Ulamolar Usmon (roziyallohu anhu) turli yurtlarga yuborgan Mus'haflarning soni to‘g‘risida har xil rivoyatlar aytganlar. Masalan, Hamza bin Habib az-Zayyyot: «Ular to‘rtta edi», deydilar. Abu Hotim as-Sijistoniy esa yettita bo‘lgan deydilar. Eng to‘g‘ri rivoyat oltitadir: Makkiy, Shomiy, Basriy, Kufiy, Madina ahli uchun umumiy bo‘lgan madaniy va xalifaning o‘zlari uchun xos bo‘lgan madaniy Mus'haflardur. Oxirgisini hazrati Usmon(roziyallohu anhu) o‘zlari uchun olib qolganlar. Ul zot bu mus'haflarning birortasini ham o‘z qo‘llari bilan yozmaganlar, balki ularni yozishga buyurganlar, xolos.
Tarix ulamolari nazdida qurayshlardan birinchi bo‘lib xat yozishni o‘rgangan va o‘rgatgan kishi Harb bin Umayyadir. O‘sha paytdagi xat turi anboriy-himyoriy deb atalardi. U Hijozda tarqagandan so‘ng, Hijoziy deb atala boshladi. Islom dini kelgan paytda arablar orasida mana shu xat turi qo‘llanilar edi va shu yozuv bilan vahiyni, Abu Bakr sahifalarini, Usmon Mus'haflarini yozdilar. Usmon Mus'haflari har xil yordamchi shakl va nuqtalardan holi yozilgan. Unga juz’lar, hizblar va boshqa ko‘rsatgichlarning alomatlari qo‘yilmagan. To Kufa yozuvi paydo bo‘lguncha Mus'haf va boshqa hujjatlar ana shu xatda yozilar edi. Keyinchalik bir guruh xattotlar Kufa yozuvi bilan nusxalar ko‘chira boshladilar. Bu yozuv arab xatining tajvidini va uning yaxshilanishini ko‘zda tutar edi. Bora-bora Kufa ahli yozuvi o‘zining shakli jihatidan hijoziy xatdan qulay ekanligi ma’lum bo‘ldi va kufiy xat deb ataldi. Ana shu vaqtdan e’tiboran Qur’on va boshqa yozuv asarlari qufiy xatida bitila boshladi.
O‘sha zamonda bitiklar terilarga kufiy xat bilan yozilar edi. Bundan boshqa turda xat bitishni arablar bilmas edilar. Islomdan keyin eng qadimiy yozuv bo‘lgan bitiklarni ham terilarga yozdilar. Ular matolarga, xususan, bo‘zdan to‘qilgan Misr matosiga, shuningdek taxta, suyak, tosh va sopollarga yozar edilar.
Abbosiylar davriga kelib, qog‘oz deb ataladigan yangi ashyo paydo bo‘ldi. U yuziga mum surtilgan varaqlardan iborat bo‘lib ko‘rinishidan teriga o‘xshab ketar edi. Qog‘oz yasashni arablar xitoyliklardan olganliklari haqiqatga yaqinroqdir. Chunki xitoylar miloddan oldin ham qog‘oz yasash sohasida mohir bo‘lganlar. Arablar Samarqandni fath qilganlarida bu sinoatni o‘sha yerdan o‘rgandilar, lekin, u Abbosiylar davrining birinchi asridagina keng tarqaldi. Bu paytga kelib terilar kamayib, yozishma va bitiklar uchun yetishmay qolgan edi.(«Qohiradagi Husayn masjidlaridagi Payg‘ambardan qolgan osorlar» kitobi.126-bet («Muxall Efotur-Rasul»)
Arablar ajamlar bilan aralashib, quda-anda bo‘lib, ulardan yangi avlod paydo bo‘lganda, bu avlodning talaffuzida har xil ohanglar vujudga keldi. Bu holat arab tilining buzilishi va Qur’on qiroatiga futur yetishi xavfini tug‘dirdi. Shuning uchun yozuvda qisqa unlilarni ifodalovchi harakat belgilarini (harakatlarni) ishlab chiqish qat’iy zaruriyatga aylandi. Natijada, 67-hijriy yilda Iroq voliysi Ziyod ibn Abihi Abul-Asvad Duvaliyga nahv(sintaksis) darsligini ishlab chiqishni buyurdi. Buning uchun Abul-Asvad e’rob (so‘zlarning jumladagi holatini ifodalash) harakatlarini bildiruvchi nuqtalardan foydalandi. U quyidagicha yo‘l tutdi. Bir kotibni olib kelib, unga: «Agar biror harfdan keyin «a» qisqa unlisini talaffuz qilsam, o‘sha harfning tepasiga nuqta qo‘yasan(fatha), agar «u» qisqa unlisini aytsam, o‘rtasiga (zamma), agar «i» qisqa unlisini qo‘shsam, harfning tagiga nuqta(kasra) qo‘yasan», − dedi. Bunda nuqtalar matn yozuvi siyohidan boshqacha rangdagi siyohlar bilan yozilar edi. Bu arab yozuvining takomillashtirishdagi birinchi isloh edi. Ikkinchi isloh umaviy xalifalardan Valid bin Abdul Malik bin Marvon (86-96 h.) davrida, arab tili ona tillari bo‘lmagan ajam qoriylari ko‘payib, noto‘g‘ri talaffuz tufayli odamlarning qiroatni tushunmay qolish hollari ziyodalashganda amalga oshirildi. Ular «jim», «ho» va «xo»; «yo», «to» va «so»; «sod» va «zod»; «to» va «zo»; «sin» va «shin» kabi shakli o‘xshash harflarni bir-biridan ajratishda qiynalar edilar.
Ibn Xallikon «At-Tas'hif» (Noto‘g‘ri talaffuz) kitobida Abu Ahmad al-Askariydan shunday hikoya qiladilar: Odamlar qirq yildan ziyod, to Abdu-Malik bin Marvon zamonigacha Usmon Mus'haflarini o‘qishda davom etdilar. Iroqda noto‘g‘ri tallafuz qilish ko‘payib ketgandan keyin, Hajjoj o‘z kotiblarini chaqirib, ularga shakli o‘xshash harflarni bir-biridan ajratish uchun belgilar ishlab chiqishni buyurdi.
«Aytishlaricha, Nasr bin Osim bu vazifani o‘z zimmasiga oldi va nuqtalar qo‘yishni odat qildi»( Marokkoda chiqadigan «Al-Lisonul-arabiy»( «Arab tili») majallasi, 43-bet, 6-son 1388y.h.
U nuqtalarni bitta yoki ikkita qilib, harfning ustiga yo tagiga qo‘ydi. Nuqtalar harf bilan bir xil siyohda yozilar edi, chunki ular harfning bir bo‘lagi, deb sanaladi. Bundan kelib chiqadiki, arablar nuqta va harakat belgilarini hijriy birinchi asrning ikkinchi yarmidan, ya’ni umaviylar zamonida ishlata boshladilar. Abul-Asvad Duvaliy harakat belgilarini va Nasr bin Osim nuqtalarni ixtiro qilmaguncha, ular arab yozuvida mavjud emasdilar. Johiliyatdagi yoki hijriy asrning birinchi yarmidagi asarlarda harflar nuqta va harakat belgilari, shuningdek, tovushni qisqa va uzun cho‘zish (madd) alomatlaridan holi edi. Payg‘ambar (sollallohu alayhi vasallam)ning maktublari (ularni yozishda kotiblar o‘zlarining yozuv san’ati va tajvid bobidagi bor mahoratlarini ishga solar edilar, chunki, ular Payg‘ambar (alayhissalom)) dan podshohlarga, amiru umarolarga yuborilgan bo‘lib, o‘z vazifasini to‘la ado etishi uchun xati aniq va harflarning shakli to‘liq bo‘lishi kerak edi) ham nuqta va belgilarsiz edi. Usmon Mus'haflarida ham ular yo‘q.(«Muxallafotur-Rasul» 124-bet)
Uch harakat belgilari (i’jom)ni esa Abbosiylar davrining boshlarida yashagan arab tili fanining ustozlaridan biri Xalil Ahmad Farohidiy (vafoti 170 h va 786 m.y.) yo‘lga qo‘ydi.
Bayhaqiy «Shu’abul-iymon»da yozishlaricha, Usmon Mus'haflari keyinchalik tilshunos (nahviy) lar tomonidan ishlab chiqilgan imlo qoidalaridan farq qiladigan, o‘ziga xos shaklda yozilgan. Bu farq olti joyda namoyon bo‘ladi: hazf (yozuvda biror narsani tushirib qoldirish), ziyoda (qo‘shimcha), hamza (arab tilida o‘ziga xos tovushni ifodalovchi belgi), ibdol (bir harfni yoki so‘zni ikkinchisi bilan almashtirish), vasl (birini ikkinchisiga qo‘shib o‘qish), fasl (birini ikkinchisidan bo‘lib o‘qish) belgilari va ikki xil o‘qilishi mumkin bo‘lgan joylar. Isloh natijasida bir xil qoidaga muvofiq yozuv paydo bo‘ldi. Natijada Qur’onning xati muqoyasa qilinmaydigan, o‘zgartirilmaydigan, ixtilof qilinmaydigan va unga qat’iy amal etiladigan yozuvga aylandi. Bu qoidalarni bilish Qur’onga taalluqli ilmlarning biridir.
Usmon Mus'haflari haqida xabarlar
Yuqorida Usmon Mus'haflari oltita edi, dedik. Ulardan biri Basraga, ikkinchisi Kufaga, uchinchisi Shomga, to‘rtinchisi Makkai mukarramaga, beshinchisi Madina ahliga yuborildi va oltinchisi hazrati Usmonning o‘zlarida qolgan edi. Mana shu oltinchi Mus'hafning ustida hazrati Usmon shahid bo‘ldilar va muborak qonlari quyidagi oyat ustiga to‘kildi, degan rivoyat mashhurdir:
Ya’ni «Ularning yomonligidan sizga (ey Muhammad), Allohning o‘zi yetarlidir. U eshitguvchi va bilguvchidir», («Baqara» - 137).
Hazrati Usmon (roziyallohu anhu)) tilovatdan bir xil ta’lim berishni nazarda tutib, o‘sha mus'haflarning har biriga bittadan olim qo‘shib, turli o‘lkalarga yuborgan edilar. Masalan, Zayd bin Sobitga Madina ahliga, Abdulloh bin Soibga esa Makka ahliga qiroatni o‘rgatishni amr etgandilar. Mana shu yo‘l bilan bir xil qiroat hamma tomonga yoyildi va Usmon Mus'haflaridan nusxalar olindi. Usmon Mus'haflari bosh kitob va murojaat qilinadigan asl manba’ sifatida mo‘tabar va muqaddas sanalar, shuning uchun ham ular qo‘riqlanadigan joylarda, nihoyatda ehtiyotkorlik bilan saqlanar edi. Bora-bora ular qimmatbaho yodgorlik sifatida xalifa va podshohlarning xazinalariga ko‘chirilib, odamlar ko‘zidan uzoqlashdi. Agar kimning qo‘liga undan biror nusxa tushib qolsa, hech kimga ko‘rsatmaslikka harakat qilar edi. Davlat to‘ntarishlari, turli ixtilof va talon-tarojlar oqibatida bu Mus'haflarning ba’zilari boshqa mamlakatlarga olib ketildi. Ba’zilari har xil shaxslarning qo‘liga tushdi, taqdiri esa noma’lum bo‘lib qoldi.
Muhammad Tohir bin Abdul-Qodir Kurdiy o‘zining «Tarixul-Qur’on» nomli kitobida shunday yozadi: «Biz Hijoz va Misr kutubxonalarida ko‘p izlanishlar olib bordik, lekin ularning mavjudligi haqida bizlarni qoniqtiradigan hujjatlar topmadik, faqatgina Qohirada chiqadigan «Ad-dunya va kullu shay’» («Dunyo va har bir narsa») majallasining 1937 yil 24 avgust sonida bosilgan «Olmoniya olti oy ichida Hijoz podshosi hukumati bilan tuzilgan bitimga muvofiq, xalifa Usmon Mus'hafining asl nusxasini qaytarib beradi», degan xabarga yo‘liqdik, xolos. Bu xabarga ko‘ra, mazkur Mus'haf Madinadan turk qurolli kuchlari tomonidan olib ketilgan bo‘lib, keyinchalik sobiq imperator Gilyom II ga- topshirilganligi isbot bo‘lgan».(«Tarixul-Qur’on» 119-bet.)
Madina Mus'hafi
Usmon Mus'haflarining ulamo va qoriylar tomonidan eng ko‘p zikr qilinadigani Madina Mus'hafidir. Uning to‘g‘risida imomi Nofi’ ko‘p naql qilganlar.
Ibn Jubayr o‘zining sayohati pirovardida shunday yozadi (uning Madinaga qilgan ziyorati 580-hijriyda bo‘lgan): «Masjidi Nabaviyda saqlanayotgan mus'haf, ustida hazrati Usmon shahid bo‘lgan Mus'haf emas, balki har tomonga yuborilgan Mus'haflarning biridur».
Mavlono Shibli Nu’moniy aytadilar: «Madina Mus'hafini 735 h. yilda Madinai munavvarada ko‘rganlar, uning orqasida shunday yozuv bor edi: «Bu Mus'haf bir guruh sahobalar, shu jumladan, Zayd bin Sobit, Abdulloh bin Zubayr va Said bin Os qarorlari bilan yozildi». Kitobning boshqa tomonida hazrati Usmon Mus'hafni yozish uchun yiqqan boshqa sahobalarning nomlari bor edi. Mana shu sanada Makka Mus'hafi ham mavjud edi».
Samhudiyning «Xulosatul-vafo» kitoblarida, «654-hijriyda Masjidi Nabaviyda sodir bo‘lgan birinchi yong‘in paytida yonib ketgan narsalar ichida kitob va mus'haflar ham bor edi. Ba’zi bir narsalar va Usmon Mus'hafidan boshqa hech narsa omon qolmadi»,— deyiladi. Shunga binoan Usmon Mus'hafi shu sanada Madinada mavjud edi, keyinchalik qayoqqa ketgani ma’lum emas. Ba’zi bir zamondoshlarimiz: «U to turklar Madinadan 1334 yilda chiqib ketgunlaricha mavjud edi. Ehtimol, Ostona (Konstantinopol)ga olib ketilgan bo‘lsa kerak»,− deydilar.(«Tarixul-Qur’on» kitobi)
Bosh Mus'haf
Hazrati Usmonning o‘zlariga xos bo‘lgan Mus'hafga keladigan bo‘lsak, u to‘g‘rida Shotibiy Molikdan shunday rivoyat qiladilar: «Mazkur Mus'haf g‘oyb bo‘lgan, u to‘g‘rida mashoyixlardan hech bir xabar ololmadik».
Ibn Qutayba: «Usmon (roziyallohu anhu) tilovat qilib turib, tepasida shahid bo‘lgan Mus'haf, keyinchalik o‘g‘illari Xolidda edi, undan so‘ng uning avlodlariga qoldi, ular esa birin-ketin olamdan o‘tib ketdilar. Shomning ba’zi mashoyixlari, Mus'haf Tus zaminida, deydilar», − deb xabar beradi.
Umar Rizo hazratlari «Qur’on nima?» nomli kitoblarida shunday yozadilar: «Bir rivoyatda, Usmon (roziyallohu anhu)ning xos Mus'haflari umaviylar qo‘lida edi, deyilgan. Umaviylar Andalusga hijrat qilganlarida uni o‘zlari bilan olib ketgan edilar. Andalusda musulmonlar davlati ag‘darilgandan keyin Mus'haf Fos (Mag‘rib)ga olib kelingan».
Ibn Batutaning aytishicha, VIII hijriy asrda u Fosda mavjud edi va unda qon dog‘lari bo‘lgan.
Samhudiy Madina Mus'hafining Usmon Mus'hafi emasligi to‘g‘risidagi rivoyatning sharhida shunday degan: «Mutaqaddim (avvalgi avlod)larning hech biri u to‘g‘rida zikr qilganini ko‘rmadim, ularning rivoyatlari o‘sha paytda Mus'hafning masjidda bo‘lmaganini taqozo qiladi. Hatto mutaaxxir (keyingi avlod)lardan birinchi bo‘lib tarixni yozgan Ibn Najjor asarlarida ham u to‘g‘rida zikr qilinganini ko‘rmadik».
Barzanjiy hazratlarining «Nuzhatun-nozirin» kitobidagi «Madina tarixi» bobida shunday deyiladi: Hozirgi kunda Madinada mavjud bo‘lgan Mus'hafni sayyidino Usmonga nisbat qilinganini, Al-Matariy va undan keyingilarning Masjidi Nabaviyning o‘rtasida bo‘lgan qubbaning birinchi yong‘indan omon qolganligi to‘g‘risidagi rivoyatdan boshqa rivoyatlarda uchratmadim».
Shom Mus'hafi
Ibn Kasir o‘zining «Fazoilul-Qur’on» kitobida (49-bet) «Bugungi kunda Usmon Mus'haflarining eng mashhuri Shomdagi Damashq jome’ining sharq tomonidagi xonada saqlanayotgan Mus'hafdur. U qadimda Tabariyya (Tiveriada) shahrida edi, so‘ngra taqriban 518-yilda Damashqqa olib kelingan. Men uni ravshan siyoh va chiroyli husni xat bilan teriga yozilgan katta, ulug‘ kitob ekanligini ko‘rdim. Bu tuya terisi bo‘lsa kerak, vallohu a’lam», − deb yozadi.
Mavlono Shibli Nu’moniy o‘zining «Tahzibul-axloq» kitobida shunday deydi: «Abul-Qosim Sabtiy Shom Mus'hafini 657-yilda umaviylar jome’ining xonasida ko‘rgan. Shuningdek, Ibni Abdulmalik uni 725-yilda ko‘rgan edi».
Ba’zi tadqiqotchilar bu (shomiy) Mus'haf bir qancha muddat Peterburgda Rusiya podshohlari qo‘lida bo‘lib, so‘ngra Angliyaga olib ketilgan, keyingi taqdiri nima bo‘lganini hech kim bilmaydi, degan fikrga moyillik bildiradilar. Kimki qo‘lyozma mus'haflar va ular haqida biror manba’ga ega bo‘lgan kutubxonalar to‘g‘risida chuqurroq ma’lumot olmoqchi bo‘lsalar, Shufan kitobining 10-jildiga murojaat qilsin.(Professor Subhi Solih. «Mubohasot fi ulumil-Qur’on» (Qur’on ilmlari to‘g‘risida bahslar), 103-bet.)
Basra Mus'hafi
Ibn Batutaning sayohati to‘g‘risidagi kitobda Basra shahri haqida shunday satrlar bor: «Basra shahrida Ali ibn Abu Tolib masjidi bor. Bir paytlar u shahar o‘rtasida bo‘lib, hozirda markazdan ikki mil (1 mil-750 metr) uzoqlikdadir. Unda jum’a namozlari o‘qiladi va ikki jum’a orasida yopiq bo‘ladi. Mazkur masjidda Usmon (roziyallohu anhu) tilovat chog‘ida qatl etilganlarida qonlari tomgan Mus'haf saqlanadi».
Shahobuddin Marjoniy-Qozoniy hazratlari, qiroatlar xususida tasnif qilganlarning birinchisi Abu Ubayd Qosim bin Sallom Bag‘dodiydur, ikkinchisi Ahmad bin Jubayr Kufiy, deydilar. Qiroatlar xususida har bir yurtdan bittadan imomni sanab beshtaga yetkazganlar. Bular aniqlangan Mus'haflar soniga muvofiqdur, chunki boshqa ikki Mus'haf to‘g‘risida hech qanday xabar eshitilmagan.(«Vafiyya»ning muqaddimasi, 2-bet.)
Qohiradagi Usmon Mus'hafi
Qohiradagi «Sayyiduno Husayn» masjidida ikkita qadimiy mus'haf bor. Ulardan biri sayyiduno Usmon (roziyallohu anhu) va ikkinchisi sayyiduno Ali (roziyallohu anhu)ga tegishli deb hisoblanadi. Barzanjiy aytadilar: «Qohiradagi Mus'hafda xuddi hozirgi kunda Madinai munavvarada mavjud bo‘lgan Mus'hafdagi kabi «fasayakfikahumulloh» oyatining ustida qon izlari bor. Makkadagi Mus'hafda ham shunday. Bundan kelib chiqadiki, kimdir ataylab, mazkur oyat ustiga, Bosh Mus'hafga o‘xshatish maqsadida, qon izlarini tushirgan. Vaholanki, hazrati Usmon qonlarining izi faqat bitta Mus'hafda bo‘lgan. Ehtimol, bular Ibn Jubayr rivoyatida aytilgan, hazrati Usmon har xil yurtlarga jo‘natgan Mus'haflarning ba’zilari bo‘lsa kerak».
Shuningdek, Berlin muzeyida ham bir qadimiy mus'haf bor, yana biri Turkiyada mavjud. Mag‘rib podshohlari yurishlarda hazrati Usmon Mus'haflarini qo‘shindagi birinchi tuyaga yuklab qo‘yar edilar.(«Nafxut-tiyab», 1-jild, 263 -bet.)
Ba’zi sharqshunos olimlar bir qancha tarixiy rivoyatlarni to‘plaganlarki, ularni e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi. Bu rivoyatlar qadimgi ulamolarning Mus'haflarni yoki ularning suralarini musulmon mamlakatlarda ko‘rganliklarini ta’kidlaydi. Mazkur sharqshunos olimlarning boshida professor Kazimirovni tilga olish mumkin. Ushbu rivoyatlardan biz Usmon Mus'haflaridan biri IV hijriy asrning boshlarida mavjud ekanligini bilib olamiz. («Mubohasot» 101-bet).
Shayx Ismoil Maxdumning
«Toshkentdagi Usmon Mus'hafining tarixi»nomli kitobidan
Jonajon vatanimiz O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan taraqqiyot tobora yangidan yangi bosqichlarga qadam qo‘yishda davom etmoqda. Bu, shubhasiz, jamiyat hayotining har bir jabhasida “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan o‘ziga xos bir qator islohotlarni amalga oshirishda ham o‘z ifodasini topmoqda. Mamlakatimizda turli dinlarga e’tiqod qiluvchi millat vakillari o‘rtasida o‘zaro diniy bag‘rikenglikni targ‘ib etish, millatlararo totuvlik va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan islohotlar ham shular jumlasidandir. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 21 aprel kuni e’lon qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligi huquqi kafolatlarini yanada mustahkamlash hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF 68-sonli Farmonida ham ayni shu masalalar nazarda tutilgan. Mazkur farmonda ta’kidlanishicha, jahon tamaddunida alohida o‘rin tutgan, umumbashariy taraqqiyot omili bo‘lgan ilm-fan va madaniyat rivojiga katta hissa qo‘shgan buyuk alloma va mutafakkirlarimiz qoldirgan ulkan ilmiy-ma’naviy merosini chuqur o‘rganish, yosh avlod qalbida Vatanga sadoqat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat tuyg‘ularini tarbiyalashda ulardan unumli foydalanish bu islohotlarning asosiy negizini tashkil etadi.
Farmonga asosida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita va O‘zbekiston musulmonlari idorasi hamda Buxoro viloyati hokimligining Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi muassisligida Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish takliflari ma’qullangan va uning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, unda “...buyuk ajdodimiz Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati allomalarining yuksak insonparvarlik g‘oyalarini ilmiy asosda o‘rganish, yosh avlodni bag‘rikenglik hamda o‘zaro hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida targ‘ibot ishlarini olib borish” ham qayd etib o‘tilgan. Albatta, bu vazifani bajarish nafaqat olimlar, balki bugun diniy sohada xalqqa xizmat qilayotgan barcha xodimlar zimmasiga ham ulkan mas’uliyat yuklaydi. Zero, sohaning har bir xodimi tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini teran anglashi, yurtimizda yashab, ijod qilgan ulug‘ allomalarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqqa yetkazishi, keng targ‘ib qilishi zamon talabidir.
Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqati haqida so‘z ketganda, eng avvalo, turli manbalarda bu ulug‘ alloma haqida aytilgan fikr-mulohazalarga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Ana shunday manbalardan biri, so‘zsiz, ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy bobomizning qator asarlaridir. Shoir ijodida naqshbandiylik tariqati asosiy o‘rin tutadi. Har bir asarining g‘oyaviy mazmuni, ularda ilgari surilgan tasavvufiy qarashlar bevosita uning Bahouddin Naqshband va naqshbandiylik tariqatiga katta e’tibor berganligidan darak beradi. “Lison ut-tayr” dostoni ham bundan mustasno emas.
Asarning “Xoja Bahouddin Naqshband so‘zi fanoyi komil maqomida” bobida shoir ulug‘ allomaga shunday ta’rif beradi:
Xojai oliy sifoti arjmand,
Shah Baho ul Haq vad-din Naqshband.
Chun bu iqlim uza bo‘ldi taxtgir,
Tuzdi yo‘qluk kishvari uzra sarir.
Navoiy ta’kidlashicha, Shoh Bahouddin Naqshband oliy axloqiy sifatlarga ega zotdir. Chunonchi, u zot bu iqlim taxtiga o‘tirgach, ya’ni dunyoga kelgan kunidan boshlab, o‘zini yo‘qlik taxtida ko‘rdi. Demak, Shoh Bahouddin Naqshband hazratlarining eng ulug‘ insoniy fazilatlaridan o‘zligini anglab, xudbinlikdan kechishdir. Shoir fikrini davom ettirar ekan yozadi:
O‘z vujudin pok sayri haqshunos,
Har ne birlakim qilur erdi qiyos.
Ondin o‘zni kam topar erdi base,
Sarvu guldin o‘ylakim xoru xase.
Haqshunos – Allohni tanigan alloma o‘zini nimaga qiyos qilsa, undan past ko‘rar, ya’ni oddiy xas sarv bilan gulning nazdida qanchalik ko‘rimsiz bo‘lsa, u zot ham o‘z vujudini hech qachon biror narsadan ortiq ko‘rmas va butun hayoti davomida shunday kamtarlikka amal qilib yashagan. Agar insonlar o‘z hayotlarini insonparvarlik va bag‘rikenglik asosida qursalar, dunyoda ro‘y berayotgan o‘zaro nizolar, qirg‘inbarot urushlar, o‘tkinchi mol-dunyo uchun qilinayotgan pastkashliklarga barham berilgan, insonlar bir-biri bilan tinch-totuv hayot kechirgan, ona zamin bag‘rida begunoh go‘daklarning qonlari daryo bo‘lib oqmagan bo‘lar edi. Ammo afsuski, bugun dunyoning turli mamlakatlarida bunday mislsiz fojialarning guvohi bo‘lib turibmiz.
Tasavvuf ahli orasida Bahouddin Naqshbandiy hazratlarining: “Musibatlar juda ko‘pdir. Faqat eng buyuk musibat esa vaqtning foydasiz, bekorga ketishidir”, – degan pandu nasihati mashhurdir. Shunga ko‘ra hikoyatda naqshbandiylikning yana bir tamoyili bozgashtga ham to‘xtalib o‘tiladi. Unga ko‘ra o‘zining har bir nafasini nazorat qilgan orif uning biror lahzasi, hattoki, nafas olish va chiqarishning orasidagi onlardan biri ham, g‘aflat bilan behuda o‘tgan bo‘lsa bozgasht qilishi, ya’ni g‘aflatda kechgan har bir ishini qaytadan bajarishi lozimligini ta’kidlaydi.
Zero, ahli Haq – Allohning oshiqlari shu tariqa o‘z vujudini inkor etib, shu sabab bilan budini – borligini nabud – yo‘qlikka almashtiradiki, shoir bu o‘rinda kitobxonlarni naqshbandiylikning yana bir rashhasi “vuqufi qalbiy” – “qalbdan ogoh bo‘lish”ga qaratadi. Bu rahshaga ko‘ra solik hamisha o‘z qalbidan ogoh bo‘lishi, unda kechayotgan har bir o‘y-fikrlarni tartibga solib, hatto xayolan bo‘lsa-da, kibru havoga, manmanlikka yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Alisher Navoiy Bahouddin Naqshband hazratlari umrlarining oxirigacha o‘zlarida mujassam bo‘lgan fazilatlarni tark etmaganligi va shu tariqa fano bo‘lganliklarini aytib, shunday yakunlaydi:
Bo‘yla oshom ettilar jomi fano,
Qolmog‘ondin so‘ng asar o‘zdin yano.
Haq vujudidin baqoye topmayin,
Jomi vahdatda liqoye topmayin,
Chun fano xayliga doxil bo‘ldilar,
Boqiyi mutlaqqa vosil bo‘ldilar.
Shoir ta’kidlashicha, Bahouddin Naqshband hazratlari o‘zligidan, ya’ni “men”likning kibru havolaridan kechgan holatda vafot etdilar. U kishining nazarida Haq vujudidan boshqa boqiy bo‘lmadi, o‘zining Haq nazdida hechligini anglab yetdi va fano xayli – ahliga qo‘shilib, boqiyi mutlaq – Alloh visoliga erishdi.
Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostonidan olingan hikoyatlar garchi hajman kichik bo‘lsa ham, Bahouddin Naqshband hazratlari ta’limotining eng asosiy tamoyillarini o‘zida aks ettirganligi bilan qadrlidir. O‘ylaymizki, mushtariylar bu asar tahlilini Prezidentimiz farmonlarida aytilgan “tasavvuf ta’limoti tarixi va uning bugungi kundagi ahamiyatini ilmiy tadqiq etish, “Yetti pir” allomalari va aziz avliyolarning boy ilmiy-ma’naviy merosini xalqaro maydonda keng targ‘ib qilish” yo‘lidagi arzimas urinishlarimizdan biri sifatida qabul qiladilar va yo‘l qo‘ygan nuqson-xatolarimizni kechiradilar. Albatta, umid qilamizki, bu borada yanada teranroq qarashlar bilan boyitilgan maqolalar bilan bizni xursand etadilar.
Alisher domla Naimov,
Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari