Abdulaziz YO‘LDOSHEV/«Xalq so‘zi». Samarqand shahrida «Moturidiylik — bag‘rikenglik, mo‘tadillik va ma’rifat ta’limoti» mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazilyapti. Unda 20 dan ortiq mamlakatdan yetmishdan ziyod ulamo va olimlar, xalqaro tashkilot rahbarlari, muftiylar, ilmiy tadqiqotchilar qatnashyapti.
Konferensiya ishtirokchilari 29 aprel kuni ko‘hna va hamisha navqiron Samarqand shahridagi muborak qadamjolarni ziyorat qilib, tarixiy obidalar va ziyoratgohlardan katta taassurot oldi.
Xorijiy ulamolar bu diyor dunyo sivilizatsiyalar markazi bo‘lgani, Islom tamadduni rivojiga ham muhim hissa qo‘shgani, ko‘plab olimu ulamolarni yetishtirib berganini e’tirof etdi.
Bugun konferensiya ishtirokchilari Imom Moturidiy va moturidiylik ta’limoti mohiyati, moturidiylik namoyandalari va asarlari, moturidiylik ta’limotiga oid zamonaviy tadqiqotlar, globallashuv jarayonida mo‘tadil islom ta’limotining ahamiyati, zamonaviy islomshunoslik tadqiqotlari singari muhim ilmiy masalalarni muhokama qiladi.
xs.uz
Har haftaning chorshanba kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida an’anaviy tarzda tashkil etiladigan fuqarolar qabuli bu safar ham aholi vakillarining murojaatlarini o‘rganish, muammolarga yechim topishga qaratildi.
Joriy haftadagi qabulda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov poytaxtimizdan hamda yurtimizning turli shahar va tumanlaridan tashrif buyurgan fuqarolarning shaxsiy va jamoaviy masalalari, taklif va mulohazalarini tingladi.
Qabul yakunida mas’ullarga aniq topshiriqlar berilib, fuqarolar murojaatlarini tezkor va adolatli hal etish bo‘yicha choralar belgilandi. Shu bilan birga, fuqarolar bilan bevosita muloqot qilish, ularning fikrlarini eshitish va islohotlarga jamoatchilikni faol jalb etish borasidagi ishlar doimiy e’tiborda ekani ta’kidlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati