“TimeOut” jurnali dunyo bo‘ylab tajribali sayohatchilarning fikrlarini to‘plab, ular tashrif buyurgan eng go‘zal joylar haqida so‘zlab berdi. Natijada, sayyoramizning eng ajoyib go‘shalariga yo‘l ko‘rsatuvchi qo‘llanma sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ro‘yxat tuzildi.
Samarqandga tashrif buyurgan sayohatchilar Registon maydonini shunday ta’riflashadi:
"Uchta ulug‘vor inshoot bilan o‘ralgan keng maydon - Registon Samarqandning qadimiy qalbi, zamonaviy O‘zbekistondagi Ipak yo‘li shahrining timsoli hisoblanadi.
Registonning XV-XVII asrlarda qurilgan uchta madrasasi ravoqli peshtoqlari, yaltiroq gumbazlari va baland minoralari bilan manzarani tasvirlab beradi. Ular g‘isht, koshin va mozaikalardan yasalgan geometrik naqshlar bilan bezatilgan.
Bu binolar ulug‘vorligi va nafosat uyg‘unligida, maftunkorligi va mehmondo‘stligi bilan ajralib turadi. Qosh qorayishi bilan esa ular butun go‘zalligini namoyon etib, nurga burkanadilar".
"TimeOut" - Londonda joylashgan xalqaro kompaniya bo‘lib, dunyoning 60 ta shahrida ko‘ngilochar va madaniy hayot haqida aynan shu nomdagi haftalik jurnalni nashr etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Sulaymon ibn Ayub rahimahulloh bunday hikoya qiladi: “Men o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida ilm o‘rganish va Qur’onni yod olishga harakat qilsam-da, Fotiha surasini to‘g‘ri o‘qiy olmasdim. Bu holat menga og‘ir edi. Hatto ustozim ham mendan umidini uzgan edi.
Yolg‘iz qolganimda sajdaga bosh qo‘yib yig‘lab, duolarimda Alloh taolodan tilimni burro, xotiramni o‘tkir qilishini hamda qalbimdagi g‘ashlikni ketkazishini so‘rab iltijo qilardim.
Solih insonlardan biriga holimni bayon etdim. U mendan: Ota-onang bormi? - deb so‘radi.
Men: Ha, onam bor, - deb javob berdim.
U: Onangga yaxshilik qilasanmi? – deb so‘radi.
Men: Ha onamning xizmatlarini bekamu ko‘st bajaraman, – dedim.
Shunda solih kishi menga: Onangni oldiga borib, undan Qur’oni karimni yod olishing hamda faqih bo‘lishing uchun duo qilishini so‘ra, – dedi.
Men uyga borib, bu gaplarni onamga aytdim. Volidam yarim tunda namoz o‘qidi, haqqimga xayrli duolar qildi. So‘ngra saharlik qilib, Alloh uchun ro‘za tutdi.
Tong otishi bilan onamning duolari qabul bo‘ldi. Xuddi bulutlar tarqagach quyosh charaqlagani singari aqlim ham yorishib, quvvai hofizam kuchayganini his etdim.
Shu tariqa men zehni o‘tkir va ilmli insonga aylandim. Onamning duosi barakotidan Qur’on va hadisni puxta o‘zlashtirib, ilmu-hikmat dengizida suza boshladim. Nihoyat, kuchli imomga aylandim”.
Kim biror maqsadini amalga oshirishda qiynalsa, avvalo, Alloh taologa tayanish barobarida ota-onasining duosini olsin!.
Shayx Mahmud MISRIYning
“Solih va solihalar hayotlaridan qissalar” kitobi asosida
Ilyosxon AHMЕDOV tayyorladi.