Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan anjuman doirasida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Misr Vaqf ishlari vaziri Shayx Usoma Azhariy, islom olamidagi nufuzli tashkilot Musulmon donishmandlar kengashi Bosh kotibi Muhammad Abdussalom hamda Ozarbayjon diniy tashkilotlar bilan ishlash qo‘mitasi raisi Ramin Alamshah o‘g‘li Mamedov bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Muloqotlarda Prezidentimiz tashabbuslari bilan yurtimizda vijdon va e’tiqod erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik hamda allomalar merosini tadqiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuqori baholandi. Shuningdek, mazkur yo‘nalishlarda alohida qonun, qaror va maxsus farmonlar qabul qilingani, jamiyatimizda turli diniy konfessiyalar vakillari orasida ahil-inoqlik yanada mustahkamlangani va mo‘min-musulmonlar toat-ibodat qilishi uchun keng imkoniyatlar taqdim etilgani alohida qayd etildi.
Martabali mehmonlar davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yil sayin rivoj topib borayotganini ta’kidlashdi. Bugungi murakkab davrda mana shunday xalqaro hamkorlik, o‘zaro tajriba almashish va anjumanlar tashkil etishning ahamiyati katta ekaniga urg‘u qaratildi.
Uchrashuvda tomonlar ilmiy tadqiqot, diniy ta’lim, zamonaviy fatvolar ishlab chiqish, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish va diniy soha xodimlari malakasini oshirish kabilarda hamkorlik qilishni kengaytirishga kelishdilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati
Shu yil 9 avgust kuni Sirdaryo viloyatimizda xizmat qilayotgan imom-xatiblar o‘rtasida “Sirdaryo viloyati bosh imom-xatibi kubogi” sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirning asosiy maqsadi imom-xatiblarning jismoniy faolligini oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish hamda o‘zaro do‘stlik va hamjihatlik ruhini mustahkamlashdan iborat bo‘ldi.
Futbol maydonida tuman va shahar jamoalari o‘rtasidagi o‘yinlar katta qiziqish bilan kuzatildi. Har bir jamoa mahorat, jamoaviy o‘yin va yuksak sport ruhini namoyish etdi.
Stol tennisi yo‘nalishidagi bellashuvlar ham shiddatli ruhda o‘tdi. O‘yinchilarning tezkor harakatlari, aniq zarbalari va strategik o‘yini musobaqaga alohida zavq bag‘ishladi.
Tadbir do‘stona va samimiy muhitda, yuqori sport intizomi asosida o‘tdi. G‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Sirdaryo viloyati vakilligi
Matbuot xizmati