zovurlar ochildi, daraxtlar oqlandi hamda yo‘laklar tartibga keltirildi.
Shuningdek, bayram kunlari tashrif buyuruvchi ziyoratchilar uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi.
Yoshlar va nuroniylarning hamjihatligida o‘tgan mazkur xayrli tadbir yakunida yurtimiz tinchligi, xalqimiz farovonligi va o‘tganlar ruhiga bag‘ishlab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati