No‘monxon Yahyoxon,
Toshkent islom instituti talabasi.
#xabar #tayinlov
23 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari raisligida Navoiy viloyati imom-xatiblari navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratlari so‘nggi yillarda yurtimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar, mo‘min-musulmonlar ehtiyojlarini qondirish yo‘lidagi ishlar va imom-xatiblar oldida turgan muhim vazifalar to‘g‘risida nutq qildilar.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ham ko‘rildi. Navoiy viloyati bosh imom-xatibi Toir domla Ro‘ziyev boshqa vazifaga o‘tayotgani sababli lavozimidan ozod etilib, Navoiy viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari Temurjon domla Atoyev O‘zbekiston musulmonlari idorasining Navoiy viloyatidagi vakili, viloyat bosh imom-xatibi lavozimiga tayinlandi.
Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, Temurjon domla Atoyev Toshkent shahridagi “Ko‘kaldosh” madrasasi va Misr Arab Respublikasidagi al-Azhar universitetida tahsil olgan. Mehnat faoliyati davomida Navoiy viloyati Nurota tumani “Chil ustun” jome masjidi imom noibi, viloyat bosh imom-xatibi o‘rinbosari vazifalarida mehnat qilgan.
Alloh taolodan yangi tayinlangan bosh imom-xatibning mas’uliyatli va sharafli faoliyatiga muvaffaqiyatlar tilaymiz.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati