Shu yil 16-17 aprel kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosarlari Zayniddin domla Eshonqulov va Obidjon Kadirovlar Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida bo‘lishdi.
Tashrif avvalida Qashqadaryo viloyati hokimi o‘rinbosari Farhod Kushakov va viloyat bosh imom-xatibi Rahmatillo domla Usmonovlar hamrohligida Shahrisabz “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ayollar internat uyiga borib, zaruriy mahsulotlar xayriyalar qilindi.
Shuningdek, Kitob tumanidagi “Xoja Buxoriy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ustoz va talabalari bilan uchrashuv o‘tkazildi.Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov ma’ruza qilib, yoshlikda ilm olishning fazilati, ilm nafaqat taraqqiyot, balki ma’naviy kamolotning ham asosi ekanligi borasida batafsil to‘xtalib o‘tdi.
Shundan so‘ng Shahrisabz shahridagi “Sirojiddinxon Burhoniddinxon o‘g‘li” jome masjidida O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassislari, Qashqadaryo viloyati vakilligi rahbariyati, tuman bosh imom-xatiblari hamda otinoyilari, shuningdek, Shahrisabz shahridagi masjid imom-xatiblari, noiblari, otinoyilar, “Haj-2024” ziyoratchilari va mahalla raislari bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Shuningdek, Shahrisabz shahridagi muammoli xonadonlarga kirib, ulardan hol-ahvol so‘radilar. Yot g‘oyalar ta’siriga moyil bo‘lganlar va ijtimoiy himoyaga muhtojlar bilan ma’naviy-ma’rifiy suhbatlar qilindi. Kelishmovchilik va janjallar sababli notinch bo‘lib turgan oilalar o‘rganilib, ularga nasihat qilindi. Notinchlik sabablarini bartaraf etish, arazlashganlarni yarashtirish choralari ko‘rildi. Muammolari o‘rganilib, taklif, fikr, mulohazalari tinglandi. Umumiy hisobda 150 ta oilaga kirib, ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot hamda amaliy yordam tadbirlarini olib borildi.
Nogironligi bo‘lgan va kasalmand, ehtiyojmand fuqarolar, shuningdek, tabarruk yoshdagi qariyalar yashaydigan oilalarga kirilib, ulardan ko‘ngil so‘raldi, sovg‘a-salomlar berildi, davolanish va dori darmon uchun moddiy yordam ko‘rsatildi. Homiylarni jalb qilgan holda ehtiyojmandlarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Ular orasidan o‘ta nochor bo‘lganlarining moddiy ta’minotidan xabardor bo‘lib turish rejalashtirildi.
Qashqadaryo viloyatining shahar va tuman bosh imom-xatiblari Shahrisabz shahridagi masjidlarda peshin namozini ado qilib, yig‘ilgan qavmga “Yurtimizda bo‘layotgan islohotlar”, “Inson qadri ulug‘”, “Internetdagi xatarlardan ogoh bo‘laylik”, “Yot g‘oyalar ta’siridan saqlanaylik”, “Tinchlik oliy ne’mat”, “Shukronalik fazilati”, “Masjidlarni obod qilish”, “Islom - bag‘rikenglik dini”, “Farzand tarbiyasiga barchamiz mas’ulmiz”, “Yoshlar - kelajagimiz”, “Husni xulq”, “Qo‘ni-qo‘shnichilik odoblari” kabi dolzarb mavzularda ma’ruzalar qilishdi.
Tadbirlar davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi amaliy targ‘ib qilindi. Shahrisabz shahridagi barcha masjidlar hududida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazdilar. Zero, Islom dinida ham daraxt ekib bog‘ yaratish savobli amallardan hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘z ummatlariga dehqonchilik, xususan ko‘chat ekishga targ‘ib qila turib shunday deganlar: “Agar qiyomat bo‘lib qolsa va birontangizning qo‘lida xurmo daraxti bo‘lsa, bas, uni ekib olsin” (Buxoriy va Ahmad rivoyati).
Albatta, bu kabi tadbirlar yurtimizda ahillik va hamjihatlikni yanada mustahkamlaydi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Qashqadaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
5 yanvar kuni Namangan viloyati bosh imom-xatibi Abdullohxon domla Samatov boshchiligida viloyat vakilligi xodimlari, shahar va tuman bosh imom-xatiblari hamda “Haj–2025” ziyoratchilaridan iborat ishchi guruh a’zolari ishtirokida Namangan tumanidagi “Sayid Jaloliddin” jome masjidida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda ishchi guruh a’zolari hamda mahallalarda ma’naviy targ‘ibotchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan hojilar bilan Namangan tumanida amalga oshiriladigan ishlar muhokama qilinib, tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari sifatida:
“Haj–2025” ziyoratchilarini ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarga faol jalb etish,
imom-xatiblarning masjidni boshqarish faoliyatini o‘rganish va amaliy ko‘mak berish,
peshin namozi oldidan dolzarb mavzularda namunaviy ma’ruzalar o‘qish
belgilab olindi.
Shuningdek, ishchi guruh a’zolari mahallalardagi ayrim xonadonlarga tashrif buyurib, aholi hol-ahvoli bilan tanishdi, yoshlarning ta’lim-tarbiyasi, mavjud muammolari o‘rganildi hamda namunaviy oilalarda keksalardan duoi xayrlar olindi.
Imom-xatiblar faoliyati samaradorligini oshirishga qaratilgan mazkur ishchi guruh faoliyati viloyatning boshqa tumanlarida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati