Har bir inson orzu bilan yashaydi. Shu orzusiga yetishish uchun tinmay harakat qiladi.
Ba’zan duch kelayotgan muammolarni yechishda o‘zining imkoni bo‘lmasa, tegishli tashkilotlar eshigini qoqadi.
Har chorshanba O‘zbekiston musulmonlari idorasi tizimidagi vakilliklarda fuqarolar qabul kuni deb e’lon qilingan.
Bugun, 16 aprel kuni ham O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent viloyati vakilligiga turli masalalar yuzasidan bir necha kishilar murojaat qilib keldilar.
Murojaatlar orasida oilaviy, masjidlarga oid masalalar, diniy savollar, moddiy yordam so‘ralganlari ham bor.
Toshkent viloyati bosh imom-xatibi Doniyor domla Ikromov fuqarolarni iliq kutib olib, ularga zarur tavsiya va ko‘maklar berdi.
Fuqarolar qabuldan mamnun bo‘lib, iliq kutib olinganidan, o‘zlarini qiynagan masalalar yechim topganidan shod bo‘lishdi. Bu xayrli ishlarning boshida turgan barcha aziz insonlarning haqlariga xayrli duolar qildilar.
Shunday qabullarni viloyatning barcha tuman va shaharlari bosh imom-xatiblari ham amalga oshirdilar.
* * *
Buyuk bobomiz Abu Rayhon Beruniy «Javohirot» kitobida insoniylik fazilatini quyidagicha ta’riflaydi: «Insoniylik, ya’ni muruvvat kishining o‘zi, urug‘ aymog‘i va o‘z ahvoliga ta’sir etish bilan chegaralanadi.
Mardlik, muruvvat esa undan ham ustun turib, o‘zidan tashqariga ham o‘tadi. Muruvvatli mard kishi o‘zidagi va o‘ziniki ekanligiga hech kim tortishib o‘tirmaydigan narsadan boshqasiga egalik qilmaydi.
Agar u odamlarning osoyishtaligi deb mashaqqatlarga chidasa, ziqnalik qilmasdan, boshqalarga nasib etmay, unga ato qilingan narsalarni birovlarga bersa, bunday odam o‘shanday qudrat bilan shuhrat topgan mard kishi sanaladi; u o‘zining halimligi, muloyimligi, irodasi mustahkamligi, chidamliligi, kamtarinligi tufayli, ulug‘vorligi bilan tanilib, garchi u shu martaba ahlidan bo‘lmasa ham, oliy darajaga ko‘tariladi. U nasl nasab jihatidan emas, balki haqli ravishda (o‘sha sifatlari bilan) ehtirom qilinadi».
Toshkent viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Kotibiyat mas’ul xodimi Muhammadamin qori Xoliqovning padari buzrukvori vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Muhammadamin qori Xoliqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi