Respublikamiz hojilari ishtirokida o‘tkazilayotgan ma’naviy-ma’rifiy targ‘ibot tadbirlari qizg‘in davom etmoqda.
Mavsum boshidan shu choqqacha 83 ming 274 ta tadbir o‘tkazildi. Ularda 508 478 nafar yurtdoshimiz qamrab olindi.
Oilaviy sharoit va tushunchalaridan kelib chiqib, ular bilan tinchlik qadri va shukronalik, yoshlar tarbiyasi, illatlarga barham berish, ilm-ma’rifatga targ‘ib, yot g‘oyalarga qarshi kurashish mavzularida suhbatlar o‘tkazildi.
Ehtiyojmandlar holidan xabar olinib, oziq-ovqat mahsulotlari, moddiy yordamlar berildi. 11 mingdan ziyod hojilar ishtirok etayotgan tadbirlar natijasida jamiyatdagi ma’naviy muhit yanada yaxshilanmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati
Savol: Birovning telefoni va undagi ma’lumotlarni ruxsatsiz ko‘rish mumkinmi? Chunki ba’zan avtobus, metro kabi ommaviy transport vositalarida ayrim shaxslarning shunday ishlar qilayotganiga guvoh bo‘lib qolamiz?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Yo‘q, birovning telefonidan uning ruxsatisiz foydalanish yoki undagi ma’lumotlarni o‘qish shar’an to‘g‘ri emas. Bu birovning uyiga ruxsatsiz mo‘ralash, xatiga ruxsatsiz qarash kabidir. Zero, bu ishlar Qur’on va hadislarda man etilgan.
Ammo agar murabbiy (ota, ustoz va hokazo) qo‘l ostida tarbiyalanayotgan shaxsning to‘g‘ri yo‘ldan og‘ishidan shubha qilsa, u holda tarbiya maqsadida o‘z qo‘l ostidagi shaxsning telefonini tekshirishiga ruxsat beriladi. Balki ular vaqti-vaqti bilan bolalar va ularga tegishli narsalarni nazorat qilib turishlari kerak, toki ular to‘g‘ri yo‘ldan og‘masinlar. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi