Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
«Jannat ahlidan bo‘lgan kishiga qarash kimni quvontirsa, Urva ibn Zubayrga qarasin»
Abdulmalik ibn Marvon.
Urva ibn Zubayr hazrati Umar roziyallohu anhuning xalifaliklaridan bir yil qolganida, musulmon oilalar orasida eng hurmatli va oliy maqom xonadonda tavallud topdi. Otalari Zubayr ibn Avvom (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning fidoiy sahobalaridan, jannat bashorati berilgan o‘nta sahobaning biri edi. Onalari esa Asmo binti Abu Bakr «zun nitoqayn - ikki belbog‘ sohibasi» (Hijrat kuni belbog‘ini ikkiga bo‘lib, biri bilan Rasululloh sollallohu vasalamning yegulik idishlarini, boshqasi bilan suv idishlarini bog‘lagani uchun shunday sharafga erishgan) edi.
Ona tarafdan bobolari Abu Bakr Siddiq (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xalifalari va g‘ordagi hamrohlari bo‘lgan edi. Ota tarafdan momolari Sofiya binti Abdulmuttalib Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning ammalari va mo‘minlarning onasi Oisha roziyallohu anho u kishining xolasidir. Oisha onamiz (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin) vafot etganlarida Urva ibn Zubayr o‘zlari qabrga tushib, lahadga qo‘ygan. Iymon sharafi va Islom izzatidan boshqa, mana shunday nasabdan ko‘ra oliy nasab va shunday sharafdan ko‘ra buyuk sharaf bormikin?
Ka’bai Muazzama oldida akalari va hamrohlari bilan yaxshi orzuga erishishni tanlash xayol qilinganda, Urva ibn Zubayr men Rabbimdan amal qiluvchi olim bo‘lishni orzu qilaman. Mendan odamlar Allohning Kitobini, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlarini va Islom dini ahkomlarini o‘rgansalar, dedi. Shu qilgan orzusini ro‘yobga chiqarish uchun Urva ibn Zubayr ilm tahsiliga bel bog‘lab, qattiq kirishdi.
Hayot bo‘lgan sahobalarni g‘animat bilib, ularning uylariga qatnab, orqalarida toat-ibodat qilib, ilm majlislarida doimiy ishtirok etdi. U Ali ibn Abu Tolib, Abdurrahmon ibn Avf, Zayd ibn Sobit, Abu Ayyub Ansoriy, Usoma ibn Zayd, Sa’id ibn Zayd, Abu Hurayra, Abdulloh ibn Abbos va No‘mon ibn Bashir (Alloh u kishilardan rozi bo‘lsin) dan hadislar rivoyat qildi. Aksar ilmini xolasi Oisha roziyallohu anhodan oldi va odamlar ularga din ishlarida suyanadigan, solih hokimlar esa o‘zlari mas’ul bo‘lgan xalqlar va shaharlar masalasida ulardan yordam istaydigan, Madinaning o‘sha davrda ko‘zga ko‘ringan faqihlaridan biri bo‘lib yetishdi.
Buning dalili o‘laroq, Umar ibn Abdulaziz Valid ibn Abdulmalik tarafidan Madinaga voliy etib tayinlanganida, odamlar qutlash uchun uning huzuriga keldilar. Peshin namozini o‘qib bo‘lgach, Madina ulamolaridan o‘n kishini taklif qildi. Taklif qilingan olimlarning peshqadami esa Urva ibn Zubayr edi.
Umar ibn Abdulaziz ulamolarni yaxshi kutib olib, ularga izzat-ikrom ko‘rsatgach, Allohga hamdu sano aytib shunday dedi: «Menga haq ustida yordamchi bo‘ladigan va ajr-savobga ham ega bo‘lib qoladigan bir ish uchun sizlarni taklif qildim. Men har bir ishni sizlarning fikringiz va maslahatingiz bilangina qilmoqchiman. Sizlardan iltimosim shuki, agar biron kimsani boshqa birovga zulm qilayotganini ko‘rsangiz yoki mening xodimlarim haddan oshib, zulmga qo‘l urgani sizlarga yetsa, shuni menga xabar bersangiz!». Bu gaplarni eshitgach, Urva ibn Zubayr uning haqqiga duoi xayrlar qilib, Allohdan unga haqda sobit turishi va rushdi hidoyat tilab qoldi.
Urva ibn Zubayr ilm bilan amalni jamlagan edi. U issiq kunlarda ro‘zador, uzun tunlarda bedor, tili esa doim Allohning zikri bilan mashg‘ul edi. Bunga qo‘shimcha, u Allohning Kitobiga hamroh bo‘lib olgan, Qur’on o‘qishga shunday berilgan ediki, kunduzlari Qur’onning to‘rtdan birini mus'hafga qarab, tunlari shuncha qismini yoddan tilovat qilar, e’tiborli jihati shuki, imkon qadar mana shu odatini u yoshligidan boshlab to vafot topgunga qadar tark qilmagan, faqat bir marta boshiga tushgan musibat sababigina qoldirgan edi.
Urva ibn Zubayr saxovatda ham peshqadam bo‘lib, bag‘rikeng va nihoyatda qo‘li ochiq inson edi. Saxiyligi haqidagi rivoyatlardan biri shuki: «Uning Madinadagi eng katta bog‘lardan hisoblangan bir bog‘i bor edi. Bog‘ning ichi salqin, suvi shirin, xurmo daraxtlari baland va mevalari serhosil edi.
Hayvonlar va yosh bolalar kirib daraxtlarga shikast yetkazmasligi uchun yil davomida bog‘ning atrofini devor bilan o‘rab himoya qilar, qachonki xurmolar ishtahani ochadigan tarzda g‘arq pishganda odamlar bemalol kirib to‘ygunlaricha yeb va xohlaganlaricha olib ketishlari uchun, bog‘ning bir necha tarafidan darcha ochib qo‘yardi. Qachon bog‘iga kirsa Alloh taoloning ushbu so‘zini qayta-qayta o‘qir edi: «Sen bog‘ingga kirganingda: «Alloh xohlagan narsagina (bo‘lur), bor kuch-quvvat yolg‘iz Alloh bilandir», deganingda edi! ...» (Kahf surasi, 39-oyat).
Valid ibn Abdulmalikning xalifalik davrida Alloh taolo Urva ibn Zubayrni iymon va ishonch bilan sug‘orilgan qalb egalarigina chiday oladigan imtihon bilan sinashni hohladi.
Musulmonlar xalifasi Urva ibn Zubayrni Damashqqa kelib, mehmon bo‘lib ketishga taklif qildi. Taklifni qabul qilgan Urva ibn Zubayrga katta o‘g‘li hamroh bo‘ldi. Damashqqa yetib kelishganda xalifa ularni chiroyli kutib oldi, ularga izzat-ikrom ko‘rsatib, hurmatlarini joyiga qo‘ydi. So‘ng ko‘ngillar istamaydigan bir ish bo‘lishini Alloh taolo iroda qildi. Avval Urva ibn Zubayrning o‘g‘li xalifaning zotli otlarini ko‘rish uchun otxonaga kirganida, otlardan birining to‘satdan tepib yuborishi natijasida o‘sha yerda vafot etdi.
Musibatzada ota o‘g‘lini tuproqqa qo‘yishi ketidan, o‘zi ham qorason kasali bilan og‘rib qoldi. Boldiri shishib, og‘riq ham kundan-kun kuchaya bordi. Xalifa har taraflardan tabiblar chaqirib, aziz mehmonini davolashi uchun, turli vositalar bilan ularni rag‘batlantirdi. Lekin barcha tabiblar: «Kasallik jasadning hammasiga tarqab, halokatga olib bormasidan avval, oyoqni kesish kerak», degan yakdil xulosa bildirdilar. Bunga ko‘nishdan boshqa chora yo‘q edi.
Jarroh kelib oyoqni kesish uchun anjomlarini hozirlab, oyoqni kesguniga qadar Urva ibn Zubayr takbir va tahlil aytishdan to‘xtamadi va nihoyat oyoq jasaddan ajraldi. Qonni to‘xtatish va gazak olmay yara tez bitishi uchun qizdirib turilgan yog‘ga botirilganda Urva hushidan ketib, uzoq vaqt behush bo‘lib yotdi. Ana shundagina yuqorida aytganimiz, Qur’oni Karimdan o‘qiydigan kundalik odatini o‘qiy olmadi. Yoshligidan boshlagan bu xayrli odatini, mana shunda bir martagina tark qildi.
Urva ibn Zubayr Madinaga qaytib, oilasi huzuriga kirganida ularga: «Ey ahlim qayg‘urmanglar, Alloh taolo bizga to‘rt farzand bergan edi, bittasini olib, uchtasini o‘zimizda qoldirdi. Allohga hamd bo‘lsin. Menga ikki qo‘l va ikki oyoq bergan edi, bittasini olib uchtasini o‘zimda qoldirdi. Allohga hamd bo‘lsin. Alloh mendan ozini olib, ko‘pini o‘zimda qoldirdi. Bir marta balolagan bo‘lsa, ko‘p marta ofiyat berdi», deb ularga tasalli berdi.
Madina ahli o‘z imomlari va olimlari Urva ibn Zubayrning qaytganlarini bilgach, u zotga ta’ziya bildirish va hol-ahvol so‘rash uchun har tarafdan kela boshladilar. Ta’ziya bildirganlar ichida eng chiroyli va ta’sirli so‘z Ibrohim ibn Muhammad ibn Talhaning so‘zi bo‘ldi: «Xursand bo‘ling, ey Abu Abdulloh, a’zolaringiz va farzandlaringizdan biri, sizdan avval jannatga ketdi. Alloh xohlasa barchangiz bir-birlaringizga ergashasiz. Alloh taolo bizlarga biz muhtoj bo‘lgan, sizning ilmingiz va fikringizni qoldirdi. Alloh taolo ilmingizni sizga ham bizga ham manfaatli qilsin. Alloh ajru-savob beruvchi va go‘zal hisob qiluvchi Zotdir».
Urva ibn Zubayr butun hayoti mobaynida musulmonlar uchun hidoyat nuri, najotga yo‘llaguvchi va yaxshiliklarga chorlovchi bo‘lib qoldi. Eng katta ahamiyatni bolalarga, xususan, o‘zining farzandlari, shu bilan birga boshqa musulmonlarning farzandlari tarbiyasiga qaratib, hech bir fursatni qo‘ymay, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘llab, nasihatlar qilib turardi.
Urva ibn Zubayr yetmish bir yil yaxshilik va ezguliklarga to‘la, taqvo bilan burkangan umr kechirdi.
Masjidi Nabaviy Madina shahrida joylashgan bo‘lib, Islom tarixidagi eng muqaddas joylardan biridir. Masjid Muhammad sollallohu alayhi vasallam tomonidan hijratning birinchi yilida, 622 yili barpo etilgan va musulmonlar uchun Makkadagi Masjidul Harom va Quddusdagi Masjidul Aqsodan keyingi uchinchi muqaddas masjid hisoblanadi. Masjidi Nabaviydagi mehroblar masjidning tarixiy va ma’naviy ahamiyatini aks ettiradi.
Mehrob – masjidda namoz vaqtida imom turadigan va qiblani ko‘rsatuvchi joy. Masjidi Nabaviydagi kengaytirishlar va qayta qurish jarayonlarida mehroblar o‘zgarib borgan. Masjidning dastlabki ko‘rinishi sodda shaklda bo‘lib, mehrob ham biror bir narsa bilan belgilanmagan. Keyinchalik, Umaviylar, Abbosiylar, Usmoniylar va Saudiylar davrida mehroblar naqshinkor san’at namunalari bilan bezatildi.
1. Payg‘ambar mehrobi. Mehrobi Nabaviy Masjidi Nabaviydagi eng muhim va asosiy mehrobdir. Mehrob Ravzada, Payg‘ambar alayhissalomning qabrlari va minbarlari orasida joylashgan. Payg‘ambar alayhissalom davrlarida U zot namoz o‘qigan joyda biror belgi bo‘lmagan, 707-710 yilda ilk bor Umaviy xalifasi Valid ibn Abdulmalik tomonidan bu joyga birinchi mehrob o‘rnatilgan.
Masjidda hozirgi shakldagi mehrob 1482 yilda Mamluk sultoni Qaytbey tomonidan qurilgan bo‘lib, keyinchalik Usmonlilar va Saudiya podshohi Fahd davrlarida ta’mirlangan. Mehrob tilla bilan qoplangan xattotlik yozuvlari va go‘zal naqshlar bilan bezatilgan.
2. Usmoniy mehrobi. Mehrobi Usmoniy hozirda ko‘p foydalaniladigan asosiy mehrob bo‘lib, Usmon ibn Affon roziyallohu anhu davrida 651 yilda masjid kengaytirilganidan qurilgan. Qibla devorining markazida joylashgan Usmon ibn Affon mehrobi o‘rnida dastlab belgi bo‘lgan.
3. Mehrobi tahajjud. Mehrob Payg‘ambar alayhissalom tahajjud namozini o‘qigan joyni bildiradi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tungi namozlarini Masjidi Nabaviyning ustunlaridan biri yonida o‘qir edilar. Keyinchalik bu ustun yonida mehrob qurildi, ammo so‘nggi yillardagi qayta ta’mirlash ishlarida olib tashlandi va uning o‘rniga Qur’oni karim mus'haflari uchun kitob javoni o‘rnatilgan.
4. Sulaymoniy mehrobi. Mehrobi Sulaymoniy Hanafiy mehrobi deb ham nomlanadi. Sulaymoniy mehrobi Ravzadan tashqarida, Payg‘ambar alayhissalom minbarlarining o‘ng tomonida joylashgan. Bu mehrob hanafiy mazhabidagilarning namozgohi bo‘lgan. 1532 yili Sulton Sulaymon I buyrug‘i bilan bunyod etildi.
5. Fotima mehrobi. Fotima rohiyallohu anho uylari yaqinida, tahajjud mehrobining janubida, Nabiy alayhissalom hujralari atrofida joylashgani, maqbara o‘ralgani bois mehrob ko‘rinmaydi.
Po‘latxon Kattayev,
TII Hadis va islom tarixi fanlari kafedrasi katta o‘qituvchisi.