Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan.
Bu haqda 2025 yil 21 apreldagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida bayon etilgan.
Farmonga muvofiq, Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazining asosiy vazifalari etib quyidagi vazifalar belgilangan:
a) buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish;
b) tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish;
v) naqshbandiylik ta’limotining ezgu g‘oyalarini tadqiq etish uchun ilmiy-nazariy va uslubiy masalalarga bag‘ishlangan anjuman, konferensiya, ko‘rgazma, seminar-trening, tanlovlar hamda boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni tashkil etish;
g) tasavvuf ta’limotining ilmiy asoslangan g‘oyalarini targ‘ib qilish, soxta tariqatchilikning oldini olish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.
Alloh taolo ushbu markazning xalqimiz ilmu ma’rifati va yoshlarimiz ta’lim-tarbiyasi yo‘lidagi faoliyatida ulkan muvaffaqiyatlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan zamonaviy media-makonda so‘z va axborot erkinligini ta’minlash, davlat organlari faoliyatini yoritib borish ishlarini yanada samarali tashkil etish maqsadida Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan bir qator vazirlik hamda idoralar bilan hamkorlikda davlat organlari va tashkilotlari matbuot kotiblari uchun joriy yilning 30 iyun – 2 iyul kunlari Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida "Axborot xizmatlari faoliyati: ochiqlik, tezkorlik va xolislik bosh mezon" mavzusida V milliy konferensiya tashkil etildi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot kotibi ham qatnashdi.
Konferensiya doirasida o‘tkazilgan “Media Quiz”da 9 ta jamoa 5 ta raundda turli sohaga oid yo‘nalishlarda bilimlarini sinashdi. Bilim-ring natijalariga ko‘ra uchta jamoa g‘olib deb topildi va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi. Uch kun mobaynida o‘tkazilgan tadbirlar nihoyasiga yetdi.
***
Shuningdek, Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Zakovat” intellektual o‘yinida Muslim.uz jamoasi ham munosib ishtirok etdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati