Sayt test holatida ishlamoqda!
25 Iyul, 2025   |   30 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:35
Quyosh
05:12
Peshin
12:35
Asr
17:36
Shom
19:51
Xufton
21:20
Bismillah
25 Iyul, 2025, 30 Muharram, 1447

"Yog‘ochli sardoba" – Sirdaryoning turizm salohiyatini ochuvchi noyob yodgorlik

02.05.2025   16435   2 min.

Sirdaryo viloyatida joylashgan tarixiy va madaniy obidalar orasida XVI asrga tegishli "Yog‘ochli sardoba" alohida ahamiyatga ega. Buxoro xoni Abdullaxon II davrida, 1580 yilda qurilgan mazkur gidrotexnik inshoot nafaqat o‘tmishdan darak beradi, balki hozirgi kunda viloyat turizm salohiyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. 
 

Har bir tarixiy obida – xalqimiz tarixi va madaniyatining guvohi. Mirzacho‘l hududida joylashgan “Yog‘ochli sardoba” ham ana shunday noyob yodgorliklardan bo‘lib, uning me’moriy tuzilishi va muhandislik yechimi o‘z davrining ilg‘or bilimlariga tayanilganini ko‘rsatadi.


– Sardobaning gumbazsimon tuzilishi, 15 metrlik ichki diametri va 12 metr balandligi uni nafaqat amaliyotda samarali, balki arxitektura jihatdan ham o‘ziga xos namuna sifatida namoyon etadi. Yerdan ikki metr balandlikdagi tuynuklar, salqinlikni saqlovchi ventilyatsiya tizimi, simmetriyali qurilishi va devor qalinligining yuqoriga ko‘tarilgan sari yupqalashib borishi – bularning barchasi sardobaning betakrorligigidan dalolat beradi,– deydi tarixchi-arxeolog Solijon Qudratov.


Sardobaga arksimon kirish qismi orqali g‘ishtli zinapoyalardan foydalanib tushiladi. Kirish qismidagi yo‘lakcha ustidan esa xizmatchilar uchun maxsus xonalarga chiqish mumkin bo‘lgan aylanma zinapoya qurilgan.


So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda “Yog‘ochli sardoba” ham qayta tiklash ishlari doirasida o‘rganilmoqda. Ba’zi rekonstruksiya ishlari boshlangan bo‘lsa-da, ma’lum texnik va moliyaviy sabablarga ko‘ra, qurilish vaqtincha to‘xtab qolgan.


– Endi bu maskanni to‘liq ta’mirlab, turistik marshrutlarga qo‘shish, atrofida dam olish maskanlari, suv yo‘llari, mahalliy hunarmandchilik obyektlarini rivojlantirish rejalashtirilgan. Bunda davlat-xususiy sheriklik asosida yosh tadbirkorlarni ham jalb etish ko‘zda tutilmoqda, – deydi Sirdaryo viloyat hokimining o‘rinbosari Shohruh Isoqulov.


“Toshkent – Samarqand – Buxoro” magistral yo‘li bo‘ylab joylashgan “Yog‘ochli sardoba” hozirning o‘zidayoq sayohatchilar diqqatini o‘ziga tortmoqda. Shu bois, yaqin istiqbolda bu inshoot nafaqat tarixiy yodgorlik, balki madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladigan, mahalliy va xalqaro turizmni qo‘llab-quvvatlaydigan muhim markazga aylanishi, shubhasiz. 


G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri

O'zbekiston yangiliklari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shahrisabzning Butunjahon merosi ro‘yxatidagi maqomini saqlab qolish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilindi

21.07.2025   4192   1 min.
Shahrisabzning Butunjahon merosi ro‘yxatidagi maqomini saqlab qolish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilindi

Parij shahrida YUNЕSKO Butunjahon merosi qo‘mitasining 47 sessiyasi o‘tkazildi. Sessiya yig‘ilishida Shahrisabz shahrining Butunjahon merosi ro‘yxatidagi maqomini saqlab qolish bo‘yicha ijobiy qaror qabul qilindi.


Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi axborot xizmati O‘zAga ma’lum qilishicha, qo‘mita O‘zbekistonning ushbu obyektni asrash bo‘yicha sa’y harakatlarini yuqori baholab, YUNЕSKO Butunjahon merosi markazi hamda IKOMOS (Yodgorliklar va diqqatga sazovor maskanlarni asrash bo‘yicha xalqaro kengash)  bilan samarali hamkorlik muhimligini alohida qayd etdi.


Kelgusi bosqich sifatida O‘zbekistonga takroriy nominatsiyani tayyorlash uchun uch yil muddat berildi. Unda Shahrisabzning siyosiy, madaniy va diniy markaz sifatidagi betakror tarixiy rolini aks ettiruvchi temuriylar davri me’moriy merosiga alohida urg‘u qaratiladi.


Shaharning tarixiy qismi bufer hudud sifatida belgilanishi rejalashtirilgan, bu uning madaniy qiymatini yanada samarali asrash imkonini beradi. Mazkur qaror xalqaro hamkorlik doirasida olib borilgan tizimli va ochiq muloqotlar natijasi bo‘ldi.


Anjumanda O‘zbekiston Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova boshchiligidagi delegatsiya ishtirok etib, YUNЕSKO, IKOMOS va barcha xalqaro hamkorlarga bildirilgan ishonch va ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorlik bildirgan. 


Behruz XUDOYBЕRDIYEV,

O‘zA

O'zbekiston yangiliklari