Bismillahir Rohmanir Rohiym
اللهم صلي وسلم على نبينا محمد وعلى آله وصحبه أجمعين
Shayx ibn Atoulloh Sakandariy rahimahulloh aytadilar: “Kimki ko‘p nafl ro‘za tuta olmasa va nafl namozlarni o‘qiy olmasa Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ko‘p salavot aytishi lozim.
Agar inson umr bo‘yi qilgan ibodati bilan Alloh taoloning bir marotaba salavot aytgani tenglashtirilsa, Alloh taoloning salavoti og‘ir keladi. Chunki banda o‘z darajasida ibodat qiladi, Alloh taolo esa O‘zining buyukligiga munosib salavot aytadi. Endi U Zot banda uchun o‘n marta salavot aytsa qanday bo‘ladi?!”.
Payg‘ambarimiz alayhissalom: “Kim menga bir marta salavot aytsa Alloh unga o‘n marta salavot aytadi”, deganlar (Imom Muslim rivoyati).
Alloh taoloning bandalariga aytgan salavoti Uning rahmatidir.
اللهم صلي وسلم على نبينا محمد وعلى آله وصحبه أجمعين
Davron NURMUHAMMAD
Bugun, 24 oktyabr kuni Respublika ma’naviyat markazida “To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirishda davlat va jamoat tashkilotlarining roli” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari, Bosh vazir o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quronboyev, mutasaddi vakillar, OAV xodimlari ishtirok etdi.
Davra suhbatini Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov olib bordi.
Ma’rifiy tadbirda Muftiy hazratlari o‘z nutqlari davomida mavzu bugun dolzarb ekanini ta’kidlab, masjidlarda imom domlalar to‘ylar, oilaviy tantanalar va marosimlarni o‘tkazishda tejamkorlik tamoyillariga amal qilish, isrofgarchilikning oldini olish masalalari bo‘yicha doimiy ilmiy suhbat va tushuntirish olib borayotgani, shuningdek, hojilar bilan birga “Yangi O‘zbekistonning fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida amaliy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilayotganini alohida qayd etdilar.
Yig‘ilish so‘ngida umumiy ovqatlanish korxonalarida hosil bo‘ladigan oziq-ovqat chiqindilaridan samarali foydalanish va ularning atrof-muhitga salbiy ta’sirini kamaytirish hamda ortiqcha isrofgarchiliklarning oldini olish bo‘yicha 2025 yil oktyabr-dekabr oylarida amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risidagi qo‘shma chora-tadbirlar dasturi imzolandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati