Abdulloh roziyallohu anhu aytadi: "Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kirsam, u zot alayhissalom bemorlikdan qiynalayotgan ekanlar.
"Yo Allohning Rasuli, siz bemorlikdan qattiq qiynalmoqdasiz-ku?!" dedim.
"Albatta, men bemorlikdan sizlardan ikki kishining qiynalganicha qiynalaman", dedilar.
"Sizga ikki hissa ajr bo‘lishi uchun shundaymi?" dedim.
U zot alayhissalom: "Ha shunday. Qay bir musulmonga biror musibat yetsa, Alloh uning sababidan o‘sha bandaning yomonliklarini xuddi daraxt o‘z barglarini to‘kkanidek to‘kadi", dedilar".
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
عَنْ عَبْدِ اللهِ رَضِي اللهُ عَنْهُ، عَنِ النَّبِيِّ صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَّمَ قَالَ: تَابِعُوا بَيْنَ الْحَجِّ وَالْعُمْرَةِ، فَإِنَّهُمَا يَنْفِيَانِ الْفَقْرَ وَالذُّنُوبَ كَمَا يَنْفِي الْكِيرُ خَبَثَ الْحَدِيدِ وَالذَّهَبِ وَالْفِضَّةِ، وَلَيْسَ لِلْحَجَّةِ الْمَبْرُورَةِ ثَوَابٌ إِلَّا الْجَنَّةُ. رَوَاهُ النَّسَائِيُّ وَالتِّرْمِذِيُّ وَصَحَّحَهُ.
Abdulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «Haj bilan umrani ketma-ket qiling. Albatta, xuddi bosqon temir, tilla va kumushning kirini ketkazganidek, ikkisi faqirlik va gunohlarni ketkazadi. Hajji mabrurning jannatdan boshqa savobi yo‘q», dedilar.
Nasaiy va Termiziy rivoyat qilgan. Termiziy sahih, degan.
Haddodlar (temirchilar) temir va boshqa ma’danlarning zangi va kirini yaxshilab ketkazish uchun bosqonni ketma-ket bosib, bolg‘ani ustma-ust uradilar va maqsadlariga erishadilar. Gunohlarim yuvilsin, faqirlikdan qutulib, boy bo‘lay, degan banda ham hajdan keyin umra qilsa, maqsadiga erishar ekan.
«Hajji mabrurning jannatdan boshqa savobi yo‘q».
Jannatni o‘ziga savob, ya’ni mukofot qilib olishni istagan banda hajji mabrur qilishi lozim ekan. Ya’ni, haj qilganda hayosiz gap-so‘zlardan tiyilib, fisqu fujurlardan xoli bo‘lib, saxiylik va husni xulq ila haj qilmog‘i kerak.
«Hadis va hayot» kitobi 10-juz