Munosabat
Alloh taologa behisob shukrki, taraqqiyotimizning yangi davrida qabul qilinayotgan tegishli qonun hujjatlari xalqimizning e’tiqod erkinligini ta’minlash, jamiyatda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlash hamda inson qadr-qimmatini yuksaltirishga xizmat qilmoqda. Ta’kidlash joiz, yangi O‘zbekistondagi islohotlar farovon hayotni ta’minlashga qaratilgan. O‘zgarish va yangilanishlar zamirida davlatimiz rahbari tashabbusi bilan “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan ulug‘ tushuncha bosh o‘ringa qo‘yilgan.
O‘tgan qisqa vaqtda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi tashkil etildi. Ushbu muassasalar “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu umuminsoniy g‘oyasi asosida jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni ta’minlashga, yoshlarni zamonaviy fikrlaydigan va buyuk ajdodlarimizga har jihatdan munosib etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.
Ma’lumki, Prezidentimiz tashabbusi bilan azim poytaxtimizda ulkan majmua — O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bunyod etilmoqda. Alloh nasib etsa, mazkur inshoot buyuk ajdodlarimiz zakovati, xalqimiz ma’naviy salohiyatiga mos bo‘ladi. U yoshlar uchun ulkan tarbiya maktabi, sayyohlar uchun tabarruk qadamjo, qisqacha aytganda, ilm-ma’rifat koshonasiga aylanadi.
2025 yil 25 fevralda O‘zbekiston Republikasi Qonuni bilan O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlanishi mamlakatimizda millatlar va dinlararo munosabatlarni mustahkamlash, jamiyatimizda tinchlik-xotirjamlikni ta’minlash, adolat va tenglikni qaror toptirishga katta hissa qo‘shmoqda.
Yurtimizdagi mana shunday ulug‘vor ishlarning uzviy davomi sifatida Prezidentimiz tomonidan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon imzolandi. Bu muhim hujjatda belgilangan dolzarb vazifalar jahon ilm-fani va madaniyati rivojida beqiyos o‘rin tutgan buyuk allomalarimizning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish, yosh avlodni ona Vatanga sadoqat, milliy va diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash bo‘yicha boshlangan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Shuningdek, jamiyatimizda diniy bag‘rikenglik, millatlararo totuvlikni ta’minlash va yurtimizning jahon tamadduni beshigi sifatidagi tarixiy maqomini tiklash bo‘yicha islohotlarga yangicha ruh bag‘ishlaydi.
Ushbu Farmonda diniy sohani tubdan takomillashtirish, mo‘min-musulmonlar ibodat qilishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, xususan, haj va umra ziyoratlariga borishi bilan bog‘liq xizmatlarni raqamlashtirish, muborak safarga boruvchilar uchun shaffof elektron navbatlarni yo‘lga qo‘yish, diniy soha xodimlarining malaka oshirishida yangicha tizim joriy etish hamda ilmiy-tadqiqotlarni yuqori bosqichga olib chiqish kabi ustuvor yo‘nalishlar belgilangani diqqatga sazovor.
Ayniqsa, ushbu muhim hujjatda Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish va qator muhim vazifalarni amalga oshirish belgilangani ilm-ma’rifat ahlini cheksiz mamnun etdi. Binobarin, Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining insonparvarlik g‘oyalarini o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirish hozirgi globallashgan axborot asrida g‘oyat dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Qayd etish lozimki, Naqshbandiya tariqati o‘zining mo‘tadilligi va bunyodkor ta’limotlari bilan boshqa tariqatlardan ajralib turadi. Unda asosan komil inson, ilm-ma’rifat, odob-axloq, halol kasb, ezgu amal kabi masalalarga bosh g‘oya sifatida qaraladi. Shuningdek, ushbu tariqatda insonning amallari faqat shaxs kamolotiga emas, balki jamiyatning ma’naviy rivoji va islohoti uchun ham xizmat qilishi zarurligiga alohida urg‘u beriladi. Bahouddin Naqshband hazratlari ilm va amalni o‘zida mujassam etgan, jamiyat uchun manfaatli bo‘lgan shaxsni komil inson sifatida ta’riflaydi.
