“TimeOut” jurnali dunyo bo‘ylab tajribali sayohatchilarning fikrlarini to‘plab, ular tashrif buyurgan eng go‘zal joylar haqida so‘zlab berdi. Natijada, sayyoramizning eng ajoyib go‘shalariga yo‘l ko‘rsatuvchi qo‘llanma sifatida foydalanish mumkin bo‘lgan ro‘yxat tuzildi.
Samarqandga tashrif buyurgan sayohatchilar Registon maydonini shunday ta’riflashadi:
"Uchta ulug‘vor inshoot bilan o‘ralgan keng maydon - Registon Samarqandning qadimiy qalbi, zamonaviy O‘zbekistondagi Ipak yo‘li shahrining timsoli hisoblanadi.
Registonning XV-XVII asrlarda qurilgan uchta madrasasi ravoqli peshtoqlari, yaltiroq gumbazlari va baland minoralari bilan manzarani tasvirlab beradi. Ular g‘isht, koshin va mozaikalardan yasalgan geometrik naqshlar bilan bezatilgan.
Bu binolar ulug‘vorligi va nafosat uyg‘unligida, maftunkorligi va mehmondo‘stligi bilan ajralib turadi. Qosh qorayishi bilan esa ular butun go‘zalligini namoyon etib, nurga burkanadilar".
"TimeOut" - Londonda joylashgan xalqaro kompaniya bo‘lib, dunyoning 60 ta shahrida ko‘ngilochar va madaniy hayot haqida aynan shu nomdagi haftalik jurnalni nashr etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni yo‘lga qo‘yish, ularning haq-huquqlarini himoyalash, huquqiy ongini oshirish, ma’rifatini ziyoda qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish maqsadida shu yilning 20-24 avgust kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining navbatdagi xizmat safari uyushtirildi.
Stavropol o‘lkasi va Rostov viloyatiga safar qilgan delegatsiya tarkibida tegishli vazirlik va idoralar vakillari qatnashdi. Jumladan, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Zayniddin Eshonqulov ham ishtirok etib, vatandoshlarimizni istiqlolimizning 34 yilligi bilan qutladi.
Uzoq o‘lkalarda o‘qib, ishlab yurgan hamyurtlarimiz bilan halol kasb qilishning fazli, aqidada adashmaslik, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi, Islomda bag‘rikenglik, vatanparvarlik mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Har qanday diniy mavzudagi ma’lumotlar borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tegishli rasmiy internet tarmoqlardan foydalanish tavsiya etildi. Turli diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi – ham shariat ko‘rsatmasi, ham zamon talabi ekani ta’kidlandi. Shuningdek, dolzarb mavzudagi bukletlar tarqatildi.
Stavropol musulmonlari qozisi Muhammad hazrat bilan muzokaralar olib borilib, Xalqaro Kavkaz universitetida 60 davlatdan kelib ta’lim olayotgan talabalar orasidagi 285 nafar o‘zbekistonlik talaba bilan uchrashuv o‘tkazildi. Universitet rahbariyati ushbu talabalardagi ilmga tashnalik va odob-axloqni alohida ta’kidlab, ular timsolida O‘zbekiston xalqiga ehtiromlari yanada oshganini bildirdi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining duoyi salomlari yetkazildi. Bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlar, tinchlik, farovonlik, dinimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlar haqida ham aytib o‘tildi.
Xizmat safari davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati