Shu yilning 22 aprel kuni Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud domla Alimov boshchiligida Marhamat tumanidagi “Obidjon Botirov” jome masjidida viloyatning shahar va tumanlari bosh imom-xatiblari, otinoyilar va hojilar ishtirokida tumanda faoliyat ko‘rsatayotgan masjid imom-xatiblarining faoliyat samaradorligini oshirish yuzasidan sayyor seminar yig‘ilishi o‘tkazildi.
Dastavval seminar ishtirokchilari bo‘lgan shahar-tuman bosh imom-xatiblar, otinoyilar tomonidan o‘zlariga biriktirilgan xonadonlarga kirib, aholi bilan yuzma-yuz ko‘rishib, ularga ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi. So‘ngra shahar-tuman bosh imom-xatiblari o‘ziga biriktirilgan masjidlarda peshin namozini ado etib, namozga kelgan jamoatga ma’rifiy suhbatlar qilib berdi.
Seminarda notiqlar tomonidan Marhamat tumanidagi masjidlarning faoliyati haqida keng ma’lumotlar berilib, imom-xatiblarning faoliyat samaradorligi oshirish bo‘yicha kerakli ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
Shuningdek, tumandagi masjidlarda imom-xatiblik faoliyatida namunali va faol mehnat qilayotgan qator imom-xatiblar viloyat bosh imom-xatibining tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida qozi domla boshchiligida masjid hududiga yaxshi niyatlar ila manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Andijon viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi Toshkent shahridagi "To‘ra Buva" jome masjidi imom-xatibi Umidjon domla Sodiqovning otalari Anvar hoji otaning vafoti munosabati bilan u kishining yaqinlariga chuqur ta’ziya izhor etadi.
Oxirat safariga kuzatilgan otaxon el koriga yaraydigan, dinu diyonat yo‘lida xizmat qiladigan farzand va nevaralarni o‘stirdilar, chiroyli tarbiya qildilar.
Alloh taolo marhum otaxonning barcha solih amallarini o‘zlariga hamroh aylab, O‘z mag‘firatiga olsin. Haq taolo marhum otaxonning yaqinlari, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlariga ajru mukofotlar ato etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi jamoasi, ulamolari, imom-domlalari va o‘qituvchi-mudarrislari nomidan Umidjon domla Sodiqovga, u kishining oila a’zolari, yor-birodarlari, yaqinlariga hamdardlik bildiramiz.
Innaa lillaahi va innaa ilayhi roji’uun.
«Musibat yetganda «Albatta, biz Allohnikimiz va albatta, biz Unga qaytuvchimiz», degan sabrlilarga xushxabar bering».
O‘zbekiston musulmonlari idorasi