Darhaqiqat, tariqat peshvosi Bahouddin Naqshband hazratlari ilgari surgan “Dil ba yoru dast ba kor”, ya’ni “Qo‘ling mehnatda-yu, diling Allohda bo‘lsin”, degan ezgu shior zamirida umuminsoniy g‘oyalar, ma’naviy kamolot, botiniy poklik ustuvor ahamiyat kasb etadi. Aslida bu ta’limot dinimizning asosiy talablaridan. Alloh taolo Qur’oni karimda: “... Alloh senga bergan narsa bilan oxiratni izlagin, bu dunyodagi nasibangni ham unutma. Alloh senga yaxshilik qilganidek, sen ham yaxshilik qil. Yer yuzida buzg‘unchilikni izlama. Albatta, Alloh buzg‘unchilarni suymas”, deb bayon qiladi (Qasos surasi, 77-oyat).
Naqshbandiya ta’limotida ham “Insonlarni sev va ularga foyda yetkaz”, tamoyiliga katta ahamiyat berilgan. Bu g‘oya asosiy hayot tamoyiliga aylangan. Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Insonlarning eng yaxshisi — ularga foydasi eng ko‘p tegadigani” (Imom Daraqutniy rivoyati).
Bahouddin Naqshband hazratlari hayotligidayoq bu tariqat mavqei ko‘tarilib, dunyo bo‘ylab yoyildi. Ta’limot zamon talablariga mosligi, barchaga xosligi sababli oddiy xalqqa ham, ziyolilar qatlamiga ham ma’qul edi. Ana shunday yuksak ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati bois, bu ta’limot Bahouddin Naqshband vafotidan keyin yanada keng tarqaldi. Naqshbandiya ta’limoti adabiyot rivojida ham muhim o‘rin tutdi. Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Boborahim Mashrab, So‘fi Olloyor kabi mutafakkirlar ijodida naqshbandiya g‘oyalari keng targ‘ib etilgan.
O‘zbekistonda yashab o‘tgan buyuk tasavvuf allomalari merosini yanada chuqur o‘rganish bugungi kunda ilmiy jamoatchilik oldida turgan muhim vazifalardan. Shu bilan bir qatorda, yurtimizda tasavvuf ta’limoti doirasida shakllangan umuminsoniy qadriyatlar, insoniy odob-axloq mezonlari, insonparvarlik va tinchlikparvarlik g‘oyalaridan yosh avlodni Vatanga muhabbat, buyuk ajdodlarga ehtirom ruhida tarbiyalash, buzg‘unchi g‘oyalarga qarshi turishda samarali foydalanish dolzarb ahamiyatga ega.
Farmon asosida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyatini yanada takomillashtirish borasida ham qator vazifalar belgilandi. Jumladan, hujjatda Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy kabi buyuk alloma ajdodlarimiz qoldirgan ma’naviy merosni o‘rganish, jahon ilm-fani rivojiga qo‘shgan beqiyos hissasini xalqimiz, ayniqsa, yoshlarga targ‘ib qilish, asarlarining tarjimalarini nashr etish, islom dinining insonparvarlik mohiyatini keng ommaga yetkazish kabi muhim masalalar o‘rin olgan.
Zero, hujjatda qayd etilgan vazifalar buyuk vatandoshimiz, islomiy ilmlar rivojiga ulkan hissa qo‘shgan benazir alloma, kalom ilmining sultoni Imom Abu Mansur Moturidiyning ibratli hayot yo‘li va boy ilmiy-ma’naviy merosini har tomonlama chuqur o‘rganish, moturidiylik ta’limotiga xos bag‘rikenglik va mo‘tadillik tamoyillarini xalqimiz va jahon jamoatchiligi o‘rtasida keng targ‘ib etish, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash ishlariga bemisl xizmat qiladi.
Shuningdek, Farmonda islom dinining insonparvarlik mohiyati, ma’rifiy-madaniy roli va rivojlanish yo‘nalishlarini ilmiy asosda o‘rganish va keng ommaga, jumladan, xalqaro jamoatchilikka yetkazish, diniy ta’lim muassasalariga ilmiy-tadqiqot va o‘quv-uslubiy masalalarda hamda pedagog kadrlar va diniy xodimlarning malakasini oshirib borishda amaliy yordam berish hamda yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash yo‘nalishida yangi loyiha va tashabbuslarni ishlab chiqish kabi ustuvor vazifalar ham alohida qayd etilgani ilmiy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ishlarni yanada kengaytiradi.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining faoliyati takomillashtirilishi muborak dinimizning asl mohiyatini, ilmiy-ma’naviy asoslarini, yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutakallim allomalar hayoti va merosini o‘rganishni yanada kuchaytirishga turtki bo‘ladi.
Demak, mazkur Farmonning qabul qilinishi fuqarolarimizning e’tiqod erkinligini kafolatlash barobarida diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqadi.
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
"Xalq so‘zi" gazetasining 2025 yil 24 apreldagi 83-sonidan olindi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni
Fuqarolarning rasmiy sanalarni nishonlash davrida to‘liq dam olishi uchun shart-sharoitlar yaratish, “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qil!” ichki turizmni rivojlantirish dasturi doirasida ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirish uchun dam olish va bayram kunlaridan samarali foydalanishni ta’minlash maqsadida qaror qilaman:
1. Quyidagi qo‘shimcha dam olish kunlari belgilansin:
(a) 2025 yilda barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar) 31 dekabr – chorshanba;
(b) 2026 yilda:
(i) barcha xodimlar uchun (ish haftasining turidan qat’i nazar): 2 yanvar – juma, 28 may – payshanba, 29 may – juma, 31 avgust – dushanba;
(ii) olti kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun: 3 yanvar – shanba, 30 may – shanba, 31 dekabr – payshanba.
2. Mehnat kodeksining 208-moddasiga muvofiq:
(a) ishlanmaydigan bayram kunlari hisoblanuvchi 8 mart – Xotin-qizlar kuni bayrami 2026 yilda yakshanba – dam olish kuniga va 21 mart – Navro‘z bayrami hamda 9 may – Xotira va qadrlash kuni bayramlari besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun shanba – dam olish kuniga to‘g‘ri kelishi munosabati bilan ushbu dam olish kunlari mos ravishda 2026 yil 9 mart, 23 mart va 11 may – dushanba kunlariga ko‘chirilishi;
(b) ishlab chiqarish-texnik va tashkiliy sharoitlar (mavjud uzluksiz ishlab chiqarish, aholiga har kuni xizmat ko‘rsatish, navbatchilik asosida ishlash va boshqalar) tufayli ishlanmaydigan bayram kunlari to‘xtatib qo‘yish mumkin bo‘lmagan ishlarni bajarishda dam olish kunlari ko‘chirilmasligi ma’lumot uchun qabul qilinsin.
3. Besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni 2026 yilda 12 dekabr – shanba kunidan 31 dekabr – payshanba kuniga ko‘chirilsin.
4. Bayram (ishlanmaydigan) kunlarining uzaytirilishini hisobga olgan holda respublika aholisining maroqli dam olishi uchun:
(a) Turizm qo‘mitasi va Madaniy meros agentligi turizm namoyishi obyektlari (madaniy meros obyektlari, muzeylar) va mehmonxona xizmatlari uchun chegirmalar berilishi hamda aksiyalar o‘tkazilishini tashkil etsin;
(b) O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga Sog‘liqni saqlash vazirligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda sanatoriylar va sog‘lomlashtirish muassasalari uchun chegirmalar berish hamda aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin;
(v) “Uzbekistan Airways” AJ va “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJga ichki transport qatnovlari uchun chegirmalar berish va aksiyalar o‘tkazish tavsiya etilsin.
5. O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasiga:
(a) mehnat jamoalari o‘rtasida ushbu Farmonning maqsadi, mazmun-mohiyati to‘g‘risida tushuntirish ishlarini tashkil etish;
(b) uzaytirilgan bayram kunlarida xodimlar va ularning oila a’zolari maroqli dam olishini ta’minlash yuzasidan kasaba uyushmalari tashkilotlarining ishini faollashtirish tavsiya etilsin.
6. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi O‘zbekiston Milliy axborot agentligi bilan birgalikda bayram kunlari o‘tkaziladigan tadbirlar to‘g‘risida ommaviy axborot vositalari, shu jumladan, Internet jahon axborot tarmog‘i orqali aholining keng xabardor qilinishini ta’minlasin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 dekabrdagi “Yangi yil bayramini nishonlash davrida qo‘shimcha ishlanmaydigan kunni belgilash va dam olish kunini ko‘chirish to‘g‘risida”gi PQ–452-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
8. Belgilansinki, ushbu Farmon 2027 yil 1 yanvardan e’tiboran o‘z kuchini yo‘qotadi.
9. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev